O‘zbekiston va Afg‘oniston tadbirkorlari 300 mln dollarlik shartnomalar tuzdi
Afg‘onistonning Hirot shahrida Andijon savdo uyi ochildi. Mahalliy tadbirkorlar ishtirokida biznes forum ham tashkil etildi.
© Андижон вилоят ҳокимлигиAndijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov boshchiligida 110 nafar tadbirkordan iborat delegatsiya Afg‘onistonga borgani xabar qilingandi. Ularning Hirot shahriga amaliy tashrifi doirasida mahalliy tadbirkorlar ishtirokida biznes forum tashkil etildi. Bu haqda Andijon viloyat hokimligi xabar berdi.
Forum davomida tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan qator muhim masalalar, jumladan, viza tartibini yengillashtirish, o‘zaro hisob-kitob mexanizmlarini takomillashtirish, dori-darmon ayirboshlash jarayonlarini soddalashtirish, qishloq xo‘jaligi hamda sement mahsulotlari logistikasini kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Forum yakunida ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator shartnomalar imzolandi. Natijada umumiy qiymati 300 million AQSH dollariga teng bo‘lgan kelishuvlarga erishildi.
Hirotda Andijon savdo uyi
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov tantanali ochilish jarayonlaridan videolavha ulashdi.
Ochilish marosimida Hirot viloyati hokimi Nur Ahmad Islomjar ishtirok etib, u o‘z nutqida bunday hamkorlik maydonlari tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochishini ta’kidladi.
10 hil yo‘nalishda, 200 dan ortiq mahsulot turlari bilan Andijon savdo uyi nafaqat mahsulotlar namoyishi, balki yangi sherikliklar va investitsiyaviy loyihalar uchun ham samarali platforma bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 4-aprel kuni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Qobul shahrida Afg‘oniston rasmiylari bilan qator muzokaralar o‘tkazgandi. Ikki kundan keyin esa Kobul shahrida «Afg‘oniston — Markaziy Osiyo maslahatlashuv muloqoti» o‘tkazildi. Ushbu uchrashuv 2021-yildan beri birinchi marta Afg‘oniston hududida tashkil etilgan. Bungacha Markaziy Osiyo davlatlari «Tolibon» vakillari bilan Ostona, Toshkent va boshqa shaharlarda uchrashgan.




