
2025 yilda sog‘liqni saqlash sohasida nimalarga erishildi?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2025 yilda insoniyat salomatligi yo‘lida erishilgan eng muhim yutuqlarni sarhisob qildi.

2025 yil jahon tibbiyoti uchun muhim burilish nuqtasi sifatida baholanmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilgan hisobotda global miqyosda aholi salomatligini yaxshilashga qaratilgan eng muhim beshta yutuqni alohida ta’kidladi. Ushbu natijalar xalqaro hamkorlik, ilmiy taraqqiyot va profilaktikaga qaratilgan siyosatning samarasini namoyon qildi.
Eng avvalo, tuberkulyozga qarshi kurashda sezilarli ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgan. So‘nggi o‘n yil davomida sil kasalligidan o‘lim ko‘rsatkichlari keskin kamaygan. Afrika mintaqasida bu ko‘rsatkich 46 foizga, Yevropa davlatlarida esa 49 foizga pasaygani qayd etilgan. Mutaxassislar bu natijani erta tashxis, davolash imkoniyatlarining yaxshilanishi hamda xavf omillariga qarshi kompleks choralar bilan izohlamoqda.
JSST bunday yutuqlar badavom bo‘lishi uchun OITS, qandli diabet, chekish va to‘yib ovqatlanmaslik kabi xavf omillariga qarshi chora-tadbirlarni kuchaytirish zarur, degan xulosada.
Qizamiqqa qarshi ommaviy emlash dasturlari ham millionlab insonlar hayotini saqlab qolgani aytilgan. Ommaviy emlash tadbirlari natijasida o‘tgan yili qizamiqdan o‘lim ko‘rsatkichi 2000 yil boshiga nisbatan qariyb 90 foizga kamaygan. Shunga qaramay, ayrim mamlakatlarda bu borada sustkashlik kuzatilmoqda. Bir yil avval dunyo bo‘ylab taxminan 11 million kishiga qizamiq tashxisi qo‘yilgan.
Ayrim mamlakatlarda xavfli infeksiyalar to‘liq bartaraf etilgan. Maldiv orollari dunyoda ilk bor OITS, sifilis va gepatit V ning onadan bolaga yuqishini to‘liq to‘xtatgan davlat sifatida e’tirof etilgan. Burundi, Misr va Fiji traxoma xastaligi, Gvineya hamda Keniya uyqu kasalligi, Nigeriya esa onxotserkozga butunlay barham berishga erishgan.
Bezgakka qarshi kurashda ham yangi bosqich boshlangan. 2025 yilda Gruziya, Surinam va Timor-Leshti “bezgakdan xoli davlatlar” sifatida tan olindi. Afrikaning yana 7 ta mamlakatida bu kasallikka qarshi emlash joriy etilgan. Hozir bezgakka qarshi vaksinalar dunyoning 24 davlatida qo‘llanilmoqda. Bunday chora-tadbirlar tufayli sayyoramiz bo‘yicha taxminan 170 millionta kasallanish va 1 millionga yaqin o‘lim holatlarining oldi olingan.
Shuningdek, dunyo bo‘ylab meningit, poliomiyelit, pnevmokokk va rotavirus infeksiyalari, shuningdek, bachadon bo‘yni saratonining asosiy sababi bo‘lgan inson papilloma virusi (OPV)ga qarshi emlash qamrovi kengaymoqda. O‘tgan yili 86 million nafar qiz OPVga qarshi vaksina olgan. Emlash va skrining tekshiruvlari kuchaytirilishi natijasida Braziliya, Xitoy, Indoneziya, Nigeriya, Pokiston va Ruanda bachadon bo‘yni saratonini to‘liq bartaraf etish arafasida turibdi.
Shu bilan birga, 2025 yil ilm-fan va texnologiyalar taraqqiyoti bilan ham esda qoldi. Gen injeneriyasi, sun’iy intellekt va «big data» tibbiyot amaliyotiga chuqur kirib bordi. Diabet uchun ishlab chiqilgan ayrim in’eksiyalar saraton xavfini deyarli 40 foizga kamaytirishi aniqlandi. Yangi avlod DNK tahrirlash usullari genetik kasalliklarni xavfsizroq davolash imkonini bermoqda.
Sun’iy intellekt tibbiy diagnostikada «ikkinchi fikr» sifatida qo‘llanilib, qaror qabul qilish tezligi va aniqligini oshirdi. Shuningdek, dorilarni bevosita kasallik o‘chog‘iga yetkazish, bioelektrik interfeyslar orqali davolash kabi innovatsion yondashuvlar klinik amaliyotga yaqinlashdi.
Mutaxassislar bu yutuqlarni jahon sog‘liqni saqlash tizimi uchun uzoq muddatli ijobiy o‘zgarishlar deb baholamoqda.





