Rossiyada migrantlar uchun to‘lovlar keskin oshiriladi

Bugun 13:552 daqiqa

Rossiyada migrantlar uchun fuqarolik, viza va yashash ruxsatnomasi to‘lovlari keskin oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Rossiyada migrantlar uchun to‘lovlar keskin oshiriladi © RIA Novosti

Rossiya hukumati xorijiy fuqarolar uchun davlat bojlarini oshirish bo‘yicha qonun loyihasini ma’qulladi.

Rossiya Moliya vazirligi tashabbusi bilan kiritilgan takliflarga ko‘ra, fuqarolikni olish yoki undan chiqish to‘lovi 4 200 rubldan 50 000 rublgacha oshiriladi. Shuningdek, mamlakatga kirish uchun taklifnoma rasmiylashtirish 960 rubldan 8 000 rublgacha qimmatlashishi kutilmoqda.

Vizalar narxi

Vizalar ham qimmatlashadi: oddiy vizalar 2 000 rublgacha, ko‘p martalik vizalar esa 6 000 rublgacha oshiriladi. Vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma 15 000 rublgacha, doimiy yashash guvohnomasi esa 30 000 rublgacha yetishi mumkin. Talabalar uchun yashash ruxsatnomasi 8 000 rubl qilib belgilanishi rejalashtirilgan.

photo_2026-04-28_15-25-52

Bundan tashqari, xorijiy ishchilarni jalb qilish uchun to‘lov 15 000 rublgacha oshiriladi. Yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan hujjatlarni qayta rasmiylashtirish uchun 5 000 rubl miqdorida jarima joriy etish taklif qilinmoqda.

Qonun loyihasidan maqsad

Rasmiylarga ko‘ra, ushbu choralar ichki ishlar organlarining tekshiruvlar o‘tkazish va ma’lumotlar bazasini yuritish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash maqsadida amalga oshirilmoqda.

Qonun loyihasi budjetga sezilarli daromad keltirishi kutilmoqda: 2026 yil 1-iyuldan yillik tushum 7,9 milliard rublni, 2027 yildan esa 15,8 milliard rublni tashkil etishi mumkin.

Ayrim toifalar uchun imtiyozlar saqlanib qoladi. Jumladan, Rossiya Qurolli Kuchlari bilan shartnoma tuzgan xorijliklar hamda sobiq SSSR fuqarolari ayrim bojlardan ozod etilishi mumkin. Bu haqda Vladimir Gruzdev ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasiga asosan harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanish 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etishga sabab bo‘ladi. Urushga odamlarni yollash, ularni o‘qitish va ulardan harbiy harakatlarda foydalanish 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga olib keladi.

Jinoyat kodeksining 154-1-moddasiga asosan, chet davlatlar harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollangan O‘zbekiston fuqarolari 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi.

Teglar

Mavzuga oid