Aliyev-Pashinyan uchrashuvi: Zangezur yo‘lagi AQSHga topshiriladimi?
11.07.2025 | 11:40127810
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning BAA poytaxti Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tgan, vositachilarsiz to‘rt soatlik yakama-yakka uchrashuvi davomida Zengezur yo‘lagi masalasi ham muhokama qilindi.

Armaniston Zangezur yo‘lagi boshqaruvini xorijiy logistika kompaniyasiga topshirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Mnatsakan Safaryan ma’lum qildi. Uning aytishicha, agar bu qaror Armanistonning ilgari e’lon qilgan tamoyillariga mos kelsa, uni amalga oshirish mumkin.
Bu bayonot bosh vazir Nikol Pashinyan va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevning Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan to‘rt soatlik uchrashuvi davomida muhokama qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu uchrashuvda Zangezur yo‘lagi masalasi asosiy mavzulardan biri bo‘lgan.
BAAdagi uchrashuv nimani anglatadi?
So‘nggi to‘rt yarim yil ichida Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida Rossiya va Yevropa davlatlari vositachiligida bir necha bor muzokaralar o‘tkazildi. Bu uchrashuvlar tinchlikka erishish maqsadida tashkil etilgan bo‘lsa-da, afsuski, ular orqali sezilarli natijalarga erishilmadi.
Shu sababli, Boku va Yerevan o‘rtasidagi bevosita, tashqi vositachilarsiz o‘tkaziladigan muzokaralar – ya’ni, «yakkama-yakka» suhbatlar eng samarali yo‘l ekani yana bir bor o‘z tasdig‘ini topmoqda. Abu-Dabida o‘tgan uchrashuv ham aynan shunday bevosita muloqot shakli bo‘lib, muhim burilish nuqtasi sifatida baholanmoqda.
Muzokaralar
Zangezur yo‘lagi Ozarboyjonning asosiy hududini Armaniston janubi orqali Naxichivon eksklavi bilan bog‘laydi. Bu masala uzoq yillardan beri ikki davlat o‘rtasida bahsli bo‘lib kelmoqda.
CaucasusWarReportʼga ko‘ra, AQSH taklif qilgan kelishuvga asosan, yo‘lak ustidan nazorat Amerika xususiy kompaniyasiga topshirilishi mumkin. Bu taklif bir vaqtning o‘zida Ozarboyjon xavfsizligini ta’minlashi va Armaniston suverenitetini saqlab qolishiga xizmat qiladi. O‘z-o‘zidan, Rossiya va Eron bu jarayondan chetlashtiriladi.
Rasmiy Yerevanning ta’kidlashicha, yo‘lak bo‘yicha muzokaralar Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida tinchlik shartnomasini imzolashga tayyorgarlikning bir qismi hisoblanadi. Mart oyiga kelib, ikki davlat kelishuv loyihasining 17 moddasidan 15 tasini, jumladan muqaddimasini ham kelishib olgan. Faqat xalqaro da’volar va uchinchi tomonlarning ishtiroki kabi masalalar ochiq qolgan.
Har ikki tomon BAAdagi uchrashuvdan so‘ng chegaralarni aniqlash (delimitatsiya) borasida ijobiy siljishlar bo‘lganini bildirgan.
Turkiya Armanistonning Zangezur yo‘lagi bo‘yicha yondashuvida yuz bergan o‘zgarishlarni ijobiy baholamoqda. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an iyul oyi boshidagi nutqida «Avval Armaniston Zangezur yo‘lagiga qarshi edi, ammo hozir u iqtisodiy integratsiyaga nisbatan yanada moslashuvchan munosabat bildirmoqda», degan. Uning aytishicha, bu yo‘lak faqat Eron emas, balki butun Janubiy Kavkaz mintaqasi uchun foydali bo‘ladi.
Shu bilan birga, AQSH Davlat departamenti bu boradagi aniq reja yoki Amerika kompaniyalarining ishtiroki haqida izoh bermadi. Faqatgina, AQSH mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirish bilan cheklandi.
Muzokaralar nima uchun aynan Abu-Dabida bo‘lib o‘tdi?
Abu-Dabi bugungi kunda dunyoning ko‘plab yirik davlatlari va siyosiy kuchlari manfaatlari kesishadigan markazga aylangan. Ayniqsa, bu yerda AQSH va Buyuk Britaniyaning ta’siri kuchli ekani yaqqol seziladi.
Avvallari Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini YeXHTning Minsk guruhi olib borgan bo‘lib, uning hamraislari AQSH, Rossiya va Fransiya edi. Shuning uchun ham bu davlatlar muzokaralarni o‘z hududlarida o‘tkazishga harakat qilgani tabiiy.
Rossiya va Yevropa bu borada bir necha bor tashabbus ko‘rsatgan, lekin ularning vositachiligida muhim natijalarga erishilmadi. Endi esa AQSH muzokaralar uchun qulay va neytral muhit yaratishga harakat qilmoqda. Abu-Dabidagi uchrashuv aynan ikki tomonning bir-biriga bosim o‘tkazmasdan ochiq muloqot qilishi uchun tanlangan, deb taxmin qilish mumkin.
Sulh shartnomasi qachon imzolanishi mumkin?
Sulh shartnomasining aniq qachon imzolanishini aytish qiyin. Bu yerda ham sub’ektiv, ya’ni siyosiy iroda va ishonchga bog‘liq omillar, ham ob’ektiv – ya’ni mintaqadagi real sharoitlar muhim rol o‘ynaydi. Eng muhimi – hujjatning o‘zi emas, balki tomonlarning birga tinch yashash va hamkorlik qilishga roziligi.
Agar shartnoma yaqin vaqt ichida imzolanmasa ham, amaliy harakatlar uchun muhim imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. Eng avvalo, bu mintaqadagi transport yo‘llarini, jumladan, yuqorida zikr etilgan Zangezur yo‘lini ochish bilan bog‘liq.
TRT Global nashriga ko‘ra, o‘z navbatida, ushbu yo‘lak Armanistonning xalqaro darajadagi yirik iqtisodiy, transport va tranzit loyihalariga qo‘shilishiga yo‘l ochadi.
Bu holat Armanistonning mustaqillik darajasini sezilarli darajada oshirib, mamlakatga iqtisodiyot va logistika sohasida muhim ustunliklar taqdim etadi. Natijada, Armaniston qo‘shimcha foyda oladi va barqaror rivojlanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mehrinoza Farmonova tayyorladi