«Har qachongidan ham bo‘linishga yaqin»: Agar Tramp AQSHni ittifoqdan olib chiqsa, NATO saqlanib qoladimi?
Erondagi urush transatlantik ittifoq ichidagi ziddiyatlarni yanada chuqurlashtirib, uning istiqbolini so‘roq ostiga qo‘ymoqda.

Donald Trampning NATO bo‘yicha ittifoqchilariga nisbatan bepisand munosabati u hali birinchi marta AQSH prezidenti etib saylanmasidan avvalroq boshlangan edi. Mudofaa xarajatlari kamligidan keskin norozi bo‘lishdan tortib, yaqindagina ittifoqning yana bir a’zosi — Daniyaga qarashli Grenlandiyani qo‘shib olishga qaratilgan tahdidlarigacha bo‘lgan harakatlar amerikalik yetakchining alyansni doimiy taranglik holatida ushlab turishiga olib keldi.
Biroq tahlilchilarning fikricha, NATO bo‘yicha ittifoqchilarning Tramp boshlagan Eronga qarshi urushga qo‘shilishdan bosh tortishi bu ziddiyatni misli ko‘rilmagan darajada chuqurlashtirib yubordi. Shu haftaning o‘zida Tramp ittifoqchilarning bunday pozitsiyasini alyans tarixidagi «o‘chmas dog‘» deb atadi. Oradan bir necha soat o‘tgach, Germaniya kansleri Fridrix Mers vaziyatga yanada keskinroq baho berdi: mazkur mojaro «transatlantik stress-test»ga aylandi.
Bunday o‘zaro ayblovlar Yaqin Sharqdagi inqiroz fonida yuzaga chiqqan va ekspertlarning fikricha, NATO endi kechiktira olmaydigan markaziy savolni kun tartibiga qo‘ymoqda: transatlantik ittifoq, ayniqsa AQSH undan chiqib ketgan taqdirda, yashab qola oladimi?
«Na bugungi va na keyingi AQSH ma’muriyati davrida NATOda avvalgidek holatga qaytish bo‘lmaydi. Biz har qachongidan ham bo‘linishga yaqinмиз», — deydi Yangi Amerika xavfsizligi markazining katta ilmiy xodimi va Mudofaa vazirining Yevropa hamda NATO bo‘yicha sobiq yordamchisi Jim Taunsend.
Tramp AQSHni ittifoqdan shunchaki o‘z xohishi bilan olib chiqib keta olmaydi. Buning uchun unga AQSH Senatining uchdan ikki qismi ovozi yoki Kongress qarori kerak bo‘ladi. NATO hali ham Amerikaning har ikki asosiy partiyasi qonunchilari orasida keng qo‘llab-quvvatlanishini hisobga olsak, bunday ssenariylar yaqin orada amalga oshishi amrimahol.
Ammo Tramp boshqa choralarni ko‘rishi mumkin. AQSH ittifoqchilari hujumga uchragan taqdirda ularga yordam berishga mutlaq majbur emas. Shartnomaning 5-moddasida a’zolarning jamoaviy mudofaa majburiyati belgilangan, biroq u avtomatik ravishda harbiy javob berishga majburlamaydi. Ittifoqchilar orasida Vashington haqiqatan ham yordamga kelishi borasida shubhalar tobora ortib bormoqda.
AQSH, shuningdek, Yevropa bo‘ylab joylashgan 84 000 nafar amerikalik harbiyni qit’adan olib chiqib ketishi ham mumkin. «The Wall Street Journal» nashrining xabar berishicha, Tramp Eron urushi davrida «yordami tegmagan» deb topilgan mamlakatlardagi AQSH harbiy bazalarini ko‘chirib, ularni ko‘proq xayrixohlik bildirgan davlatlarga o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. U Amerika harbiy bazalarini yopishi va ittifoqchilar bilan harbiy muvofiqlashtirish ishlarini to‘xtatishi mumkin.
AQSHning xavfsizlik kafolatlari NATO tashkil etilganidan beri uning asosiy ustuni bo‘lib kelganini hisobga olsak, bunday aloqalarning uzilishi ittifoqqa jiddiy zarar yetkazadi.
«U NATOni zaiflashtirish uchun undan chiqib ketishi shart emas; shunchaki chiqib ketishi mumkinligini aytishning o‘zi tashkilotning samarali ittifoq sifatida ishonchiga allaqachon putur yetkazib bo‘ldi», — deydi Italiyaning NATOdagi sobiq elchisi va Italiya prezidentligining sobiq katta maslahatchisi Stefano Stefanini.
