Logo

Amerika voz kechgan, Xitoy esa rivojlantirayotgan texnologiya: metanolda harakatlanuvchi avtomobillarning kelajagi bormi?

Bugun 13:256 daqiqa

Xitoy elektromobillari global avtobozorni shiddat bilan o‘zgartirayotgan bir paytda, XXRda omma e’tiboridan chetroqda qolayotgan yana bir muqobil variant — metanol yonilg‘isi ham faol sinovdan o‘tkazilmoqda.

Amerika voz kechgan, Xitoy esa rivojlantirayotgan texnologiya: metanolda harakatlanuvchi avtomobillarning kelajagi bormi? © SHI KUANBING/VISUAL CHINA GROUP/GETTY IMAGES

Ko‘p mamlakatlarda metanolda yuradigan avtomobil texnologiyasi haqida hatto eshitishmagan, Xitoyda esa uni 1990 yillarda «Ford» bilan hamkorlikda rivojlantira boshlashgan edi. Amerika korporatsiyasi oxir-oqibat bu g‘oyadan voz kechdi; Xitoyda esa boshqa yo‘ldan borib, mazkur texnologiyani seriyali modellar va yuk mashinalari darajasigacha olib chiqishdi.

«Geely» avtogiganti rahbari Li Shufu uni hamon elektr dvigatellari bilan bir qatordagi istiqbolli yo‘nalish deb hisoblaydi. Biroz ehtiyotkorlik bilan bo‘lsa-da, Xitoyning boshqa yirik konsernlari, xususan, «Chery» ham bu ғоягa ergashgan.

1

Xo‘sh, Xitoy avtosanoatiga metanolga nisbatan bunday «parallel qarash» nega kerak? Uning mamlakatdan tashqarida ommalashish imkoniyatlari qanday?

Xitoydagi «elektrомобил bumi» va metanol

Xitoyda elektromobillar allaqachon shunchaki tajriba obyekti bo‘lishdan chiqqan: mamlakat ko‘chalarida ularni har qadamda uchratish mumkin. 2026 yilning bahorida chakana savdoda yangi energiya manbalarida ishlaydigan avtomobillar — elektrokarlar, plagin-gibridlar va vodorodli mashinalarning ulushi ilk bor 60 foizdan oshdi. May oyida esa bu ko‘rsatkich rekordni yangilab, qariyb 63 foizga yetdi.

Bunday vaziyatda «Geely» kompaniyasining metanol dasturi ancha kamtarona ko‘rinadi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda mamlakat yo‘llarida 50 mingga yaqin metanolli va metanol-vodorodli avtomobillar harakatlanmoqda. Bu ko‘rsatkich, Xitoy miqyosi va aholi sonini hisobga olganda, yumshoq qilib aytganda, juda arzimas raqam.

Biroq aynan mana shu tafovut bu jarayonni yanada qiziqarli qiladi: barcha bozor qonunlariga ko‘ra allaqachon yo‘q bo‘lib ketishi kerak bo‘lgan ushbu yo‘nalishdan Xitoy amaldorlari va mamlakatning eng yirik avtoishlab chiqaruvchisi qariyb yigirma yildan beri voz kechmayapti.

Kaliforniya технологияси

Avtomobillarga metanol quyish g‘oyasi aslida Xitoy ixtirosi emas. U 1980 yillarda Kaliforniyada jiddiy sinovdan o‘tkazilgan. O‘shanda mahalliy hukumat o‘ttizga yaqin metanol quyish shoxobchasini qurgan, «Ford» esa tajriba avtomobillarining asosiy yetkazib beruvchisiga aylangan edi. 1985 yildan 1992 yilgacha konsern Kaliforniya va Kanada yo‘llari uchun maxsus M85 (85 foiz metanol, 15 foiz benzin) yoqilg‘isida ishlaydigan yuzlab mashinalarni ishlab chiqardi.

2

Biroq tajriba loyihasi o‘zini oqlamadi. Yoqilg‘i quyish infratuzilmasi yetishmas, metanolda yurish esa benzinga qaraganda qimmatroqqa tushardi. 1990 yillar o‘rtalariga kelib, Amerika avtokonsernlari metanolga yaqin bo‘lgan etanolni tanladi. Bunda fermerlarning ta’siri va makkajo‘xori yetishtirishga ajratilgan subsidiyalar muhim rol o‘ynadi.

