Eskrou bitimlarining asosiy qismi avtomobil savdosiga to‘g‘ri kelmoqda
O‘zbekistonda eskrou hisobvaraqlari orqali tuzilayotgan bitimlar soni jadal o‘smoqda. Bir oydan ko‘proq vaqt ichida 40 mingdan ziyod shartnoma rasmiylashtirilgan.
© Getty ImagеsO‘zbekistonda eskrou hisobvaraqlari orqali ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdisi bo‘yicha bitimlar faolligi yuqori darajaga chiqdi. 1-apreldan 7-maygacha bo‘lgan davrda ushbu tizim orqali 40 mingdan ortiq shartnoma rasmiylashtirilgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, hisobot davrida jami 40 767 ta bitim qayd etilgan. Shundan 23 804 tasi transport vositalari, 16 963 tasi esa ko‘chmas mulk oldi-sotdisi hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Toshkent yetakchi
Hududlar kesimida eng yuqori faollik Toshkent shahrida kuzatilgan. Poytaxtda eskrou orqali 11 679 ta bitim amalga oshirilgan. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati — 3 940 ta va Samarqand viloyati — 3 614 ta bitim bilan qayd etilgan.
Boshqa hududlarda ham sezilarli faollik kuzatildi. Jumladan, Toshkent viloyatida 2 683 ta, Buxoro viloyatida 2 178 ta, Qashqadaryo viloyatida 2 134 ta va Xorazm viloyatida 1 927 ta shartnoma rasmiylashtirilgan. Qoraqalpog‘istonda 1 714 ta, Surxondaryo viloyatida 1 746 ta va Navoiy viloyatida 1 177 ta bitim qayd etilgan.
«Eskrou mexanizmi oldi-sotdi jarayonlarida hisob-kitoblarning xavfsizligi, shaffofligi va ishonchliligini ta’minlashga xizmat qilmoqda», — deyiladi xabarda.