Shunga qaramay, ittifoqchilar chorasiz emas. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi Yevropa mudofaa sanoatining zaiflashgan holatini va AQSHga naqadar bog‘liq bo‘lib qolganini fosh etdi. Bu omil va AQSH–NATO sherikligidagi ko‘plab diplomatik inqirozlar, jumladan Trampning Grenlandiyani o‘z nazoratiga olish tahdidi, yevropalik ittifoqchilarni mudofaa salohiyatiga ko‘proq sarmoya kiritishga undadi. 2020 yildan 2025 yilgacha a’zo davlatlarning mudofaa xarajatlari 62 foizdan ko‘proqqa oshdi.
Biroq, Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) hisobotiga ko‘ra, Yevropa hali ham bir qator sohalarda AQSHga o‘ta qaram bo‘lib qolmoqda:
Dushman hududining ichkarisiga zarba berish imkoniyati;
Razvedka, kuzatuv va texnik ko‘zdan kechirish (ISR);
Kosmik imkoniyatlar, xususan, sun’iy yo‘ldosh razvedkasi;
Logistika;
Havo va raketaga qarshi integratsiyalashgan mudofaa tizimi.
Ushbu kamchiliklarni to‘ldirish uchun kamida keyingi o‘n yil yoki undan ko‘proq vaqt talab etiladi. AQSHning an’anaviy harbiy salohiyatini almashtirish uchun esa taxminan 1 trillion dollar kerak bo‘ladi. IISS hisobotida aytilishicha, Yevropa mudofaa sanoati ishlab chiqarishni tezkorlik bilan oshirishga qiynalmoqda, ko‘plab Yevropa armiyalari esa harbiy xizmatga qabul qilish va kadrlarni saqlab qolish rejalarini bajara olmayapti.
Shunday bo‘lsa-da, ba’zi ekspertlar «Yevropacha NATO»ning mavjud bo‘lishiga ishonishadi. Shvetsiya xalqaro aloqalar institutining Sharqiy Yevropa tadqiqotlari markazi tahlilchisi Minna Alanderning fikricha, NATO yillar davomida Yevropa davlatlari o‘rtasidagi harbiy hamkorlik tuzilmasiga aylanib ulgurgan.
«Shu sababli, NATO Eron urushidan va hatto AQSHning chiqib ketishidan keyin ham omon qolishi mumkin. Chunki yevropalik a’zolar, hatto butunlay boshqacha shaklda bo‘lsa ham, ushbu tuzilmani saqlab qolishdan manfaatdor», — deydi Alander.
Ba’zilar uchun so‘nggi muddat — 2029 yil. Germaniya mudofaa vaziri, general Karsten Broyerning hisob-kitoblariga ko‘ra, aynan shu vaqtga kelib Rossiya o‘z kuchlarini NATO hududiga hujum qilish uchun yetarli darajada tiklab olishi mumkin. «Lekin ular bizni ancha oldinroq sinab ko‘rishni boshlashlari mumkin», degan edi Broyer o‘tgan yilning may oyida. Boshqa ekspertlar esa Moskva tomonidan bo‘ladigan xavf 2027 yildayoq yuzaga kelishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Sobiq elchi Stefaninining fikricha, NATO borasidagi bahslar ko‘pincha «buzib ko‘rsatiladi». Unda ittifoqning mavjudlik maqsadi go‘yoki faqat Yevropani Rossiyadan himoya qilishdan iborat va bu AQSHning qit’aga ko‘rsatayotgan «marhamati» sifatida talqin etiladi.
Aslida, NATO Sovuq urush boshlanishida Sovet Ittifoqiga qarshi tuzilgan ittifoqlar tarmog‘i edi. O‘n yillar davomida AQSH ushbu ittifoqqa iloji boricha ko‘proq davlatlarni jalb qilishga urindi va bundan bosh tortgan mamlakatlarni «dushmanning do‘stlari» sifatida ko‘rdi.
2001 yil 11 sentabr hujumlaridan so‘ng, NATO o‘z tarixida birinchi marta Vashington atrofida jipslashish uchun 5-moddani ishga soldi va Afg‘onistonga qo‘shin jo‘natdi. U yerda minglab harbiy xizmatchilar, jumladan, Buyuk Britaniyaning 500 ga yaqin, Fransiya, Daniya, Italiya va boshqa mamlakatlarning o‘nlab askarlari halok bo‘ldi.
Eron bilan urush davrida ham, ko‘plab mamlakatlar mojarodan ochiqchasiga masofa saqlagan bo‘lsa-da, Yevropadagi harbiy bazalar AQSH armiyasi uchun qulay strategik maydon vazifasini o‘tadi.
«NATO AQSH manfaatlariga xizmat qilgan va Tramp bu jihatlarni xotirjamlik bilan e’tibordan chetda qoldirmoqda. Yevropa mudofaaga sarmoya kiritmagani va kuchli qaramlikni yuzaga keltirgani uchun o‘z javobgarligiga ega, biroq NATO faqat Yevropaning strategik manfaatlariga xizmat qiladi, deb o‘ylash — shunchaki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», — deydi Stefanini.