1996 yilda aynan etanolda harakatlanadigan «Ford Taurus» AQSHda birinchi chinakam ommaviy «flex-fuel» (ikki xil yoqilg‘ida ishlaydigan) avtomobiliga aylandi. Kaliforniya 2005 yilda metanol dasturini rasman yopdi va shundan buyon Qo‘shma Shtatlarda bu g‘oyaga boshqa jiddiy e’tibor qaratilmadi.

Shansi taksilaridan tortib beshinchi avlod gibridlarigacha

Xitoyda esa metanol asosan bitta kompaniya tufayli o‘zining ikkinchi hayotini boshladi. «Geely» 2005 yilda metanol dvigatellarini ishlab chiqishga kirishdi. 2012 yilda esa Xitoy avtosanoati tarixida birinchi marta seriyali metanol modelini ishlab chiqardi.

Xuddi shu yili XXR Sanoat va axborotlashtirish vazirligi o‘ziga xos tajriba dasturini ishga tushirdi. M100 (benzin qo‘shilmagan toza metanol) yoqilg‘isida ishlaydigan yuzdan ortiq «Geely» taksilari Shansi provinsiyasidagi Szinchjun shahri ko‘chalarida paydo bo‘ldi.

Рисунок3

Keyinchalik bu tajriba Shensi, Shanxay, Guychjou va Gansuga ham olib kirildi: olti yil ichida mingdan ortiq mashinadan iborat sinov parki qariyb 200 million kilometr masofani bosib o‘tdi. Tajriba yakunlariga ko‘ra, metanolli mashinalar benzinda harakatlanadigan avtomobillarga qaraganda taxminan 20 foizga energiya tejamkorroq ekani va karbonat angidrid gazini qariyb 25 foizga kamroq ajratib chiqarishi ma’lum bo‘ldi.

2019 yilda Xitoyning sakkizta vazirlik va idorasi metanol transportini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma direktiva qabul qildi. Ammo metanol elektromobillar erishgan darajadagi chinakam ommaviy qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘la olmadi. Masalan, Shansi hukumati o‘z vaqtida metanolli yuk mashinasini xarid qilish uchun 10 ming yuan, yengil avtomobillar uchun esa 5 ming yuan subsidiya ajratgan. Holbuki, elektromobil uchun 50 ming yuangacha (hozirgi kurs bo‘yicha taxminan 7,5 ming dollar) subsidiya olish mumkin edi.

Rasman olganda, metanolli mashinalar asosiy imtiyozlar tatbiq etiladigan «yangi energiya avtomobillari» toifasiga ham kiritilmadi. Aynan shuning uchun ham, 2022 yilga kelib Xitoyda elektromobillar soni 20 mingdan 10 milliondan ortiqqa o‘sgan bir paytda, metanol parki noldan boshlanib, bor-yo‘g‘i o‘n minglab mashinalargacha ko‘paydi, xolos.

Shunga qaramay, «Geely» bu boradagi ishlarni to‘xtatgani yo‘q, aksincha, ko‘lamini kengaytirmoqda. 2024 yilda kompaniya o‘zining metanol modellarini 12 ta provinsiya va 40 ta shahar bozoriga olib chiqdi: savdo hajmi o‘tgan yilga nisbatan 130 foizga o‘sdi.

2025 yilda esa bozorga metanol-elektr gibridlarining beshinchi avlodi taqdim etildi. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, yangi dvigatel mazkur soha uchun rekord darajadagi 48,15 foiz issiqlik foydali ish koeffitsiyentini namoyish etadi va -35°C gacha bo‘lgan qahratonda ham muammosiz ishga tushadi.

2026 yilning bahorida «aqlli» elektromobillarni rivojlantirishga bag‘ishlangan forumda Li Shufu bugungi kunda metanol transportini qo‘llab-quvvatlash dasturlari Xitoyning 20 ta provinsiyasi va 39 ta shahrida amal qilayotganini ma’lum qildi.

