Apple, Google va Meta uch oyda O‘zbekistonga qancha soliq to‘ladi?
2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi xorijiy IT-kompaniyalar to‘lagan soliqlar o‘tgan yilga nisbatan 81 foizga o‘sib, 65,7 mlrd so‘m yetdi.

2026 yilning dastlabki uch oyida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 89 ta xorijiy elektron xizmat provayderi tomonidan jami 65,7 mlrd so‘m soliq to‘langani ma’lum qilindi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur summa 2025 yilning shu davriga nisbatan 81 foizga oshgan. Soliq tushumlarining asosiy qismi — 91,85 foizi — elektron xizmat ko‘rsatuvchi yirik xalqaro kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Eng katta ulushni Apple egallab, 16,1 mlrd so‘m soliq to‘ladi. Undan keyin Google 14,9 mlrd so‘m bilan ikkinchi o‘rinni oldi. Uchinchi o‘rinda esa Meta bo‘lib, 13,9 mlrd so‘m soliq to‘lagan.
Shuningdek, boshqa yirik ishtirokchilar orasida Valve Corporation (8 mlrd so‘m), OpenAI (2,5 mlrd so‘m) va Anthropic (1,5 mlrd so‘m) ham mavjud.
Qolgan kompaniyalar ham soliq tushumlariga hissa qo‘shgan. Jumladan, Midasbuy 1,3 mlrd so‘m, TikTok 868,3 mln so‘m, Booking.com 694,7 mln so‘m va Netflix 570,4 mln so‘m soliq to‘lagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2020 yil mart oyidan boshlab xorijiy elektron tijorat kompaniyalari uchun QQS to‘lash tartibi joriy etilgan. Unga ko‘ra, ular jismoniy shaxslarga ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tadi.
2025 yildan boshlab mazkur reyestr yanada kengaydi. Unga Alibaba Cloud, eBay, OpenAI, Bloomberg, Coursera, Canva va boshqa bir qator kompaniyalar qo‘shildi. Shu bilan birga, ayrim kompaniyalar hisobdan chiqarilib, yangilari qo‘shilishi orqali tizim doimiy ravishda yangilanib bormoqda.





