Amalga oshmagan «yil bitimi»: «Halyk Bank» nega «Click»ni sotib ololmadi?
Qozog‘istonning yirik moliyaviy instituti — «Halyk Bank» va O‘zbekiston fintex bozorining yetakchilaridan biri — «Click» o‘rtasidagi strategik hamkorlik Markaziy Osiyo moliya sohasidagi eng katta bitimlardan biri sifatida baholangan edi. Biroq katta umidlar bilan boshlangan 237 mln dollarlik kelishuv hozircha to‘liq amalga oshmay qolmoqda.
© SI asosida yaratilgan2025 yil 23-iyul oyida «Halyk Bank» «Click»ning 49 foiz aksiyasini 176,4 mln AQSH dollariga sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Shu bilan birga, «Click» aksiyadorlari bankning O‘zbekistondagi shu’ba korxonasi — «Tenge Bank» aksiyalarining 49 foizini 60,76 mln dollarga xarid qilishi kerak edi. Tomonlar o‘z yuridik mustaqilligini saqlab qolgan holda yaqin hamkorlik qilishni rejalashtirgan. Kelishuv haqidagi rasmiy ma’lumot hatto London fond birjasi orqali e’lon qilinib, uning xalqaro ahamiyatini yanada oshirgandi.
Nima uchun bu bitim muhim edi?
Ushbu kelishuv oddiy investitsiya yoki aksiya almashinuvi emas, balki ikki mamlakat moliya bozorini yaqinlashtiruvchi strategik qadam sifatida baholandi. Bir tomonda — aktivlari 37,5 mlrd dollarga yetgan va 2025 yilni qariyb 2 mlrd dollar sof foyda bilan yakunlagan «Halyk Bank» tursa, ikkinchi tomonda — 20 mlndan ortiq foydalanuvchiga ega, tez sur’atlarda o‘sib borayotgan «Click» fintex platformasi mavjud.
«Click»ning moliyaviy natijalari ham uning qanchalik kuchli ekanini ko‘rsatadi. Kompaniya 2024 yilda 295,1 mlrd so‘m sof foyda olgan bo‘lib, bu 2023 yilga nisbatan 43,8 foizga ko‘proq bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich hatto O‘zbekistondagi taxminan 70 foiz banklar daromadidan yuqori. 2025 yilning 9 oyida esa kompaniya qariyb 550 mlrd so‘m daromad qayd etgan.
«Click» bosh direktori Ulug‘bek Rustamovga ko‘ra, «Halyk Bank» bilan hamkorlik xizmat uchun yangi imkoniyatlar ochadi va chakana bankingda rivojlanishning yangi bosqichini boshlaydi.
«Biz «Tenge Bank» bilan birgalikda yangi avlod bankini qurishni boshlaymiz. Bu biz uchun yangi bozor, yangi jarayonlar va yangi chaqiriqlar, shu bilan birga yangi imkoniyatlardir», — dedi Rustamov.
Bitimning eng muhim jihati — kompetensiyalar almashinuvida. Ya’ni har ikki tomon bir-birining kuchli taraflarini to‘ldiradi. «Click» uchun bu bank tizimiga kirish imkoniyati degani: depozitlar, kreditlar va investitsiya mahsulotlarini rivojlantirish uchun yangi eshiklar ochiladi.
«Aslida, bu yerda hibrid model — bank yadrosiga ega super-ilova shakllantirilmoqda. Bu yondashuv Xitoyda allaqachon o‘z samarasini ko‘rsatgan (WyeChat Pay, Alipay misolida) va hozirda Markaziy Osiyoda ham jadal rivojlanib bormoqda», — deydi iqtisodchi Aleksandr Davidov.
Uning ta’kidlashicha, bu model doirasida keyingi bosqichlarda bir qator muhim yo‘nalishlar amalga oshirilishi kutilgan. Xususan, bank mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Click» interfeysiga integratsiya qilish orqali mijozlarga yanada qulay va tezkor xizmatlar taqdim etish imkoniyati yaratilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, kichik va o‘rta biznes uchun kreditlar, ekvayring va ish haqi loyihalari kabi yangi xizmatlar yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. Mini-ilovalar orqali servislar kengaytirilib, yagona ekotizim asosida mintaqaviy bozorlarga chiqish imkoniyatlari ochilishi kutilgan.