Neft o‘rniga ko‘mir

Pekinning bunday qat’iy siyosati ortida sof pragmatik hisob-kitob — energetika xavfsizligi masalasi yotibdi. Umuman olganda, Xitoy o‘z energiya ehtiyojining qariyb 85 foizini asosan ko‘mir hisobiga qoplaydi: mamlakatda bu mahsulot zaxirasi yetarli va ichki energiya iste’molining yarmidan ko‘pi aynan uning hissasiga to‘g‘ri keladi. Neft bilan bog‘liq vaziyat esa butunlay aksincha: mamlakat o‘zi iste’mol qiladigan neftning 70–72 foizini xorijdan sotib oladi. Xitoy idoralarining prognozlariga ko‘ra, bu qaramlik kamida 2030 yilgacha shu darajada saqlanib qoladi.

Ma’lumki, Xitoyda metanol sanoat miqyosida aynan ko‘mirdan olinadi. Shu tariqa, har bir metanolli mashina texnik jihatdan import qilinadigan neft o‘rnini mahalliy ko‘mir hisobiga qoplaydi.

Bunday mantiq, ayniqsa, yuk mashinalariga kelganda o‘zini to‘la oqlaydi. Xitoydagi yuk mashinalarining aksariyati yakka tartibdagi xususiy tashuvchilarga tegishli. Ular uchun ulkan batareyali, qimmatbaho elektr shatakchi mashinalarini xarid qilish o‘ta og‘irlik qiladi. Metanol dvigatelining narxi esa oddiy dizel dvigatelinikiga qariyb teng, deya ta’kidlaydi «Methanol Institute» soha assotsiatsiyasi. Aynan shuning uchun ham, «Geely» so‘nggi yillarda asosiy e’tiborni elektromobillar allaqachon to‘liq hukmronlik o‘rnatgan ommaviy xususiy avtoparkka emas, balki birinchi navbatda tijorat transportiga qaratmoqda.

Ko‘mirning ikkinchi tomoni

«Metanol g‘oyasi»ning o‘ziga xos zaif tomoni ham bor, biroq XXRda bu haqda ortiqcha gapirishni xush ko‘rishmaydi. Ko‘mirdan ishlab chiqarilgan yoqilg‘i benzin yoki dizelga qaraganda tabiatda ancha katta uglerod izini qoldiradi. Boshqacha qilib aytganda, metanol dvigatelining o‘zi benzinli dvigatelga nisbatan tozaroq bo‘lishi mumkin, ammo unga mo‘ljallangan yoqilg‘i ko‘mirdan olinar ekan, bu usulni mutlaqo ekologik toza deb atab bo‘lmaydi.

Darvoqe, Energetika iqtisodiyoti instituti (IEEFA) tadqiqotlariga ko‘ra, Xitoyda elektromobillarga kiritilgan umumiy investitsiyalar shahar muhiti uchun ancha foydali va xavfsizroq ekani o‘z tasdig‘ini topgan.

«Geely» ushbu ekologik ziddiyatdan chiqish yo‘lini ko‘mirdan emas, balki sanoatdan ajralib chiqayotgan karbonat angidrid gazini tutib qolish orqali sintez qilinadigan «yashil» metanoldan izlamoqda. Kompaniya 2015 yildan buyon Islandiyaning «Carbon Recycling International» korxonasi bilan hamkorlik qilib keladi va Xenan provinsiyasida CO₂ dan yiliga 110 ming tonna metanol ishlab chiqaruvchi zavod barpo etmoqda.

Рисунок4

Shunga qaramay, bunday ekologik loyihalar quvvati hozirgi mashinalar uchun yoqilg‘ining asosiy qismini ishlab chiqarayotgan ko‘mir-metanol sanoati ko‘lami bilan taqqoslaganda, hozircha ummondan bir tomchi, xolos.

Qolaversa, metanolning o‘zida maishiy jihatdan yanada jiddiyroq kamchiliklar mavjud: uning yuqori konsentratsiyada nafas yo‘llariga kirishi o‘ta xavfli, inson organizmiga tushishi esa muqarrar o‘limga olib keladi. Uning ustiga, metanolning bir litridagi energiya quvvati benzinga qaraganda taxminan ikki barobar kam. Bu esa kattaroq sig‘imli bak va tez-tez yoqilg‘i quyishni talab qiladi. Yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i esa hamon asosan dastlabki tajriba loyihalari o‘tkazilgan hududlardagina to‘plangan. Bu mintaqalardan tashqarida esa metanolli avtomobilga hozircha yoqilg‘i quyadigan joyning o‘zi yo‘q.

Teglar

Mavzuga oid