
BMT xavotirda: Markaziy Osiyoda suv zaxirasi 12 foizga kamaydi
FAO'ga ko‘ra, Markaziy Osiyoda suv tanqisligining asosiy sababi uning nomutanosib taqsimlanishida: mintaqadagi barcha suv olish hajmining 82 foizi qishloq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri keladi.

Jahonda suv inqirozi kuchayib bormoqda: so‘nggi o‘n yil ichida aholi jon boshiga qayta tiklanadigan suv resurslarining mavjudligi global miqyosda yana 7 foizga pasaydi. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasi 2015 yildan buyon bu ko‘rsatkich bo‘yicha 12 foiz yo‘qotish bilan dunyodagi eng yuqori suv tanqisligiga uchrayotgan hududlardan biri bo‘lib qolmoqda.
FAO'ning AQUASTAT ma’lumotlar bazasi yangi tahlilini e’lon qildi. Unga ko‘ra, har yili tabiiy gidrologik sikl oqibatida yangilanadigan chuchuk suv resurslariga bosim butun dunyoda o‘sib bormoqda. Ekspertlar suv taqchilligini o‘lchash uchun suv resurslariga tushadigan yuklama darajasini ifodalovchi «suv stressi» ko‘rsatkichidan foydalanadilar. Bu ko‘rsatkich suv olish hajmining uning zaxiralariga nisbatidir.
Markaziy Osiyodagi suv stressining asosiy sababi — suvdan foydalanish tuzilmasidir: mintaqada barcha suv olish hajmining 82 foizi qishloq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri keladi. 2022 yilda Markaziy Osiyodagi suv stressi darajasi 70,2 foizni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, Shimoliy Afrikada bu ko‘rsatkich 121 foiz, Janubiy Osiyoda esa 76,7 foizga yetgan. Yuqori stress darajasi yillik suv olish tabiiy zaxira hajmiga yaqinlashayotgani yoki uni oshib ketayotganini anglatadi, bu esa ekotizimlar va iqtisodiyotlarning barqarorligiga tahdid soladi.
Shu bilan birga, FAO Markaziy Osiyo mintaqasida resurslarni boshqarishda ijobiy o‘zgarishlarni qayd etdi. Xususan, 2015 yildagi 123 million metr kubdan 2022 yilga kelib umumiy chuchuk suv olish hajmi 9 foizga (112 million metr kubgacha) qisqargan. Oqibatda, suv stressi darajasi ham 76,8 foizdan 70,2 foizga tushib, 8,6 foizga kamaygan.
Global miqyosda ham qishloq xo‘jaligi dunyodagi eng yirik suv iste’molchisi bo‘lib qolmoqda. FAOo suvdan foydalanish samaradorligini oshirish sohasidagi yaxshilanishlar, jumladan, Markaziy Osiyoda ham kuzatilayotganini ta’kidlamoqda. Biroq, aksariyat qurg‘oqchil mintaqalardagi yuqori stress darajasi uzoq muddatli moslashuv va barqaror boshqaruv zarurligini yana bir bor ko‘rsatadi.



