
Armaniston va Ozarboyjon hozircha sulh shartnomasini imzolamagan: AQSHdagi uchrashuv faqat rasmiyatchilikmi?
11.08.2025 | 12:00181828
Oq uyda Tramp huzurida nimalar bo‘lgani va «Tramp yo‘li» deb atalgan yo‘lak nima bo‘lishi haqida tushuntiramiz.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning Vashingtondagi uchrashuvi ko‘plab hayajonli reaksiyalarga sabab bo‘ldi. Oq uy uni tarixiy deb atadi, g‘arbdagi ko‘plab jurnalistlar esa AQSH prezidenti Donald Tramp vositachiligida 35 yildan ortiq davom etgan mojaroga nihoya berilgani haqida yozdi. Hatto Pashinyan va Aliyevning o‘zi ham Tramp tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq, deb rozi bo‘lishdi. Biroq aslida vaziyat unchalik yorug‘ va oddiy emas.
Kavkaz mintaqasi bo‘yicha mutaxassis Roman Chernikov «Meduza» nashri uchun AQSHda aslida nimalar bo‘lganini va mamlakatlar hal etishi kerak bo‘lgan masalalar haqida tushuntirib berdi.
Aslida sulh shartnomasi hamon imzolanmagan. Oq uydagi uchrashuv esa ko‘z-ko‘z qilinuvchi marosimdan boshqa narsa emas
Tramp Truth Social’da «official Peace Signing Ceremony» («sulh shartnomasini imzolashning rasmiy marosimi») iborasini tilga olib, ko‘pchilikni adashtirdi. Natijada Associated Press, CNBC, Euronews kabi ko‘plab xalqaro OAV aynan shu ifodada xabar berdi. Aslida esa tomonlar faqat yetti bandidan iborat, yetarlicha sodda va aniq mazmundagi deklaratsiyani imzolashdi.
Uning ilk bandida shunday deyiladi:
«Biz va Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald J. Tramp tomonlar tashqi ishlar vazirlari tomonidan «Ozarboyjon Respublikasi va Armaniston Respublikasi o‘rtasida tinchlik va davlatlararo munosabatlarni o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim»ning kelishilgan matnini imzolashiga guvoh bo‘ldik. Shu munosabat bilan Bitimni imzolash va yakuniy ratifikatsiya qilishga qaratilgan harakatlarni davom ettirish zarurligini tan oldik va mamlakatlarimiz o‘rtasida tinchlikni saqlash va mustahkamlash muhimligini ta’kidladik».
Hujjatni bosh harf quyib imzolash (ingliz tilida bu yerda initialing so‘zi ishlatilgan) — bu, aslida, har ikki tomon matnga rozi ekanini va uning ifoda va jumlalarini o‘zgartirish tarafdori bo‘lmasligini anglatadi.
«Ozarboyjon Respublikasi va Armaniston Respublikasi o‘rtasida tinchlik va davlatlararo munosabatlarni o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim»ning o‘zi 17 bandni o‘z ichiga oladi va 11 avgust kuni e’lon qilinadi. Bu muhim voqea, chunki undan oldin hujjat mazmuni haqida juda kam ma’lumot bor edi.
Shu bilan birga, tinchlik shartnomasi matni bo‘yicha muzokaralarni Armaniston va Ozarboyjon 2020 yildan keyin Rossiya, shuningdek, Bryussel va Vashington ishtirokida olib borgan. Bir vaqtlar ikki xil variant mavjudligi haqida ham gap-so‘zlar bo‘lgan (ular orasidagi farq haqida Putin ham aytgan). Biroq yakuniy kelishuv tomonlar tomonidan vositachilarsiz, mustaqil ravishda amalga oshirildi. Bu mart oyida sodir bo‘ldi, o‘shanda Armaniston so‘nggi ikki bahsli bandga rozi bo‘ldi.
