
Armaniston TIV Solovyovning so‘zlari uchun Rossiya elchisiga norozilik notasi topshirdi
Armaniston propagandachi aytgan fikrlarni «Respublikasi suverenitetiga nomaqbul tajovuz, dushmanlik ko‘rinishi» deb baholadi.

Rossiyaning Armanistondagi elchisi Sergey Kopirkin mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. Diplomatga Kreml propagandachisi,teleboshlovchi Vladimir Solovyovning ochiqdan-ochiq «xalqaro huquq va tartibga tupurgan» holda Armaniston va Markaziy Osiyo respublikalari hududida «maxsus harbiy operatsiya» o‘tkazish haqidagi chiqishi yuzasidan rasmiy norozilik notasi topshirildi. Bu haqda Armaniston TIV matbuot kotibi Ani Badalyan ma’lum qildi.
«Unga davlat telekanali dasturida berilgan bayonotlardan chuqur norozilik bildirilgan norozilik notasi topshirildi. Ular Armaniston Respublikasi suverenitetiga nomaqbul tajovuz, dushmanlik ko‘rinishi va Armaniston va Rossiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning asosiy tamoyillarini qo‘pol ravishda buzayotgani ta’kidlandi», — degan Badalyan.
Rossiya va Armaniston rasman yaqin ittifoqchilar hisoblanadi — har ikki davlat KXSHT va Bojxona ittifoqiga a’zo. Biroq, Rossiya o‘z ittifoqchisini qo‘llab-quvvatlashdan amalda bosh tortgan Ozarboyjon bilan mojaro fonida, rasmiy Yerevan borgan sari AQSH va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik qilish yo‘llarini izlamoqda. Rossiya telekanallari efirlarida Nikol Pashinyan hukumatining xatti-harakatlari muntazam ravishda tanqid qilib kelinadi.
Eslatib o‘tamiz, propagandachi bir necha kun avvalgi efirlaridan birida Rossiya, xuddi AQSH Venesuelada qilganidek, «xalqaro huquqqa tupurishi» va Armaniston hamda Markaziy Osiyo respublikalarining Rossiya «ta’sir doirasi»dan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ularning ichki ishlariga kuch bilan aralashish imkoniyatini ko‘rib chiqishi kerakligi haqida ahmoqona fikr bildirgandi.
«Armanistondan ayrilish — bu biz uchun strategik inqirozdir. «Bizning Osiyo», ya’ni ular Markaziy Osiyo deb ataydigan mintaqadagi muammolar esa Rossiya uchun halokatli xavf tug‘dirishi mumkin. Biz nihoyat maqsad va vazifalarimizni keskin va aniq belgilab olishimiz shart. Shuni ochiq aytish kerakki: o‘yinlar tugadi. Xalqaro huquq va soxta tartib-qoidalarga qarashning hojati yo‘q. Agar milliy xavfsizligimizni himoya qilish uchun Ukrainada maxsus harbiy operatsiya boshlashga majbur bo‘lgan bo‘lsak, nima uchun aynan shu mantiq bilan ta’sir doiramizning boshqa strategik nuqtalarida ham xuddi shunday harakatlarni amalga oshira olmaymiz?» — degandi u.
Markaziy Osiyo davlatlarida ham jamoatchilik orasida bu fikrlar keskin norozilikni keltirib chiqardi. Xususan, o‘zbekistonliklar rasmiylardan qat’iy munosabat bildirishni so‘rab, MO davlatlari birgalikda nota berishi kerakligini ta’kidlamoqda.