«Bu yondashuv yangi investorlarni jalb qilish va biznes modellarni diversifikatsiya qilishga xizmat qilishi mumkin edi», – deydi Davidov.
Iqtisodchi Otabek Bakirov esa bu borada:
«O‘zbekiston va Qozog‘istondagi ilg‘orlar «Click» va «Halyk Bank» imkoniyatlarining birlashuvidan nafaqat ushbu kompaniyalar yutadi. Eng katta yutuqda biz iste’molchilar bo‘lamiz. Banklar va to‘lov tashkilotlari integratsiyasidan paydo bo‘layotgan yangi fintex gigantlar bitta emas, bir nechta bo‘lishi lozim va o‘zaro raqobatli bo‘lishi darkor», — deya fikr bildirgan edi.
Yana bir iqtisodiy tahlilchi Temurmalik Elmuradov o‘z Telegram kanalida:
«Bu katta va muhim kelishuv. Endi, ehtimol, O‘zbekiston va Qozog‘istonda ishlaydigan yagona raqamli ekotizim paydo bo‘ladi. Bunga o‘xshash narsa hali bo‘lmagan», – deb yozib qoldirgandi.
Bitim nega amalga oshmadi?
Ushbu kelishuvning amalga oshishi ikki davlat — O‘zbekiston va Qozog‘iston regulyatorlarining ruxsatiga bog‘liq bo‘lgan. 2025 yil 29-sentabrda Qozog‘iston moliya bozorini tartibga solish agentligi «Halyk Bank»ga «Click»ning 49 foiz ulushini sotib olishga ruxsat bergani ma’lum qilingan.
Shundan so‘ng «Click» ham O‘zbekiston Markaziy bankidan ruxsat olish uchun murojaat qilgan. Biroq regulyator tomonidan rozilik berilmagan. Markaziy bank vakillari avvalo kompaniyalar Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasining dastlabki roziligini olishi shartligini ta’kidlagan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bunday bitimlar uchun ham Markaziy bank, ham Raqobat qo‘mitasi ruxsati talab etiladi. Jarayon tartibiga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasi arizani taxminan bir oyda, Markaziy bank esa ikki oygacha muddatda ko‘rib chiqishi kerak. Shu bilan birga, Markaziy bank qaror qabul qilishda monopoliyaga qarshi organ xulosasini inobatga oladi.
Agar bitim bozorda raqobatni cheklashi mumkin deb baholansa, arizani ko‘rib chiqish muddati qo‘shimcha o‘rganish uchun yana uzaytirilishi mumkin. Shu sababli jarayon bir necha bosqichdan o‘tadi va har bir bosqichda alohida tasdiq talab etiladi.
«Hozircha bitimga ruxsat bermadik. Agar ular Raqobat qo‘mitasi qaroridan so‘ng murojaat qilishsa, biz ularning arizasini belgilangan tartibda ko‘rib chiqamiz», — deya tushuntirgandi Markaziy bank xodimi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov esa o‘sha paytda vaziyatni tanqid ostiga olgan:
«Qonun bo‘yicha Raqobat qo‘mitasi ham, Markaziy bank ham belgilangan tartibda ko‘rib chiqish muddatiga amal qilayotgani yo‘q. Yoki hammasi xuddi eski zamondagidek tepada hal bo‘lishi yoki monopolistlarning roziligini olmagani bilan bog‘liqdir», — deb yozgan edi u.
Natijada, «Halyk Bank» ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi kelishuv muddati 2025 yil 31-dekabrda tugagan. Belgilangan vaqt ichida barcha hujjatlar imzolanmagan va bitim yakunlanmagan.
«2025 yil 31-dekabrda yakunlangan yil uchun konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotni e’lon qilish sanasi holatiga ko‘ra, imzolangan tranzaksiya hujjatlarining amal qilish muddati tugagan, bitim yakunlanmagan. Tomonlar kelgusidagi hamkorlikning variantlari va shartlarini muhokama qilishda davom etmoqda», — deyiladi hujjatda.
