Logo

«Suyunchi puli»: tug‘ilishlar qisqarayotgan paytda uni barcha farzandlarga to‘liq tiklash vaqti kelmadimi?

Bugun 19:557 daqiqa

2024 yil apreldan ikkinchi va undan keyingi farzandlar uchun «suyunchi puli» cheklandi. Tug‘ilishlar esa 11 chorakdan beri kamaymoqda. Vaqt.uz to‘lov nega qisqartirilgani, tejalgan mablag‘lar taqdiri va uni 2027 yilda to‘liq tiklash rejasi bor-yo‘qligi bo‘yicha Ijtimoiy himoya milliy agentligidan rasmiy izoh oldi.

«Suyunchi puli»: tug‘ilishlar qisqarayotgan paytda uni barcha farzandlarga to‘liq tiklash vaqti kelmadimi?

Yildan yilga tug‘ilishlar kamaymoqda. Shu paytda davlat ikki va undan keyingi farzandlar uchun beriladigan «suyunchi puli»ni cheklab qo‘ydi. Oradan ikki yildan ortiq vaqt o‘tdi, ammo demografik vaziyat yaxshilangani yo‘q — aksincha, tug‘ilishlar pasayishi so‘nggi choraklarda yanada tezlashdi.

Xo‘sh, bolalar kamayib, demografik vaziyat yomonlashayotgan bo‘lsa, nega oilalarga beriladigan yordamni qisqartirishda davom etish kerak? Balki «suyunchi puli»ni barcha farzandlarga qaytarish vaqti kelgandir?

Vaqt.uz tug‘ilishlar dinamikasi, budjetdan «suyunchi puli» uchun ajratilgan mablag‘lar va uning qamrovi o‘zgarishini o‘rgandi. Shuningdek, to‘lov cheklanishining sabablari va kelgusidagi rejalarga aniqlik kiritish uchun Ijtimoiy himoya milliy agentligidan rasmiy izoh oldi.

Qachon cheklov qo‘yildi?

2024-yil 1-apreldan «suyunchi puli» faqat birinchi farzand tug‘ilganda beriladigan bo‘ldi. Ikkinchi farzand uchun esa nafaqa faqat Ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan oilalarga to‘lanadi. Qolgan oilalar uchun esa bu to‘lov bekor qilindi.

Ma’lumot uchun, birinchi farzand uchun beriladigan «suyunchi puli» mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 70,3 foiziga teng. Hozir bu 893 ming so‘mni tashkil etadi, 1-sentabrdan esa 956 ming so‘mga yetadi.

Qaror qabul qilingan paytda hukumat nega aynan shunday yo‘l tutganini jamoatchilikka ochiq tushuntirmadi. Qancha mablag‘ tejalishi va tejalgan pul qayerga yo‘naltirilishi haqidagi savollar ham javobsiz qoldi.

Tug‘ilishlar pasayishi tezlashmoqda

Tug‘ilishlar sonining qisqarishi ketma-ket 11 chorakdan beri davom etmoqda. 2026-yilning birinchi yarmida 373,4 mingta tug‘ilish qayd etildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,9 foizga kam.

Yil boshida pasayish nisbatan kichikroq edi. Yanvar-mart oylarida tug‘ilishlar 3,5 foizga qisqargan bo‘lsa, aprel-iyun oylarida bu ko‘rsatkich 12,1 foizga yetdi. Ikkinchi chorakda 182,3 mingta tug‘ilish qayd etilgan.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, bu qisqarish tug‘ilishlar qisqarishi boshlangandan buyon eng yirik choraklik pasayish hisoblanadi.

1

Manba: Mirkonomika

Pasayishni faqat umumiy statistikada emas, hududlar kesimida ham ko‘rish mumkin.

Xolboyevning tahliliga ko‘ra, ikkinchi chorakda 198 ta tuman va shaharda tug‘ilishlar kamaygan. Atigi 8 ta hududda o‘sish qayd etilgan. O‘tgan yilning shu davrida esa tug‘ilishlar 76 ta tuman va shaharda oshgan edi.

Demak, bir yil ichida tug‘ilish o‘sishi qayd etilgan hududlar soni 9,5 baravarga kamaygan.

2

Manba: Mirkonomika

Umuman olganda, tug‘ilishlar ketma-ket uch yilga yaqin vaqt davomida kamayib bormoqda va so‘nggi choraklarda jarayon tezlashgan.

Tug‘ilish kamaymoqda, «suyunchi puli» ham

Tug‘ilishlar kamaygani sari «suyunchi puli» oluvchilar sonining qisqarishi tabiiy. Lekin bu yerda yana bir jarayon bor: davlatning o‘zi ham ushbu to‘lovning qamrovini qisqartirgan.

2024-yilda «suyunchi puli» uchun aholiga jami 382,4 mlrd so‘m, 2025-yilda esa 275,1 mlrd so‘m ajratilgan edi. 2026-yilda bu mablag‘ yana qisqartirilib, 229,8 mlrd so‘m etib belgilangan.

