
«Agar» emas, «qachon» masalasi: Ukraina sabab Qozog‘iston keskin logistik tanlov qilishi kerak
Tankerlar va Kaspiy quvurlari konsorsiumi terminalining muhim infratuzilmasiga bo‘lgan hujumlar Qozog‘istonni muqobil yo‘nalishlar haqida jiddiy o‘ylanishga majbur etmoqda. Boku-Tbilisi-Jayxon neft quvuri bu muammoga yechim bo‘la oladimi?

29-noyabrga o‘tar kechasi Qozog‘iston neft sanoati uchun tub burilish nuqtasi bo‘ldi. Ukraina harbiy-dengiz kuchlarining ekipajsiz qayiqlari Novorossiysk yaqinidagi Kaspiy quvurlari konsorsiumi (KQK) ning VPU-2 suzuvchi terminal qurilmasiga hujum qildi. Qozog‘iston neft eksportining 80 foizdan ortig‘i o‘tadigan bu inshootni bundan keyin ishlatish imkonsiz bo‘lib qoldi.
Bir kun oldin Ukraina dengiz dronlari Gambiya bayrog‘i ostida Novorossiyskka yuk olish uchun yo‘l olgan Rossiyaning «soya floti»ga mansub «Kairos» va «Virat» nomli ikki tankerga zarba bergan edi. Ukraina Xavfsizlik Xizmati tomonidan e’lon qilingan videolarda pilotlarsiz qayiqlar katta tezlikda kemalar korpusiga urilib, kuchli portlashlar va yong‘inlarni keltirib chiqargani ko‘rsatilgan.
Kiyev uchun bu Rossiya harbiy iqtisodiyotini izdan chiqarish strategiyasining mantiqiy davomidir. Nursulton uchun esa — davlat byudjetining uchdan bir qismi bog‘liq bo‘lgan o‘sha eksport arteriyasining naqadar mo‘rtligi haqidagi ko‘ngilsiz eslatmadir.
Salomga yarasha alik
Qozog‘istonning munosabati kutilganidek keskin bo‘lib, uzoq kuttirmadi. Respublika Tashqi ishlar vazirligi rasmiy norozilik bildirib, sodir bo‘lgan voqeani «fuqarolik ob’ektiga qarshi uchinchi tajovuz akti»deb ta’rifladi.
«Biz sodir bo‘lgan voqeani Qozog‘iston va Ukraina o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarga zarar yetkazuvchi harakat sifatida baholaymiz», - dedi Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarov.
Astana KQKning xalqaro energetika loyihasi ekanini, uning faoliyati xalqaro huquq normalari bilan kafolatlanganligini ta’kidladi va uning ob’ektlariga har qanday kuch ishlatish global energiya xavfsizligi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf tug‘dirishini qayd etdi.
Ukrainaning javobi ham qat’iyatli bo‘ldi. Kiyevdagi TIV Ukraina tomonining harakatlari «Qozog‘iston yoki boshqa uchinchi tomonlarga qarshi qaratilmagani», - balki BMT Nizomining 51-moddasiga muvofiq o‘zini himoya qilish doirasida amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, ukrainalik diplomatlar Rossiyaning Ukraina aholisiga bergan zarbalariga Qozog‘istonning munosabat bildirmaganidan norozilik izhor etishdi.
Diplomatik notalar almashinuvi Ostona uchun noqulay haqiqatni yuzaga chiqardi: zamonaviy mojarolarda betaraflik milliy manfaatlarning daxlsizligini kafolatlamaydi.
Zaiflikning bahosi
Raqamlar o‘z-o‘zidan so‘zlaydi. 2024 yilda KQK orqali taxminan 30 milliard dollarlik 55 million tonna Qozog‘iston nefti o‘tgan. Bu mamlakat jami neft eksportining 80 foizini tashkil etadi. Ushbu daromadning uchdan bir qismi — 10 milliard dollardan ortig‘i davlat byudjetiga tushadi va bu respublikaning barcha soliq tushumlarining qariyb 20 foizini tashkil etadi.
Uchta suzuvchi terminal qurilmasidan birining ishdan chiqishi quvvatning uchdan bir qismi avtomatik ravishda yo‘qolishini anglatmaydi. Biroq, mutaxassislar eksport kamida 20 foizga kamayishini bashorat qilmoqda — bu har oyda taxminan 500 million dollar yo‘qotish degani.
Mantiq oddiy: agar to‘xtash yetti kundan ortiq davom etsa, omborlar to‘lib ketadi va konlarda qazib olishni to‘xtatishga to‘g‘ri keladi. Bu esa neft kompaniyalari uchun nafaqat bevosita yo‘qotishlarni, balki byudjetga soliq tushumlarining qisqarishini ham anglatadi.
