«Bepul» suiqasdning achchiq bahosi: Isroil AQSHni «botqoqqa botirdi»

Kecha 21:306 daqiqa

Lorijoniyning o‘limi ortidan AQSH va Eron o‘rtasidagi kelishuv ehtimoli yo‘qqa chiqdi. Isroilning so‘nggi uch haftadagi harakatlari mantig‘iga tayanilsa, «o‘lim ro‘yxati»dagi navbatdagi nishonlar — Araqchi va Pizishkiyon.

«Bepul» suiqasdning achchiq bahosi: Isroil AQSHni «botqoqqa botirdi»

16-mart tunida Isroil aviatsiyasi Eron milliy xavfsizlik kengashi kotibi, Oyatulloh Xomanaiy halok bo‘lganidan so‘ng mamlakatning amaldagi rahbariga aylangan Ali Lorijoniyni o‘ldirdi.

Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar bunga o‘ziga xos tarzda munosabat bildirib: «Uning boshi uchun 10 million dollar mukofot va’da qilingan edi. Biz esa bu ishni mutlaqo bepul amalga oshirdik», — dedi.

Ushbu bayonotning keskin va kinoyali ohangi shunchaki harbiy hisobotdan ko‘ra chuqurroq ma’noni anglatadi. Isroil go‘yoki AQSHning pulini tejab, unga katta yordam bergandek ko‘rinmoqda. Aslida esa, bu «yordam» AQSH uchun juda qimmatga tushdi: Isroilning bu qadami tufayli tinchlik muzokaralari to‘xtadi, muhim dengiz yo‘llari yopildi va neft narxi keskin ko‘tarilib ketdi.

1

Ikki marta o‘ldirilgan odam

Ali Lorijoniy aslida jismoniy o‘limidan ancha avval siyosiy jihatdan «o‘ldirilgan» edi. Eron ultrakonservatorlari yillar davomida uning prezidentlikka bo‘lgan intilishlariga to‘sqinlik qilib, oxir-oqibat uni parlament spikeri lavozimidan ketishga majburlashdi. Buning sababi shundaki, mafkuraga asoslangan har qanday tuzum eng ko‘p cho‘chiydigan xavf — bu pragmatik fikrlaydigan shaxsdir va konservatorlar Lorijoniy timsolida aynan shunday «xavf»ni ko‘rishgan edi.

Oyatullohlar boshqaradigan mamlakatda u kostyum kiyib yurardi, Kant haqida kitoblar yozdi. U kelishuvlarga tayyor edi — va ularni tuzishni ham qoyillatardi. 2015-yilda Obama bilan tuzilgan yadroviy bitimning Eron parlamentida qo‘llab-quvvatlanishini aynan u ta’minlagan edi. O‘shanda ayrim deputatlar Amerika bilan tuzilgan har qanday shartnoma xoinlik ekanini aytib hayqirishganda, Lorijoniy ular bilan bahslashib o‘tirmadi. U shunchaki kerakli ovozlarni to‘pladi.

U Oq uy uchun maqbul muzokarachi va Vashington ilgari ham muloqot o‘rnatgan tajribali siyosiy arbob edi.

Urush boshlanishidan avvalgi kunlarda O‘mon muzokaralar tashkil etishga uringan paytda Eron pozitsiyasining shartlarini aynan Lorijoniy belgilab bergan. Oyatulloh Xomanaiy vafoti hamda uning o‘g‘li Mo‘jtaboning siyosiy sahnadan g‘oyib bo‘lishi ortidan Lorijoniy hukumatning bosh vakili va asosiy siyosiy figurasiga aylandi. U davlat boshqaruvining barcha richaglarini o‘z qo‘lida jamlagan markaziy shaxs sifatida namoyon bo‘ldi. 

«Biz o‘ylagan odamlarning aksariyati halok bo‘ldi»

Aftidan, Donald Tramp bu urushga aniq reja bilan kirishgan edi. Unga ko‘ra, tezkor zarba orqali tuzumni boshsiz qoldirish va hokimiyatda yuzaga kelgan bo‘shliqni Vashington bilan hamkorlik qilishga tayyor pragmatiklar bilan to‘ldirish maqsad qilingandi. Bu xuddi Venesuela ssenariysiga o‘xshardi: Maduroni hokimiyatdan chetlatib, o‘rniga sodiq vorisni olib kelish va neftga egalik qilish.