Oluvchilar soni bo‘yicha farq bundan ham yaqqolroq ko‘rinadi. 2025–2027-yillarga mo‘ljallangan Budjetnomada 2025-yilda 372 ming 624 nafar, 2026-yilda 380 ming 76 nafar, 2027-yilda esa 383 ming 876 nafar oluvchi bo‘lishi rejalashtirilgan edi.

Biroq 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan yangi budjetda 2026-yil uchun bu raqam 247 ming 463 nafargacha tushirilgan.

Ya’ni, avval 2026-yilda 380 mingdan ortiq kishiga «suyunchi puli» berish rejalashtirilgan bo‘lsa, yangi hisob-kitobda 247 ming nafarga yaqin oluvchi ko‘zda tutilmoqda.

«Suyunchi puli» nega kerak?

«Suyunchi puli»ni qaytarishning o‘zi tug‘ilishlarni birdaniga ko‘paytirib yubormaydi. Farzand ko‘rish haqida qaror qilayotgan oila bir martalik to‘lovdan ko‘ra kattaroq narsalarni o‘ylaydi: uy-joy, daromad, ish, bog‘cha, tibbiyot, bolaning xarajatlari.

Lekin shuning o‘zi bilan masala yopilmaydi. Chunki tug‘ilishlar kamayib borayotgan bo‘lsa, davlatning bunga javobgarligi bo‘lishi kerak.

Iqtisodchi Otabek Bakirov «suyunchi puli»ni oddiy nafaqa sifatida ko‘rmaslik kerakligini aytadi.

«Qisqarishni boshlagan tug‘ilishni to‘xtatish albatta qiyin, keyin arzimagan suyunchi puli tugul katta pul berib ham to‘xtatib bo‘lmaydi. Lekin suyunchi pulining mohiyati — O‘zbekiston dunyoga kelgan bolalarni birinchi, ikkinchi va uchinchi deb ajratmasligida edi», — deb yozadi u.

Jamoatchilik faoli Laziz Hamidov esa hukumatning o‘ziga savol qo‘yadi. Uning fikricha, amaldagi siyosatga qarab, go‘yo davlatning o‘zi ham aholi ko‘payishidan unchalik manfaatdor emasdek taassurot paydo bo‘ladi.

«Lekin, negadir menga doim hukumatning o‘zi tug‘ilishlar ko‘payishiga qarshidek, aholi o‘sishini muammo sifatida ko‘radigandek tuyulaveradi. Suyunchi puli faqat birinchi farzand uchun beriladi. Bola puli esa shunchalik qat’iy mezonlar asosida ajratiladiki, amalda oilalarning katta qismi undan foydalana olmaydi.

Albatta, tug‘ilishning kamayishini faqat shu omillar bilan izohlab bo‘lmaydi. Bunga farzand ko‘rish yoshidagi aholi ulushining kamayishi, urbanizatsiya, nikoh yoshining kechikishi va boshqa omillar ham ta’sir qilayotgandir. Lekin hukumat tomonidan tug‘ilishlarni rag‘batlantirishga qaratilgan aniq va sezilarli amaliy choralar ham deyarli yo‘q, nazarimda», — deya yozgan o‘z blogida Hamidov.

Umuman olganda, O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida e’lon qilingandan keyin bunday ijtimoiy qiymati baland bo‘lgan nafaqaning kesilishi tushunarsiz holat. Qolaversa, ijtimoiy to‘lovlar qisqartirilib, uning ortidan amaldorlar xarajatlarining keskin ortishi — xalqdan yulib, amaldorlarga berishdan boshqa narsa emas.

Tejalgan mablag‘ miqdori ochiqlanmadi

Vaqt.uz Ijtimoiy himoya milliy agentligiga «suyunchi puli» bo‘yicha bir nechta savollar bilan murojaat qildi. Xususan, 2024-yildan ikkinchi va undan keyingi farzandlar uchun to‘lovning cheklanishi natijasida qancha mablag‘ tejalgani, bu pul qayerga yo‘naltirilgani va 2027-yilgi budjetda «suyunchi puli»ni qayta tiklash masalasi ko‘rib chiqilayotgan-chiqilmayotgani so‘raldi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Vaqt.uz’ga tejalgan mablag‘ miqdori bo‘yicha aniq summa keltirmadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ham masala tizim agentligi vakolatiga kirishini bildirgan, biroq tejalgan mablag‘ bo‘yicha raqam taqdim etmagan.

Tejalgan mablag‘larning aynan qaysi yo‘nalish yoki dasturga o‘tkazilgani haqidagi savolga ham aniq javob berilmadi. Agentlik javobida ijtimoiy yordamni manzillashtirish, budjet ustuvorliklari va ijtimoiy sug‘urta tizimini rivojlantirish haqida umumiy tushuntirishlar berilgan. Ammo qancha mablag‘ tejalgani va o‘sha pulning qaysi dasturga qancha miqdorda yo‘naltirilgani ko‘rsatilmagan.