Vaziyat shunisi bilan murakkablashadiki, KQK orqali keladigan neftning asosiy hajmi uchta eng yirik kon — Tengiz, Qashag‘an va Qarachag‘anakda qazib olinadi. Bu konlarni Amerika kompaniyalari Chevron va ExxonMobil, Yevropa kompaniyalari Shell, Eni va Total ishtirokidagi konsorsiumlar ishlab chiqarmoqda. Aynan shu kompaniyalar Qozog‘istonning eng yirik soliq to‘lovchilari hisoblanadi.
Kaspiy qirg‘oqlaridan muqobil variant
Hujumdan keyingi kun Qozog‘iston Energetika vazirligi neft eksporti hajmini muqobil yo‘nalishlarga yo‘naltirish rejasini «shoshilinch tartibda» faollashtirilganini e’lon qildi. Ammo qaysi yo‘nalishlar nazarda tutilmoqda?
Nazariy jihatdan Qozog‘iston uchta yo‘nalishdan foydalanishi mumkin: Rossiya orqali o‘tadigan Atirayu-Samara neft quvuri, Xitoyga boradigan Atasu-Alashankov neft quvuri va Kaspiy orqali o‘tadigan Boku-Tbilisi-Jayxon (BTJ) neft quvuri.
Birinchi variant aniq sabablarga ko‘ra inkor etiladi - bu xuddi o‘sha xavf-xatarlarga ega bo‘lgan Rossiya hududi. Ikkinchisi Pekin bilan muzokaralar olib borishni va G‘arb kompaniyalarining Xitoyga neft yetkazib berishga roziligini talab qiladi. Qozog‘iston uzoq vaqtdan beri strategik deb hisoblab kelayotgan BTJ yo‘nalishi qolmoqda.
«BTJ orqali yo‘nalish Qozog‘iston uchun strategik ahamiyatga ega, chunki u eksport yo‘nalishlarini xilma-xil qilish va yetkazib berishning alohida yo‘nalishlariga qaram bo‘lishni kamaytirishga yordam beradi», - deya ta’kidlagan edi oktabr oyida Qozog‘iston energetika vaziri o‘rinbosari Sanjar Jarkeshov.
2006 yilda ishga tushirilgan Boku-Tbilisi-Jayxon neft quvuri Ozarbayjon poytaxtidan Turkiyaning O‘rta yer dengizi sohiligacha 1768 kilometrga cho‘zilgan. Uning loyihaviy quvvati — yiliga 50 million tonna — nazariy jihatdan Qozog‘iston eksportining sezilarli qismini o‘z ichiga olishi mumkin.
QazMunayGaz va Ozarboyjonning SACAR kompaniyasi o‘rtasida tranzit bo‘yicha bosh kelishuv imzolangan 2022 yildan beri Boku-Tbilisi-Jayxon orqali 3,4 million tonnaga yaqin Qozog‘iston nefti o‘tgan. Bu KQK orqali o‘tgan 55 million tonna bilan solishtirganda hali ham dengizdan bir tomchi, xolos.
Nima uchun Boku-Tbilisi-Jayxon hanuzgacha to‘laqonli muqobilga aylanmadi?
Sabablar bir nechta va ularning barchasi iqtisodiyot va logistikaga borib taqaladi. Birinchisi - narx. BTJ bo‘yicha neftni tashish KQK bo‘yicha 5 dollarga nisbatan bir barrel uchun taxminan 15 dollarga tushadi. Uch karra farq neft kompaniyalari uchun rentabellikka va byudjetga soliq tushumlariga jiddiy zarba bo‘ladi.
«KQK qozog‘istonlik yuk jo‘natuvchilarga BTJga qaraganda 3 baravar arzonroq tushadi. Bu Qozog‘iston emas, balki yuk jo‘natuvchilar o‘zlari uchun eng maqbul yo‘nalishni tanlashadi», - deydi ekspert Nurlan Jumagulov.
Ikkinchi muammo — neft sifati. Ozarboyjon BTJga yengil kam oltingugurtli neft yetkazib beradi, Qozog‘iston og‘irroq va oltingugurtli neft qazib oladi. Turli navlarni aralashtirish texnologik qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.
Uchinchisi — Kaspiy logistikasi. Neft BTJga tushishi uchun uni avvaliga tankerlarda Atirayu va Aqtau shaharlaridan Bokuga yetkazish kerak. Yoki Kaspiy dengizi tubida suv osti quvurini qurish — yillar davomida muhokama qilingan, ammo hozircha qog‘ozda qolib ketayotgan loyiha.
«Sakkiz kompaniya ishtirokidagi ishchi guruh bir yildan beri Bokuga neft eksporti bo‘yicha qo‘shimcha yo‘nalishni ko‘rib chiqmoqda. Aksiyadorlar faqat imkoniyatni o‘rganmoqda», - deydi Jumagulov.