Shunday qilib, Oq uydagi marosim faqatgina chiroyli rasmiy ishora bo‘ldi — ikki vazirlik vakili hujjat tayyorligini besh oy avvalyoq tan olgan edi. Ammo davlat rahbarlari uni qachon imzolashi hali noma’lum.
Modomiki, bu tinchlik shartnomasi emas ekan, nima uchun Aliyev va Pashinyan Donald Trampga bunchalik faol minnatdorchilik bildirishdi?
Ham Yerevan, ham Boku uchun Tramp bilan yaxshi munosabatlar muhim — shundan kelib chiqib, mojaro kuchaygan taqdirda, kelishuvni buzishda qarshi tomonni ayblab, Trampga murojaat qilish mumkin bo‘ladi. Bu ayniqsa zaif holatda turgan Armaniston uchun muhim. Donald Trampning Janubiy Kavkazdagi mojaro tugaganiga ishonchi — kamida yaqin uch yilga, AQSHdagi navbatdagi prezidentlik saylovlarigacha, Yerevan uchun yangi urushdan himoya hisoblanadi.
Tomonlar chinakam sulh shartnomasini imzolashi uchun nimalar sodir bo‘lishi kerak?
Ozarboyjona rasmiy Yerevan oldiga qo‘ygan va voz kechish niyati yo‘q ikki talab bor. Ular — 1992 yildan mojaroni tartibga solish bilan shug‘ullangan YeXHT Minsk guruhini tugatish hamda Armaniston Konstitutsiyasini o‘zgartirish. Bokuga ko‘ra, bosh qomusda hududiy da’volar mavjud.
Bu bahsli masala. Armaniston Konstitutsiyasining preambulasidan mamlakat Mustaqillik deklaratsiyasiga havola bor, unda esa u «1989 yil 1 dekabrdagi Armaniston SSR Oliy Kengashi va Tog‘li Qorabog‘ Milliy Kengashining «Armaniston SSR va Tog‘li Qorabog‘ning qo‘shilishi» to‘g‘risidagi qo‘shma qaroriga asoslangan holda, 1918 yil 28 mayda tuzilgan mustaqil Armaniston Respublikasining demokratik an’analarini rivojlantirish» asosida yozilgani qayd etilgan.
«Armaniston SSR va Tog‘li Qorabog‘ning qo‘shilishi» tezisi butun mojaroning ildizi va, tabiiyki, Boku uchun jiddiy bezovtalik manbai hisoblanadi. Ular kelgusida Armaniston qandaydir hukumati unga tayanib, Qorabog‘ni qaytadan tortib olishga urinshi mumkinligini aytishadi. Shu bilan birga, bu bahsni osongina rad etish mumkin: agar siyosatchi haqiqatan ham yangi urush boshlashni istasa, Konstitutsiyadagi qaysidir ifoda yo‘qligi uni to‘xtatmaydi.
Hozircha faqat birinchi talabni bajarish bo‘yicha ilgarilash kuzatilmoqda. Vashingtonda imzolangan boshqa hujjatlar orasida Armaniston va Ozarboyjonning YeXHTga mojaro yakunlangani munosabati bilan Minsk guruhini yopish to‘g‘risidagi qo‘shma murojaati ham bor. Biroq buning o‘zi yetarli emas — qaror YeXHTga a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari tomonidan 4–5 dekabr kunlari Venadagi yig‘ilishda ovoz berish orqali qabul qilinadi. Bu qaror qabul qilinishiga deyarli shubha yo‘q.
Armaniston Konstitutsiyasi bilan esa vaziyat ancha murakkab. Nikol Pashinyan bu borada o‘z yondashuvini bir necha bor o‘zgartirgan: goh 2027 yilda konstitutsiyaviy referendum o‘tkazishini e’lon qilgan, goh o‘zgarishlar kerak emasligini aytgan.
