KXDRdan AQSHga keskin ogohlantirish: «Pandora qutisi» ochilishi mumkin
Shimoliy Koreya AQSHning yadroviy salohiyatini oshirishi va texnologiyalarni ittifoqchilariga tarqatishi «dahshatli yadroviy halokat» xavfini kuchaytirayotganini bildirdi.

Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) Tashqi ishlar vazirligi AQSHning yadroviy salohiyatini oshirishi va yadroviy texnologiyalarni ittifoqchilariga tarqatishi xalqaro yadroviy tartibni izdan chiqarayotganini ma’lum qildi. Vazirlik bu harakatlar davom etsa, «dahshatli yadroviy halokat» yuz berishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda 29-sentabr kuni KXDR Tashqi ishlar vazirligi memorandumida aytilgan.
Vazirlikning ta’kidlashicha, AQSHning yadroviy kuchlarini jadal rivojlantirishi va yadroviy texnologiyalarni boshqa davlatlarga tarqatishi xalqaro yadroviy tartibni «to‘liq vayron bo‘lish» holatiga olib kelgan.
«Agar AQSHning yadroviy texnologiyalarni vertikal va gorizontal tarqatish bo‘yicha harakatlari bundan keyin ham jazosiz qolsa, «Pandora qutisi» to‘liq ochiladi va insoniyat ustida dahshatli yadroviy halokat xavfi paydo bo‘ladi», — deyiladi memorandumda.
Pxenyan AUKUS va Janubiy Koreya bilan hamkorlikni tilga oldi
KXDR TIV AQSHni yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha majburiyatlaridan voz kechish, o‘zining yadroviy salohiyatini oshirish hamda yadroviy texnologiyalarni ittifoqchilari o‘rtasida tarqatishda aybladi.
Memorandumda AQSHning AUKUS doirasidagi hamkorligiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Pxenyan Vashington Yaponiya, Janubiy Koreya, Yangi Zelandiya va Kanadani ushbu hamkorlikka jalb qilishga harakat qilayotganini bildirgan.
«AQSH AUKUSga o‘z ittifoqchilarini, jumladan Yaponiya, Janubiy Koreya, Yangi Zelandiya va Kanadani jalb qilishga urinmoqda. Bu esa uni nomi bilan ham, mazmuni bilan ham dunyodagi eng yirik atom suvosti kemalari alyansiga aylantirish maqsadini ko‘rsatadi», — deyiladi hujjatda.
KXDR Janubiy Koreyaning atom suvosti kemalariga ega bo‘lishiga AQSH tomonidan berilgan rozilikni ham yadroviy texnologiyalarni AUKUS modeli asosida tarqatishning yana bir belgisi sifatida baholagan. Pxenyan bu holat Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi harbiy-siyosiy vaziyatga yangi beqarorlik omilini qo‘shayotganini ta’kidlagan.
KXDR Tashqi ishlar vazirligi xalqaro yadroviy tartibdagi vaziyat Pxenyandan «tinchlikni himoya qilish va global strategik barqarorlikni ta’minlashda yanada faol rol o‘ynashni» talab qilayotganini bildirgan.
Shu bilan birga, Janubiy Koreyaning birlashtirish vazirligi vakili KXDR memorandumi Pxenyanning o‘z yadroviy dasturini himoya qilishga qaratilgani haqida fikr bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, KXDR hujjatda Vashingtonning yadroviy siyosatidagi «ikki xil yondashuv»ni urg‘ulagan.





