
BAA sun’iy intellekt sohasida yetakchilikka jiddiy bel bog‘lamoqda
16.05.2025 | 09:3331752
BAA hukumati sun’iy intellekt sohasida yetakchi markazga aylanishni maqsad qilmoqda. Bu harakat mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va neftdan keladigan daromadga bog‘liqlikni kamaytirish strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Al-Jazeera muxbiri Hoshim Ahilbarraning ta’kidlashicha, BAA sun’iy intellekt infratuzilmasi, yarimo‘tkazgichlar, energetika va ishlab chiqarish sohalariga katta e’tibor qaratayapti. Oq uy mart oyida ushbu sohalarga doir 10 yillik, 1,4 trln dollarlik hamkorlik dasturi tuzilganini ma’lum qildi. Ushbu dastur AQSH iqtisodiyotiga BAA investitsiyasini sezilarli darajada oshirishni nazarda tutadi.
Ahilbarraning qayd etishicha, BAA sun’iy intellekt markaziga aylanish niyatida Vashington bilan mikrosxemalar yetkazib berish yuzasidan kelishuvga erishishga harakat qilmoqda. Bu kelishuv amalga oshsa, BAA sun’iy intellekt sohasidagi eng muhim o‘yinchiga aylanishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu jarayonda Saudiya Arabistoni keyingi o‘rinda turadi.
Mamlakatning texnologik salohiyatini mustahkamlash orqali BAA nafaqat mintaqaviy, balki global raqobatda ham o‘z o‘rnini mustahkamlashga intilmoqda.





