Logo

Qozog‘istonliklarni rus tilini bilmagani uchun haqoratlagan rossiyalik bloger mamlakatdan chiqarib yuborildi

Bugun 17:441 daqiqa

U shahar markazida odamlar «vigvamlarda yashashi, ot minib yurishi kerak», degan fikrni bildirgan. Yana bir efirda rus tilini bilmaydiganlarni «badbo‘y» deb atagan. Unga besh yil davomida mamlakatga kirish taqiqlandi.

Qozog‘istonliklarni rus tilini bilmagani uchun haqoratlagan rossiyalik bloger mamlakatdan chiqarib yuborildi

Ostonada Rossiya fuqarosi Kseniya Guzayeva, ijtimoiy tarmoqlarda Fasoollka taxallusi bilan tanilgan strimer, ma’muriy javobgarlikka tortilib, Qozog‘istondan chiqarib yuborildi. Bu haqda Ostona politsiyasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Guzayevaning ijtimoiy tarmoqlardagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirlari monitoring qilingan va ularda provokatsion hamda odob-axloq me’yorlariga zid fikrlar bildirgani aniqlangan.

«Xorij fuqarosi sud qarori bilan jarima shaklida ma’muriy javobgarlikka tortildi. Uning qonunda belgilangan tartibda mamlakat hududidan chiqib ketishi bo‘yicha choralar ko‘rildi. Qonunchilikka muvofiq, unga Qozog‘istonga besh yil muddatga kirish cheklanadi», — deyiladi politsiya xabarida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Guzayeva o‘z efirlarida Qozog‘iston va uning aholisi haqida haqoratomuz gaplarni aytgan. Jumladan, u shahar markazida odamlar «vigvamlarda yashashi, ot minib yurishi kerak», degan fikrni bildirgan. Yana bir efirda u «Olmaota qishlog‘ida bittadan ko‘p Starbucks bormi?» deya savol bergan va rus tilini bilmaydigan qozog‘istonliklarni «badbo‘y» deb atagan.

Keyinroq u o‘z so‘zlari uchun uzr so‘rab, bu noo‘rin hazil bo‘lganini aytgan.

13-avgust kuni Ostona politsiyasi blogerning mamlakatdan chiqib ketayotgani aks etgan videoni ham e’lon qildi. Idora unga nisbatan sud qarori asosida ma’muriy chora ko‘rilganini yana bir bor tasdiqladi.

Politsiya Qozog‘iston xorijiy fuqarolar va mamlakat mehmonlari uchun ochiq ekani, biroq ular qonunlarga rioya qilishi va davlat hamda uning fuqarolariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid