Shavkat Mirziyoyev Moskvada Vladimir Putin bilan uchrashdi

Davlat rahbarlari bir-birini G‘alabaning 81 yilligi bilan qutladi, O‘zbekiston va Rossiya orasidagi munosabatlar hamda xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashdi.

Shavkat Mirziyoyev Moskvada Vladimir Putin bilan uchrashdi

Kecha, 8-may kuni Moskva shahridagi tadbirlar doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda ikki davlat rahbarlarining matbuot xizmatlari xabar berdi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari G‘alabaning 81 yilligi munosabati bilan bir-birini samimiy qutladi.
O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini avvalgi oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

«Biz yaxshi tushunamizki, bugungi sharoitda, hozirgi kundagi uchrashuvlarimiz, hatto bayram tadbirlari munosabati bilan bo‘lsa ham, alohida munosabatlarning ifodasi va belgisidir. Bu shunchaki do‘stlik emas – men buni birodarona hamkorlik deb atagan bo‘lardim.

Shavkat Mirziyoyev tashqi signallar va tahdidlarga qaramay, baribir bu yerga kelgani va ertaga biz hamda mening hamkasblarim bilan birga Qizil maydondagi harbiy paradda ishtirok etishi – alohida ramziy ahamiyatga ega. Biz buni juda yaxshi anglaymiz va do‘stlik hamda umumiy bayram tadbirlarimizga bo‘lgan e’tibor belgisi uchun sizdan minnatdormiz», – dedi Putin.

Shuningdek, suhbatda o‘zaro savdo hajmi barqaror oshib borayotgani, sanoat, energetika, metallurgiya va boshqa tarmoqlarda loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish va ustuvor tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini jadallashtirishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish, shuningdek, hududlar darajasida faol aloqalarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Faol madaniy-gumanitar almashinuvni yanada ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.

«Bugun O‘zbekistonda barcha tadbirlar juda yaxshi o‘tkazilmoqda. Aytmoqchimanki, ko‘pchilik bilan suhbatlashdim, gospitalga ham bordim. Moskvaga ketayotganimni aytdim. Ular: «Vladimir Putinga bizdan salom yetkazasizmi?» deb so‘rashdi. Buni juda mamnuniyat bilan aytishdi.

Shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarimiz haqiqatdan ham juda jadal rivojlanmoqda. Biz siz bilan telefonda gaplashgan edik. Innoprom eng yuqori darajada o‘tdi. Umuman olganda, dinamikamiz yomon emas. O‘tgan yilga nisbatan birinchi chorakda tovar ayirboshlash hajmi 33 foizga oshdi – bu yaxshi ko‘rsatkich», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Teglar

Mavzuga oid

Shavkat Mirziyoyev Moskvada Vladimir Putin bilan uchrashdi | Vaqt.uz