
AQSH–Eron muzokaralari fonida neft arzonlashmoqda
Bugun Ummonda o‘tishi rejalashtirilgan AQSH–Eron muzokaralari arafasida neft narxlari so‘nggi yetti haftada ilk bor haftalik pasayishga yaqin turibdi.

Bugun, 6-fevral kuni AQSH neft fyucherslari biroz ko‘tarildi, ammo ta’minot bilan bog‘liq xavotirlar pasayishi va investorlar kun davomida Ummonda bo‘lib o‘tadigan AQSH–Eron yadroviy muzokaralari natijasiga e’tibor qaratgani sababli narxlar so‘nggi yetti haftada ilk bor haftalik pasayishni qayd etish arafasida turibdi. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.
«Brent» markasidagi neft fyucherslari 25 sentga, yoki 0,4 foizga oshib, bir barreli 67,80 dollarga yetdi. AQSHning «West Texas Intermediate» (WTI) nefti ham 25 sentga, yoki 0,4 foizga qimmatlab, bir barreli 63,54 dollardan savdolandi.
Ko‘rsatkichlar yanvar oyi oxirida, AQSH prezidenti Donald Tramp Eronga zarba berish bilan tahdid qilgan paytda erishilgan qariyb olti oylik eng yuqori darajalardan 3 foizdan ortiqqa pasaygan. Ayni paytda tomonlar bugun, 6-fevral kuni Ummonda muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Biroq Tehron va Vashington uchrashuv kun tartibi bo‘yicha hali kelishib olmagan. Eron faqat yadroviy masalalarni muhokama qilishni istamoqda, AQSH esa Eronning ballistik raketalari, mintaqadagi qurollangan guruhlarni qo‘llab-quvvatlashi va mamlakat ichidagi aholiga munosabati masalalarini ham kun tartibiga kiritishni talab qilmoqda.
«Ikki tomon pozitsiyalari hali ham keskin farq qiladi, bu esa taranglikni saqlab qolmoqda. Shu bois geosiyosiy xavf premiyasi saqlanib qoladi», – dedi «ANZ» banki tahlilchisi Daniel Hayns 6-fevral kuni e’lon qilingan sharhida.
AQSH va Eron o‘rtasidagi keskinlikning har qanday kuchayishi neft oqimlarini izdan chiqarishi mumkin. Chunki jahonda iste’mol qilinadigan neft hajmining taxminan beshdan bir qismi Ummon va Eron o‘rtasida joylashgan Hormuz bo‘g‘ozi orqali tashiladi. Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Quvayt va Iroq neftining asosiy qismini aynan shu bo‘g‘oz orqali eksport qiladi. OPEK a’zosi bo‘lgan Eron ham neftini shu yo‘l bilan jo‘natadi.
Agar AQSH–Eron muzokaralari mintaqada mojaro ehtimolini kamaytirsa, neft narxlari yanada pasayishi mumkin.
«Biz geosiyosiy qo‘rquvlar o‘rnini zaif fundamental omillar egallashini kutyapmiz», – deydi «Capital Economics» tahlilchilari.
Ular Qozog‘istonda neft qazib olish hajmining tiklanishi narxlarni pasaytirishga xizmat qilib, 2026 yil oxiriga kelib neft narxi bir barreli 50 dollar atrofiga tushishi mumkinligini qayd etgan.