Biroq urushning dastlabki soatlaridayoq nimadir rejadagidek ketmayotgani oydinlashdi. 28-fevral kungi zarbalar kutilganidan-da aniqroq chiqdi. Oyatulloh Xomanaiy mudofaa vaziri, bosh shtab boshlig‘i, Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni va xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi bilan birgalikda halok bo‘ldi. Ular bilan bir qatorda, Vashington kelajakda hamkorlik qilishni ko‘zda tutgan shaxslar ham qurbon bo‘ldi.

«Biz o‘ylagan odamlarning aksariyati halok bo‘lgan. Endi bizda boshqa bir guruh bor. Xabarlarga qaraganda, ular ham halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Tez orada uchinchi to‘lqin ham keladi. Yaqin orada biz umuman hech kimni tanimay qolamiz», — dedi Tramp oradan bir necha kun o‘tib.

Oddiy qilib aytganda bu holat tom ma’noda «loyga botish» deyiladi.

Lorijoniyning o‘limidan so‘ng esa bu botqoq yanada chuqurlashdi. Eron strategiyani tizimli siyosatga aylantira oladigan, katta tajriba va ta’sir doirasiga ega bo‘lgan, shuningdek, barcha hokimiyat markazlari bilan birdek aloqa o‘rnata oladigan pragmatik shaxsdan ayrildi.

2

Isroil har doimgidek kelishuvga qarshi

Binyamin Netanyaxu o‘z vaqtida bu haqda ehtiyotsizlik bilan (yoki ataylab) og‘zidan gullab qo‘ygan edi. Isroil ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Netanyaxu yopiq muloqotlar chog‘ida G‘azo sektorida HAMASning hokimiyat tepasida bo‘lishi Isroilning manfaatlariga mos kelishini tan olgan. Buning sababi oddiy: Falastin milliy ma’muriyatidan farqli o‘laroq, HAMAS bilan mustaqil Falastin davlatini tuzish bo‘yicha muzokaralar olib borishning hojati yo‘q. Muloqot uchun munosib sherikning yo‘qligi esa Isroilga nisbatan xalqaro siyosiy bosimning keskin kamayishini anglatardi.  

Ayni paytda ham xuddi shu mantiq ish bermoqda.

Qachonki AQSH va Eron o‘zaro kelishuvga yaqinlashmasin — xoh 2015 yoki 2022-yillarda bo‘lsin, xoh joriy yilning boshida Jenevada yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilayotgan paytda bo‘lsin — Isroil uni barbod qilish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qildi. Netanyaxuning shaxsan o‘zi AQSH Kongressida chiqish qilib, Obama davridagi bitimga keskin qarshilik bildirgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Tehron va Vashington o‘zaro dastlabki kelishuvga erishish arafasida turganda, aynan Isroil birinchi bo‘lib zarba bergan.

Va mana endi navbat Lorijoniyga keldi. MEE nashri manbalariga ko‘ra, u so‘nggi kunlarda sobiq prezident Ruhoniy bilan birgalikda Mo‘jtabo Xomanaiyning oliy rahbar etib tasdiqlanishini kechiktirish va mo‘’tadilroq muqobil variantni topish ustida ishlagan.   

O‘limidan sanoqli soatlar oldin ham u «Al-Quds kuni» munosabati bilan o‘tkazilgan namoyishlar safida oldinda bordi. U shu yo‘l bilan Vashingtonga Erondagi tizim hamon jipsligini va boshqaruv jilovi qo‘ldan ketmaganini namoyish etayotgan markaziy figura edi.

Isroil ertasi kuniyoq uni — Tramp bilan bitim tuzib, bu qon to‘kilishini to‘xtata oladigan yagona insonni o‘ldirdi. Navbatdagi nishonlar kim ekani kunday ravshan: Pizishkiyon, Araqchi — xullas, muzokaralar uchun telefon go‘shagini ko‘tarishga qodir bo‘lgan har qanday shaxs.

