add

NATO rahbari Putinning yadroviy tahdidlari ustidan kuldi

Bugun 10:284381

Mark Ryutte Putinning so‘nggi yadroviy bayonotlarini jiddiy qabul qilmasligini aytib, uning chiqishlariga e’tibor qaratmasligini ochiq bildirdi.

NATO rahbari Putinning yadroviy tahdidlari ustidan kuldi

NATOning yangi bosh kotibi Mark Ryutte Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yadroviy tahdidlariga munosabat bildirib, u haqda jiddiy o‘ylamasligini ochiq aytdi. Bu haqda Rumuniyada bo‘lib o‘tgan uchrashuv paytida ma’lum qilindi. Digi24 nashrining yozishicha, Ryutte jurnalistlar savoliga javob berar ekan, Putinning so‘zlarini jiddiy qabul qilmasligini bildirib, shunchaki kulib javob qaytargan.

«Men Putin tashkil qiladigan uchrashuvlarga allaqachon reaksiya bildirishdan to‘xtaganman. Unga prezidentlik maoshi to‘lanadi, shu sabab u shunday uchrashuvlar o‘tkazadi», — dedi NATO bosh kotibi.

Bu bayonot Putinning 5 noyabrda Rossiya Xavfsizlik kengashida aytgan so‘zlariga javob sifatida yangradi. Unda Putin Rossiya «keng ko‘lamli yadroviy sinovlarga» tayyorgarlikni boshlashi mumkinligini bildirgan edi. Shuningdek, Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov AQSH oktyabrdagi Global Thunder mashg‘ulotlari vaqtida Rossiya hududiga nisbatan yadroviy zarbalarni mashq qilganini da’vo qildi.

Ayni paytda, AQSH prezidenti Donald Tramp ham yadroviy sinovlar o‘tkazish niyati borligini bildirgan. Uning aytishicha, «boshqa davlatlar buni qilayotgan ekan, AQSH ham shunday qilishga haqli». Shu munosabat bilan AQSH armiyasi 5 noyabr kuni Minuteman III qit’alararo ballistik raketa sinovini amalga oshirdi.

Teglar

Mavzuga oid

NATO rahbari Putinning yadroviy tahdidlari ustidan kuldi | Vaqt.uz