Rasmiy munosabatda tug‘ilishlar kamayishi faqat O‘zbekistonga xos emasligi qayd etilgan. Bunga urbanizatsiya, ayollarning ta’lim va mehnat bozoridagi ishtirokining oshishi, nikoh yoshining kechikishi, yashash xarajatlarining o‘sishi hamda uy-joy va bola parvarishi bilan bog‘liq iqtisodiy bosimlar ta’sir qilayotgani aytilgan.

Shuningdek, Janubiy Koreya va Yaponiya tajribasi keltirilgan. Agentlikning yozishicha, bu davlatlarda katta miqdordagi bir martalik va doimiy to‘lovlar joriy qilingan bo‘lsa-da, «tug‘ilishni barqaror oshirishga erishilmadi».

Aksincha, Fransiya va Shvetsiya tajribasi misolida bolalar bog‘chalari, ota-onalik ta’tili, soliq imtiyozlari hamda ish va oila hayoti o‘rtasidagi muvozanat kabi uzoq muddatli choralar samaraliroq ekani ta’kidlangan.

Shundan kelib chiqib, agentlik bir martalik «suyunchi puli»ni demografik siyosatning asosiy vositasi deb hisoblamayapti. Rasmiy munosabatda bu to‘lov «ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning ramziy shakli bo‘lishi mumkin, ammo demografik qarorlarga ta’siri cheklangan» deya baholangan.

Agentlikning umumiy pozitsiyasi shundan iboratki, ijtimoiy himoya tizimi universal to‘lovlardan ko‘ra ehtiyojmand oilalarga yo‘naltirilgan manzilli yordamga o‘tishi kerak. 

«Ijtimoiy himoyaning samaradorligi mablag‘larni ommaviy ravishda tarqatishda emas, balki resurslarni ehtiyojmand qatlamlarga aniq yo‘naltirish, adolatli taqsimlash va har bir inson uchun ishonchli ijtimoiy kafolatlar yaratishda namoyon bo‘ladi», — deb Vaqt.uz’ga yozmoqda. 

Agentlikka ko‘ra, aynan shu yondashuv davlatning ijtimoiy mas’uliyati va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan siyosatining uzoq muddatli natija berishiga xizmat qiladi.

2027-yilda «suyunchi puli» qaytariladimi?

Agentlik Vaqt.uz’ga 2027-yilda «suyunchi puli»ni to‘liq tiklash tashabbusi hozircha ilgari surilmayotganini bildirgan. Buning sababi sifatida ijtimoiy yordamni manzillashtirish siyosati, budjet ustuvorliklari va ijtimoiy sug‘urta mexanizmlarini bosqichma-bosqich rivojlantirish ko‘rsatilgan.

Ya’ni, hozirgi siyosat barcha oilalarga bir xil to‘lov berishdan ko‘ra, daromadi past va yordamga muhtoj oilalarni aniqlab, mablag‘ni shu qatlamga yo‘naltirishga asoslangan.

Agentlikning fikricha, davlatning maqsadi tug‘ilishni «sun’iy ravishda rag‘batlantirish» emas, balki oilalar uchun barqaror iqtisodiy sharoit yaratish, ishlayotgan ayollar huquqlarini himoya qilish, kam ta’minlangan oilalarni manzilli qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirishdan iborat.

Shunday qilib, agentlik «suyunchi puli»ni to‘liq qaytarish hozircha rejalashtirilmayotganini bildirdi. Ammo to‘lovni qisqartirish natijasida qancha mablag‘ tejalgani va bu mablag‘ning aynan qayerga yo‘naltirilgani haqidagi savollar ochiq qoldi.

«Ijtimoiy davlat» tamoyili, avvalo, odamlar yordamga eng ko‘p muhtoj bo‘lgan paytda sinaladi. Tug‘ilishlar kamayib, demografik vaziyat tobora murakkablashayotgan bir sharoitda oilalarni qo‘llab-quvvatlash choralarini qisqartirish esa bu tamoyilga nisbatan savollarni kuchaytiradi. Ayniqsa, tejalgan mablag‘lar miqdori va ularning qayerga yo‘naltirilgani ochiq aytilmasa, davlat siyosatining maqsadi va samaradorligiga ishonch susayadi.

Budjetni tejash muhim, biroq bu ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni qisqartirish yoki oilalar manfaatini ikkinchi o‘ringa surish hisobiga bo‘lmasligi kerak. Aks holda, «ijtimoiy davlat» tamoyili amaliy siyosatdan ko‘ra navbatdagi chiroyli shior bo‘lib qolaveradi. 

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 184

Barchasi

Mavzuga oid