SSP raisi Davron Vahobov yana bir vazifaga tayinlandi

Bugun 16:112 daqiqa

U 2022-yildan beri Savdo-sanoat palatasi raisi lavozimida ishlab kelmoqda. Yanga lavozimda u jamoatchilik asosida ish boshqaradi.

SSP raisi Davron Vahobov yana bir vazifaga tayinlandi

2022-yilning martidan beri Savdo-sanoat palatasi raisi sifatida ishlab kelayotgan Davron Vahobov O‘zbekiston Ish beruvchilari konfederatsiyasi boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston milliy axborot agentligi xabar berdi.

Bildirilishicha, O‘zbekiston Ish beruvchilari konfederatsiyasi ta’sischilarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishda Konfederatsiya raisini saylash, uning faoliyatini takomillashtirish, hududiy vakillik tizimini joriy etish hamda boshqa tashkiliy masalalar ko‘rib chiqilgan.

Ta’sischilar qaroriga muvofiq, O‘zbekiston ish beruvchilari konfederatsiyasi raisi lavozimiga jamoatchilik asosida Davron Vahobov tayinlangan.

SSP matbuot xizmatining Vaqt.uzʼga ma’lum qilishicha, Davron Vahobov Savdo sanoat palatasi raisi sifatidagi ishini ham davom ettiradi.

Davron Vahobov kim?

Davron Vahobov 1981-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 2001-yilda Toshkent kimyo-texnologiya instituti bakalavriatini va 2003-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining magistraturasini tamomlagan. 2007-yilda esa Toshkent davlat yuridik universitetini sirtqi ta’lim bo‘yicha tugatgan.

U Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, «Oqsaroy textile» MCHJ tizimidagi qator vazifalarda ishlagan. Davron Vahobov «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ham faoliyat yuritgan. 

O‘zbekiston Ish beruvchilari konfederatsiyasi qanday tashkilot?

2018-yil dekabrda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, «O‘zeltexsanoat» AK, «O‘zto‘qimachiliksanoat» va «O‘zcharmsanoat» assotsiatsiyalari tashabbusi bilan ish beruvchilarning qonuniy manfaatlari va huquqlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston ish beruvchilari Konfederatsiyasi tashkil etilgan. 

O‘zbekiston ish beruvchilar Konfederatsiyasining asosiy vazifalari O‘zbekiston ish beruvchilarining manfaatlarini va qonuniy huquqlarini himoya qilish tizimini tashkil etish va takomillashtirish, shuningdek, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ish beruvchilarning yuksak ijtimoiy va huquqiy maqomini oshirishga ko‘maklashish orqali mamlakatda ishbilarmonlik faolligini oshirishdan iborat bo‘ladi.

O‘zbekiston ish beruvchilar Konfederatsiyasining faoliyatini moliyalashtirish Konfederatsiya a’zolarining ixtiyoriy a’zolik badallari va pullik xizmatlar ko‘rsatishdan olinadigan daromadlar hamda qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi. Ish beruvchilar Konfederatsiyasi Halqaro mehnat tashkiloti, Halqaro ish beruvchilar tashkiloti, qolaversa O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Kasaba uyushmalari Federatsiyalari va boshqa tashkilotlar bilan ijtimoiy-mehnat munosabatlarida ish beruvchilar manfaatida hamkorlik qiladi.

Teglar

Mavzuga oid