Bundan tashqari, Pashinyan may oyi oxirida tinchlik shartnomasi bo‘yicha qo‘shimcha tekshiruv darajasini taklif qildi: «Agar Konstitutsiyaviy sud Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi tinchlik shartnomasi matni Konstitutsiyamizga mos kelmaydi, deb topsa, men konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni boshlayman, chunki bu tinchlik jarayoni va tinchlik shartnomasi qoldirib bo‘lmaydi. Biz jamiyatimizni bu o‘zgarishni amalga oshirish uchun ishontirishga harakat qilamiz…»
Bu ritorika ko‘proq populistik tusga ega. Albatta, tinchlik shartnomasi loyihasini Konstitutsiyaviy sudga yuborish mumkin, ammo bu Ilhom Aliyevni aslo ishontirolmaydi. Shuning uchun Pashinyanga, ehtimol, Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritishga to‘g‘ri keladi, lekin u bunga faqat 2026 yil iyunidagi parlament saylovlaridan so‘ng kirishadi, o‘z reytingini pasaytirib qo‘ymaslik uchun.
Pashinyanning saylovoldi kampaniyasi, shubhasiz, tanlangan diplomatik kurs tufayli mamlakat haqiqiy tinchlik shartnomasiga imzo chekishga maksimal yaqinlashgani va dunyodagi eng qudratli davlat — AQSHdan xavfsizlik kafolatlarini olgani haqidagi tezisga quriladi. Biroq bu jarayonni yakunlash uchun so‘nggi qadam — Pashinyan uchun yana bir bor ovoz berish talab etiladi. Shundan so‘ng Armaniston hokimiyati turli noommabop choralar (masalan, chegarani delimitatsiya qilish) bilan shug‘ullanishi va referendumga tayyorgarlik ko‘rishi mumkin bo‘ladi.
Sulh shartnomasi Armanistonning Qorabog‘dan to‘liq voz kechishini anglatadimi? Armanlar hech qachon u yerga qayta olmaydimi?
Hali shartnoma matni e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, bu savolga ishonch bilan javob berish mumkin — ha. Hujjat mutlaqo ikki davlatning hududiy yaxlitligini tan olishni o‘z ichiga oladi, shu tamoyilga ko‘ra esa, Qorabog‘ — Ozarboyjon hududi hisoblanadi.
Ikki davlat o‘rtasida Qorabog‘dagi arman aholisining huquqlarini nazarda tutuvchi shartnoma loyihalari ilgari ham ishlab chiqilgan, ammo, birinchidan, bu 2023 yil sentyabrigacha (Armaniston Qorabog‘ni yo‘qotganidan oldin) sodir bo‘lgan, ikkinchidan — bunga javoban Ozarboyjon nizo boshlanishida, 80-yillar oxiri — 90-yillar boshida Armanistondan quvilgan ozarboyjonlarning qaytib kelish huquqini shartnomaga kiritishni talab qilgan.
Bundan tashqari, arman jamoatchiligini Bokudagi arman mahbuslarining taqdiri ham jiddiy tashvishga solmoqda — ular orasida Qorabog‘ning sobiq rahbarlari ham, oddiy harbiylar ham bor. Ozarboyjon ularni harbiy asir sifatida tan olishdan bosh tortmoqda, chunki ular 2020 yil 9 noyabridan keyin qo‘lga olingan. Biroq, ularning ozod qilinishi ham tinchlik shartnomasida kafolatlanmagan — Boku bu masalani siyosiy ko‘zir vositasi sifatida kelajakka qoldirmoqchi.
Hamma «Tramp yo‘li» haqida gapirmoqda. U nima o‘zi?
Bu «Zangezur koridori» deb ataluvchi, ya’ni Ozarboyjonning asosiy qismida Naxichivonga Armaniston hududi orqali o‘tadigan yo‘ldir. Garchi uning ochilishi tinchlik shartnomasida nazarda tutilmagan bo‘lsa-da (bu masala shunchalik ko‘p bahslarga sabab bo‘ldiki, uni chiqarib tashlashga to‘g‘ri kelgan), Boku bu yo‘lni ochish g‘oyasidan voz kechish niyati yo‘qligini doim ta’kidlab kelgan.