Tramp aldangan

Shu bilan birga, Tramp ma’muriyatining ichida «xavotirli signallar» deb ataluvchi holatlar tobora ko‘paymoqda.

Milliy aksilterror markazi direktori, o‘n bitta jangovar safarni o‘tagan va Trampning o‘zi «terrorchilar ovchisi» deb ta’riflagan Jo Kent iste’foga chiqdi. U o‘zining ochiq xatida Eron AQSH uchun bevosita tahdid tug‘dirmaganini, bu urush esa Isroil va uning Vashingtondagi lobbisi bosimi ostida boshlab yuborilganini yozib qoldirdi.

«Isroilning yuqori martabali mulozimlari va AQSHning nufuzli ommaviy axborot vositalari yolg‘on ma’lumotlar tarqatish kampaniyasini boshlab, Eron go‘yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf solayotganiga va g‘alaba tez qo‘lga kiritilishiga sizni ishontirishdi. Biroq bu yolg‘on. Isroil xuddi shu taktikadan foydalanib, vaqtida bizni Iroqdagi halokatli urushga tortib kirgan va bu minglab eng sara yigitlarimizning yostig‘ini quritgan edi», — deb yozdi u Trampga murojaatida.

Jo Kent uchun Eron urushi chuqur shaxsiy fojia ham hisoblanadi: uning turmush o‘rtog‘i, harbiy kriptolog Shennon Kent 2019-yilda Suriyada halok bo‘lgan edi. U o‘sha urushni ham Isroil tomonidan uyushtirilgan fitna deb biladi.

Tramp uni «irodasiz» deb atadi.

Biroq boshi berk ko‘chaga kirib qolganlik belgilari tobora ko‘payib bormoqda. AQSH «Tomahawk» qanotli raketalarining ko‘p yillik zaxirasini sarflab yubordi. THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimlari Janubiy Koreyadan olib chiqib ketildi. Dengiz ekspeditsiya korpusi Tinch okeani hududidan Yaqin Sharqqa tashlandi. Neft narxi bir barrel uchun 100 dollardan oshib ketdi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi esa to‘sib qo‘yilgan.

Tramp urushda «allaqachon g‘alaba qozonildi» demoqda. Ammo saylovlar yaqinlashyapti, cho‘zilib ketgan urushlar esa odatda Amerika prezidentlarining «boshiga yetadi».

Isroil tanlayotgan yakun

Tramp Vashingtonda tilga olishni unchalik xush ko‘rmaydigan haqiqatni ochiq aytdi: ushbu urushda AQSH va Isroilning maqsadlari «bir oz farq qilishi mumkin». U bu farq aynan nimada ekaniga aniqlik kiritmadi.

Biroq AQSH prezidentining mantig‘i kunday ravshan.

AQSH bu jarayondan chiqib ketmoqchi. Trampga «biz g‘alaba qozondik» deb aytish imkonini beradigan va oraliq saylovlar oldidan bor e’tiborni ichki siyosatga qaratishga yo‘l ochadigan har qanday natija — xoh u harbiy zafar, xoh siyosiy bitim bo‘lsin — Oq uy uchun hozirda ayni muddaodir.

Isroil esa urush davom etishini xohlaydi. Eronning har bir qurbon bo‘lgan pragmatik siyosatchisi — Isroil uchun muzokaralardan bosh tortish yo‘lidagi navbatdagi bahonadir. Ularning o‘rnini egallayotgan har bir ashaddiy siyosatchi esa — «ko‘rib turibsizlar, muzokara o‘tkazadigan munosib sherikning o‘zi yo‘q» deb o‘zini oqlash va harbiy harakatlarni davom ettirish uchun qo‘shimcha dalil bo‘lib xizmat qiladi.

Lorijoniyning o‘ldirilishi bir haqiqatni tasdiqladi: urush Tramp istagan paytda emas, balki Isroil xohlagandagina to‘xtaydi. Bu — butun bir vaziyatga berilgan yakuniy va qat’iy xulosadir.

Teglar

Mavzuga oid