Nihoyat, to‘rtinchi muammo — quvvatlar. BTJdan keng miqyosda foydalanish to‘g‘risida ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda ham, yangi infratuzilma Kaspiy quvurlari konsorsiumini to‘liq almashtira olmaydi. Gap KQK orqali hozirgi 70 million tonnaga nisbatan ko‘pi bilan 20 million tonna haqida ketmoqda.
O‘rta koridor: yangi voqelik
KQK va Qora dengizdagi tankerlarga uyushtirilgan hujumlarni faqatgina Rossiya-Ukraina mojarosi doirasidagi yondosh zararlar deb bo‘lmaydi. Bu Yevroosiyo logistikasining tubdan o‘zgarayotgani haqidagi kuchli signaldir.
Qora dengiz yo‘nalishlari tobora xatarliroq bo‘lib bormoqda. Rossiya ishonchli tranzit markazi maqomini yo‘qotmoqda. Bunday sharoitda Markaziy Osiyodan Kaspiy, Janubiy Kavkaz va Turkiya orqali Yevropaga chiqadigan transport yo‘lagi — O‘rta koridorning ahamiyati tabiiy ravishda ortib bormoqda.
BTJ bu tizimning elementlaridan biri, xolos. Bunga Boku va Tbilisi orqali Gruziyaning Poti va Batumi portlariga boradigan temir yo‘l yo‘nalishlari, Kaspiy parom o‘tish joylari, avtomobil yo‘laklari kiradi. 2021 yildan 2024 yilgacha O‘rta koridor orqali yuk tashish hajmi besh barobardan ko‘proq — yiliga 840 ming tonnadan 4,5 million tonnagacha oshdi.
Turkiya o‘zini Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi asosiy tranzit markazi sifatida faol targ‘ib qilmoqda. Ozarboyjon Kaspiy dengizidagi port infratuzilmasini rivojlantirmoqda va temir yo‘llarni zamonaviylashtirmoqda. Gruziya o‘z portlarining o‘tkazish qobiliyatini kengaytirmoqda.
Ukrainaning Rossiya neft infratuzilmasiga zarbalari shundoq ham tezlashib borayotgan jarayonlarni yanada jadallashtirmoqda. Mintaqadagi eng yirik neft ishlab chiqaruvchi Qozog‘iston tanlov qilishi kerak va buni tezda amalga oshirishi lozim.
Improvizatsiya o‘rniga strategiya
«bugungi voqea KQKning muammosi emas. Bu strategiya muammosi», - deya xulosa qiladi tahlilchi Abzal Narimbetov. So‘nggi 3-3,5 yil ichida neft eksportining muqobil yo‘nalishlarini rivojlantirishda birorta ham sezilarli yutuqqa erishilmadi, garchi vaziyat buning aksini talab qilgan bo‘lsa-da.
2013 yilda Qozog‘iston neft eksportining 40 foizi KQKga to‘g‘ri kelgan. 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich 81 foizga yetdi. Monopoliya yildan-yilga o‘sib bordi, muqobil yo‘nalishlar loyihalari esa memorandumlar va ishchi guruhlar darajasida qolib ketdi.
Endi Qozog‘iston hajmlarni favqulodda qayta yo‘naltirishga majbur, ammo ularni qayta yo‘naltirishning deyarli iloji yo‘q. Arzon yechimlar davri o‘tdi. Kaspiy logistikasini kengaytirish, BTJ orqali barqaror yo‘lak yaratish, sharqiy yo‘nalishni kuchaytirish va gibrid tanker-quvur modelini o‘z ichiga olgan tizimli uzoq muddatli diversifikatsiya dasturi zarur. Faqatgina niyat bayonotlari bilan emas, balki aniq quvvatlar bilan.
Qora dengizdagi Ukraina dengiz dronlari nafaqat urush olib borish taktikasini o‘zgartirdi. Ular Yevroosiyoning iqtisodiy geografiyasini ham o‘zgartirdi. Va bu jarayonlarning markazida bo‘lgan Qozog‘iston yangi voqelikka - energetika yo‘nalishlari xavfsizligi har qachongidan ham qimmatroq bo‘lgan voqelikka moslashishi kerak bo‘ladi.
Masala endi Boku-Tbilisi-Jayxon Kaspiy quvurlari konsorsiumiga to‘laqonli muqobil bo‘ladimi yoki yo‘qligida emas. Masala shundaki, mintaqa yangi tahdidlarga bardosh bera oladigan ko‘p tarmoqli marshrutlar tizimini qanchalik tez yarata oladi. Chunki keyingi hujum «agar» emas, «qachon» masalasidir.





