add

Bank depozitlari foizi 2022-yildan beri eng past darajaga tushdi (infografika)

Kecha 22:403 daqiqa

O‘zbekistonda jami muddatli depozitlarning o‘rtacha foiz stavkasi 18,4 foizgacha pasaydi. Bu 2022-yildan beri eng past ko‘rsatkich. Aholi depozitlari ham 2023-yilgi darajaga tushib ketdi. Depozitlar bo‘yicha so‘nggi yillardagi vaziyat bilan Vaqt.uz infografikasida tanishing:

Bank depozitlari foizi 2022-yildan beri eng past darajaga tushdi (infografika)

2025 yil so‘nggida O‘zbekiston banklaridagi jami muddatli depozitlarning o‘rtacha foiz stavkasi 18,4 foizgacha pasaydi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda

18,4 foizlik ko‘rsatkich jami depozitlar uchun 2022-yilning martidan beri eng past daraja hisoblanadi. 

O‘rtacha aholi depozitlari esa dekabr oyida 20,6 foizgacha pasayib, 2023-yilning martidan beri eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.

Yuridik shaxslar (biznes) uchun depozitlar 16,4 foizligicha qoldi. Biroq, bu ko‘rsatkich bir necha oydan beri pasayib kelmoqda. 

Depozitlar pasayishiga 2025-yil boshida banklardagi aholi omonatlari bo‘yicha maksimal foiz stavka pasaygani asosiy sabab bo‘ldi. 

Dastlab yil boshida Markaziy bank topshirig‘i bilan banklardagi omonatlarning maksimal foiz stavkasi 27 foizdan 26 foizga pasaytirildi.

Bu holat fevral oyida sodir bo‘lgan bo‘lsa, shu bilan cheklovlar to‘xtab qolmadi. Aprel oyidan boshlab omonatlarning maksimal foiz stavkasi 23 foizgacha cheklandi. 

O‘shanda Bankers.uz nashrining banklardagi manbalari omonat stavkalarining barcha banklarda sinxron ravishda pasaytirilishi Markaziy bank tomonidan banklarga berilgan «ko‘rsatma» ekanini aytgandi

Omonatlar real ko‘rinishda o‘smoqda, biroq kreditlar ham

Aholi omonatlarining real foiz stavkasi 2025-yilda 1,5 foizga ko‘tarilib, 8,2 foizgacha o‘sdi. Bu mamlakatda inflatsiya va inflyatsion kutilmalar rekord darajada pasaygani bilan bog‘liq. 

Real foiz stavka — bu nominal foiz stavkadan inflyatsion kutilmalar darajasi ayrilgandan keyin shakllanadigan, foiz daromadining haqiqiy samaradorligini aks ettiruvchi ko‘rsatkich. 

Shunga qaramay, yil davomida aholiga ajratilgan kreditlarning real foiz stavkasi ham 1,4 foizga ko‘tarilib, uzoq vaqtdan beri birinchi marta 10,1 foizni tashkil qildi. 

Bu omonatlar jozibador bo‘lib borayotgan bo‘lsada, kreditlar ham ular bilan deyarli bir xil o‘sayotganini ko‘rsatadi. 

2026-yilda omonat ochish foydali bo‘ladimi? 

Joriy yilda ham O‘zbekistonda inflatsiya ko‘rsatkichi pasayib boradi. Hukumat idoralari yil oxirida inflatsiya 6,5 foiz atrofida bo‘lishini (hozirda 7,3 foiz) kutmoqda. 

Bu omonat ochishga qo‘shimcha cheklovlar bo‘lmagan taqdirda, omonatlarning real foiz stavkasi 2026 yilda ham o‘sishda davom etishini bildiradi. 

Foizlar hozirgiga yaqin saqlanib qolsa, inflatsiya va inflyatsion kutilmalar pasayishi real foiz stavkasi o‘sishga yordam beradi. 2027–2028-yillarda inflatsiya 5 foizgacha tushishi kutilmoqda. 

Yaxshi rivojlanmagan fond bozori, ko‘chmas mulk bozoridagi mo‘’tadillik fonida omonat ochish to‘g‘ri investitsion qaror bo‘lishi mumkin. 

Masalan, 2025-yilda O‘zbekistonda ikkilamchi bozorda uy-joy narxlari 8 foizga oshdi. Bu ko‘rsatkich omonatlar bo‘yicha daromaddan ancha past.

Bundan tashqari, omonatlarning kafolatli ekani ham ularga investorlarni jalb qiladi. Qonunchilikka ko‘ra, banklarda 200 mln so‘mgacha omonatlar davlat tomonidan kafolatlanadi. 

Bu har bir bankka nisbatan alohida qo‘llaniladi. Shu tariqa omonatchilar bir nechta bankka pul qo‘yish orqali kafolat miqdorini oshirish imkoniyatiga ega. 

Omonatlarga muqobil bo‘lishi mumkin bo‘lgan sarmoya vosiyati — oltinning narxi 2026-yilda o‘sishda davom etishi kutilmoqda. Investorlar uchun bu ham jozibador variantlardan biri sifatida qaralmoqda. 

Oltinga O‘zbekistonda qanday qilib sarmoya qilish haqida bu yerdan o‘qish mumkin

Oltin qisqa muddatdan ko‘ra, uzoqroq muddat uchun ishonchli sarmoya vositasi hisoblanadi.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 48

Barchasi

Mavzuga oid