
86 ming o‘zbekistonlik xorijda ish bilan ta’minlandi
Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston 17 davlat bilan kelishuvlar orqali 86 ming fuqarosini rasmiy ish o‘rinlariga joylashtirdi.

21 avgust kuni «Milliy tiklanish» partiyasi fraksiyasi va parlament qo‘mitasi mehnat migratsiyasi hamda fuqarolarning xorijdagi huquqlarini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Tadbirda 22 xalqaro tashkilot va diplomatlar ishtirok etdi.
Yil boshidan 129 ta yirik xorijiy kompaniya bilan shartnomalar imzolandi. Ularning asosida 211 mingdan ortiq ish o‘rni belgilandi, ayrimlari oyiga 1500 dollar va undan yuqori maosh taklif etmoqda. Rejaga ko‘ra, yil yakuniga qadar kamida 200 ming fuqaro xorijda ishga joylashishi kutilmoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yarim yillikda xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi 8,2 mlrd dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 27 foizga ko‘pdir. Shuningdek, Germaniya, Yaponiya, Koreya va Bolgariya ko‘magida to‘qqizta viloyatda xalqaro o‘quv markazlari tashkil etildi. Bu yerda 45,3 ming kishi kasb va til bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tdi.
«Xorijdaish.uz» elektron platformasi orqali migrantlarga huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda. Unda 2,5 mln ga yaqin fuqaro ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, 1,5 mln dan ortig‘i turli yordam turlaridan foydalangan.
Biroq muammolar ham saqlanmoqda. Masalan, Toshkent shahrida yil boshidan 12 ming kishi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, ularning faqat 2,2 mingtasi xorijda ishga joylashgan, bu esa yillik rejaning 18,3 foizini tashkil qiladi. Buxoro, Jizzax va Navoiy viloyatlari bo‘yicha esa aniq statistika taqdim etilmagan.
Deputatlar ayrim hududlarda migratsiya fondlari hisobidan xizmat ko‘rsatishda shaffoflik yo‘qligini, qaytib kelgan fuqarolarni qayta integratsiya qilish ishlari yetarli emasligini tanqid qildi. Shuningdek, noqonuniy bandlikka qarshi choralar ko‘rish, ayollar va yoshlar uchun maxsus dasturlar joriy etish zarurligi qayd etildi.