Raqobat qo‘mitasi esa nima sababdan bu bitimga rozilik berilmaganini izohlamagan.
E’tiborli jihati, bu holat «Click» uchun birinchi marta emas. Kompaniya 2023 yil o‘rtalarida «Uzum» bilan birlashish rejasini ham e’lon qilgan, biroq o‘sha kelishuv ham Raqobat qo‘mitasi roziligini ololmagani sabab amalga oshmagan.
«Click» va «Halyk bank» haqida
«Click» kompaniyasiga 2011 yilda Ulug‘bek Rustamov asos solgan. O‘sha yilning 10-noyabr kuni kompaniya rasman davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. 2024 yil 4-iyul kuni esa «Click» tashkiliy-huquqiy shaklini o‘zgartirib, MCHJdan aksiyadorlik jamiyatiga (AJ) aylandi. So‘nggi yillarda «Click» mamlakatimiz moliya bozorida shunday shiddat bilan o‘sdiki, bugungi kunda u shunchaki kompaniya nomi emas, balki raqamli to‘lov jarayonini ifodalovchi brend-sinonimga (umumiste’moldagi atamaga) aylanib ulgurdi.
Mazkur bitimgacha «Click» aksiyadorlari ulushi quyidagicha taqsimlangan edi: Ilyos Azimov — 35 foiz, Azizillo G‘ulomqodirov — 25 foiz, Ilhom Azimov — 20 foiz. Qolgan ulushlar esa Ulug‘bek Rustamov, Rustam Fayziyev, Bahodir Abduqodirov va Jahongir Usmonov o‘rtasida 5 foizdan taqsimlangan.
«Halyk Bank»ning asosiy aksiyadorlari milliarderlar Timur Kulibayev va Dinara Kulibayeva hisoblanadi. Ular bank aksiyalarining taxminan 69,48 foiziga «Almex» holdingi orqali egalik qiladi. «Halyk bank»ning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan umumiy investitsiyalari 2025 yil 1-iyul holatiga ko‘ra, 1,5 mlrd dollarga yetgan.
Bitim doirasida «Click»ning umumiy qiymati 360 mln dollarga, «Tenge Bank» esa 124 mln dollarga baholangan edi. «Click»ning bankdan qimmatroq baholanishi uning raqamli ekotizim sifatidagi jozibadorligini tasdiqlaydi.
Ma’lumot uchun: Qozog‘istonning yana bir yirik fintex giganti — «Kaspi.kz» ham O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirgan. Biroq u «Humo» to‘lov tizimini xususiylashtirish jarayonida ishtirok etishdan voz kechgan.
Bitim O‘zbekiston bozoriga qanday imkoniyatlar ochib berishi mumkin edi?
«Halyk Bank» va «Click» o‘rtasidagi kelishuv to‘liq amalga oshganida, bu nafaqat ikki kompaniya, balki butun mintaqaning moliya bozoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lardi.
Jumladan:
Raqobatning yangi bosqichi: «Uzum» va «TBC Bank», «Payme» kabi gigantlarga munosib muqobil paydo bo‘lib, xizmatlar sifati yaxshilanishiga va tariflar pasayishiga xizmat qilardi.
Investitsion jozibadorlik: Bunday yirik tranzaksiya xalqaro investorlar uchun «yashil chiroq» vazifasini o‘tab, mamlakatga xorijiy kapital oqimini jadallashtirardi.
Mintaqaviy integratsiya: Kelishuv O‘zbekiston va Qozog‘iston moliya tizimlarining o‘zaro yaqinlashishi uchun katalizator bo‘lib, yangi transchegaraviy loyihalar davrini boshlab berishi mumkin edi.
Biroq, regulyator to‘siqlari va huquqiy jarayonlarning kechikishi sababli, «yil bitimi» statusidagi ushbu loyiha hozircha boy berilgan imkoniyat sifatida tarixga aylanish arafasida turibdi.
Teglar