Biroq aynan Donald Tramp ma’muriyati, aftidan, ham Bokuni, ham Yerevanni qoniqtirgan taklifni berdi. Uning tafsilotlari hozircha noaniq, ammo mohiyati shundaki, yo‘lning Armaniston hududidagi qismini qandaydir amerikalik kompaniya boshqaradi. Loyiha esa juda dabdabali nomlangan — Trump Road for International Peace and Prosperity (TRIPP).
Tafsilotlar ehtimol shu kuni, lekin boshqa bir hujjatda — Armaniston Respublikasi hukumati va Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati o‘rtasida «Tinchlik chorrahasi» loyihasi bo‘yicha salohiyatni rivojlantirishda hamkorlik haqidagi anglashuv memorandumida qayd etilgan.
Loyiha matni hali e’lon qilinmagan, biroq taraflarning asosiy talablari ancha vaqtdan beri ma’lum. Boku harakat «to‘sqinliksiz» bo‘lishi kerakligini (bu so‘z uch tomonlama deklaratsiyada bor) talab qilsa, Yerevan yo‘lni «koridor» deb atash mumkin emasligini, u Armaniston qonunchiligi va milliy suverenitetga hurmat asosida faoliyat yuritishi kerakligini ta’kidlamoqda. Bu ziddiyatli punktlar o‘rtasida qanday muvozanat topilishi — hozircha noma’lum.
Pashinyan yana bir «hududlar almashinuvi» haqida so‘z ochdi. Bu nima degani?
Armaniston prezidentining bu gapini ikki xil talqin qilish mumkin. Bir tomondan, ikki davlatning amaldagi chegarasi bo‘ylab (u faqat Tavush oblastining kichik bir qismidagina delimitatsiya va demarkatsiya qilingan) haqiqatan ham Ozarboyjon yoki Armaniston qo‘shinlari tomonidan okkupatsiya qilingan hududlar bor.
Asosan bu faqat tog‘ yoki ko‘l sohili bo‘ladi, lekin ba’zi hollarda raqib nazorati ostida qabriston, yaylov yoki suv inshooti ham bo‘lishi mumkin — masalan, Syunik oblastining Nerkin Xand qishlog‘ida. Tavushdagi delimitatsiya tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bunday almashinuvlar mumkin, ammo norozi tomonlar baribir bo‘ladi — deyarli aniq, kimningdir yer uchastkalari yangi chegara chizig‘idan u yoqda qoladi.
Biroq tomonlar hali muhokama ham qilmagan ancha murakkab va nozik masala bor. Bu — Armaniston hududidagi Ozarboyjon anklavlari. Ular mamlakatning asosiy yo‘llarida yoki ularga yaqin joyda joylashgan — Kyarki, Yuqari Askipara va Sofulu.
Nazariy jihatdan davlatlarning bir-birining hududiy yaxlitligini tan olishi Ozarboyjon ushbu qishloqlar ustidan nazoratni qayta qo‘lga kiritishi va u yerda chegarachilar, keyinchalik esa aholi joylashtirishini anglatadi. Biroq bu yerlarga Armaniston hududi orqali qandaydir ishlaydigan o‘tish mexanizmini tasavvur qilish juda qiyin.
Boshqa tomondan, Yerevanning Bokuga ushbu anklavlardan voz kechishi uchun taklif etadigan hech narsasi yo‘q. Ozarboyjon hududida faqat bitta arman anklavi bor — Arsvashen, va u ancha kam qimmatga ega. Bu tog‘larda joylashgan, faqat mahalliy ahamiyatga ega yo‘l o‘tadigan qishloq bo‘lib, unga muqobil yo‘llar mavjud.
Shu bilan birga, Bokuga Yuqori Askipara anklavini topshirish Yerevan–Tbilisi shossesining Ozarboyjon harbiylari tomonidan ikki tomonlama doimiy o‘t ochish nazorati ostida qolishini anglatadi. Agar ikki davlat o‘rtasidagi tinchlik amalda mustahkam bo‘lmasa, bu muhim siyosiy ko‘zirga aylanishi mumkin.
