
669 ming so‘mlik chegara: kambag‘allikni o‘lchashdagi xiralashgan manzara
Rasmiy statistikada kambag‘allik pasayib borayotgani qayd etilsa-da, minimal iste’mol xarajatlarining amaldagi darajasi real yashash xarajatlari bilan sezilarli tafovut yuzaga keltirmoqda.

O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari har yili 20-yanvarga qadar yangilanib e’lon qilinishi kerak. Biroq bu talab ketma-ket ikkinchi yil kechikmoqda. 2024 yilda ham, 2025 yilda ham mazkur ko‘rsatkich belgilangan muddatda e’lon qilinmadi.
Ma’lumot uchun, 2025 yilda minimal iste’mol xarajatlari kishi boshiga 669 ming so‘m (+3 foiz) etib belgilangan. 2024 yilda esa kambag‘allik chegarasi ikki marta oshirildi. Dastlab yil boshida bu miqdor 568 ming so‘mdan 621 ming so‘mgacha oshirilgan bo‘lsa, 1-maydan gaz va elektr energiyasi tariflari oshishi fonida u yana 4,3 foizga — oyiga 648 ming so‘mgacha ko‘tarildi. Yillik hisobda ko‘rsatkich 7,7 foizga o‘sdi.
Bu masala «Avval iqtisod…» dasturida muhokama qilinar ekan, iqtisodchi Otabek Bakirov minimal iste’mol xarajatlari nafaqat statistik raqam, balki kambag‘allikni o‘lchaydigan pullik miqdor ekanini ta’kidladi. Hozirda bu ko‘rsatkich jon boshiga 669 ming so‘m etib belgilangan. Amalda esa bu shunday ma’noni anglatadiki, agar bir kishining oylik daromadi 670 ming so‘mdan past bo‘lmasa, u kambag‘al hisoblanmaydi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda kambag‘allik darajasi 5,8 foizgacha tushgan, kelgusi yil oxiriga borib esa 4,5 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda. Biroq masalaga chuqurroq qaralsa, savol tug‘iladi: kambag‘allik haqiqatan kamayyaptimi yoki o‘lchovning o‘zi past darajada ushlab turilyaptimi?
Solishtirish uchun, Qirg‘izistonda kambag‘allik chegarasi iste’mol savatchasi asosida hisoblanadi va u bizning hisobda taxminan 1,2 million so‘mga teng. Ya’ni, daromadi shu miqdordan past bo‘lganlar kambag‘al deb e’tirof etiladi. O‘zbekistonda esa bu chegara deyarli ikki barobar past.
Yana bir muhim jihat — kambag‘allik o‘lchovi butun respublika bo‘yicha bir xil belgilangan. Bakirovning fikricha, Toshkent shahri bilan Bo‘zatov, Shumanay yoki Sheroboddagi yashash sharoiti, narxlar va daromadlar darajasi keskin farq qiladi. Davlat rahbari ham selektor yig‘ilishida «Olmazorni Bo‘zatov bilan solishtirib bo‘lmaydi», deya ta’kidladi. Shuning uchun yagona o‘lchov real manzarani aks ettira olmaydi.
Iqtisodchiga ko‘ra, agar kambag‘allik pul orqali o‘lchanadigan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich kamida inflatsiya darajasidan yuqori sur’atda indeksatsiya qilinishi lozim. Aksincha, so‘nggi yillarda minimal iste’mol xarajatlari inflatsiyadan past darajada oshirib kelinmoqda. Bu esa kambag‘allik chegarasini sun’iy ravishda pastga tushiradi.
Shuningdek, minimal iste’mol xarajatlari tarkibida ayrim muhim majburiy xarajatlar hisobga olinmagan. Masalan, yer va mol-mulk soliqlari so‘nggi yillarda 25–30 foizga indeksatsiya qilingan bo‘lsa-da, soliq xarajatlari kambag‘allik o‘lchoviga kiritilmagan.
Eng muhimi, kambag‘allik faqat daromad bilan o‘lchanmasligi kerak. Gazlashmagan xonodonlar qish faslida ko‘mir va o‘tin uchun katta mablag‘ sarflaydi. Bozor narxlarida bir tonna sifatli ko‘mir 1,5–2 million so‘m atrofida. Ichimlik suvi masalasida ham katta tafovutlar mavjud: ayrim hududlarda aholi suvning bir tonnasini 15 ming so‘mdan sotib olishga majbur.
Shu bois, iqtisodchi kambag‘allikni ko‘p o‘lchovli tizim asosida baholashga o‘tish zarurligini qayd etadi. Energiya ta’minoti, suv imkoniyati, iqlim omillari va majburiy to‘lovlar kabi ko‘rsatkichlar pul o‘lchoviga qo‘shimcha tarzda inobatga olinishi lozim.
Faqat shunda kambag‘allikning haqiqiy qiyofasi ochiladi, statistik «bo‘yalgan manzara» emas, real holat ko‘rinadi. Bu esa qarorlarni ham aniqroq va samaraliroq qabul qilish imkonini beradi.