Aliyev, Pashinyan va Tramp kelishuvlariga Moskvada qanday qaraydi? Axir bu Rossiyaning Janubiy Kavkazdagi ta’sirini yo‘qotishini anglatmaydimi?
Ha, anglatadi — ayniqsa transport kommunikatsiyalari sohasida. 2020 yildan keyin yo‘llarni ochish masalasi Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchuk ishtirokidagi komissiya tomonidan ko‘rib chiqilardi, 2020 yil 9 noyabrdagi kelishuv esa «Zangezur koridori»ni kim nazorat qilishi aniq belgilagan edi — Rossiya chegarachilari. Biroq o‘tgan yil kuzida Yerevan komissiya faoliyati «konsensus yo‘qligi» sabab de-fakto to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Rossiya chegarachilari omili hanuz kuchda qolmoqda — ular hali ham Armaniston–Eron chegarasini qo‘riqlamoqda (garchi endi «Agarak» nazorat-o‘tkazish bekatida hujjatlarni tekshirishda ishtirok etmayotgan bo‘lsalar ham), demak, ular qandaydir tarzda amerikaliklar bilan qo‘shni bo‘lishlariga to‘g‘ri keladi.
Biroq Donald Tramp bilan munosabatlar faqat Yerevan va Boku uchun emas, Rossiya uchun ham muhim, shuning uchun Moskvada Vashingtondagi «tinchlik sammiti»ni tanqid qilishmadi.
«Janubiy Kavkaz respublikalari rahbarlarining AQSH vositachiligida Vashingtonda uchrashuvi ijobiy bahoga loyiq. Ushbu qadam tinchlik kun tartibini ilgari surishga yordam beradi, deb umid qilamiz», — dedi RF TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova. Shu bilan birga, bu ajablanarli emas — Moskvaning mintaqaga haqiqiy ta’siri 2023 yilda, armanlarning Qorabog‘dan chiqishi bilanoq yo‘qotilgan edi.
Rossiya «Tramp yo‘li»dan Turkiya va Eron bilan temir yo‘l aloqalari uchun foydalana oladimi — hozircha javobi yo‘q savol. Nikol Pashinyan esa Moskvaga bunday imkoniyat saqlanishini allaqachon ma’lum qilgan.
Eron-chi? Axir «Tramp yo‘li» to‘g‘ridan to‘g‘ri uning chegarasi bo‘ylab o‘tadi. Tehron amerikaliklarning bu mavjudligiga ko‘nadimi?
Rostdan ham, Vashingtondan kelgan yangiliklarga Eron hukumati reaksiyasi hozircha eng qattiq bo‘ldi. Eron Oliy rahnamosi maslahatchisi Ali Akbar Viloyatiy Ozarboyjonni Naxichivon bilan bog‘lash uchun Eron hududidan foydalanishni davom ettirish mumkinligini aytdi va «Tramp yo‘li» barpo etilishiga Rossiya bilan birga yoki undan mustaqil ravishda to‘sqinlik qilajagini qo‘shib qo‘ydi. «NATO Rossiya va Eron orasiga bo‘g‘ma ilondek uzala tushib olmoqchi, ammo Eron bunga yo‘l qo‘ymaydi», — dedi u.
Muhimi, hozir Eron kompaniyasi Armanistonning Syunik oblastida mamlakatning shimoli va janubini bog‘laydigan yo‘l qurmoqda. Demak, eronlik quruvchilar ham baribir amerika kompaniyasi ishchilari bilan to‘qnash kelishiga to‘g‘ri keladi (ularning yo‘llari deyarli bir-biriga perpendikulyar), va ularning yo‘nalishlari qanday kesishishi — muhim injenerlik va siyosiy yechim bo‘ladi.





