Davlat maktab va bog‘chalari yerlarining sotilishi: qonunchilikdagi bshliqlar
Maktab va bog‘chalar yerlarini DXSH asosida berish tashabbusi muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bu qaror ijtimoiy tengsizlikni kuchaytirishi va davlat ta’lim muassasalarining kelajakda kengayish imkoniyatini cheklashi mumkin.

Endi maktab va bog‘chalar hududidagi bo‘sh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida bog‘chalar qurilganda, ijara to‘lovlari 30 yilgacha undirilmaydi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev maktab va bog‘chalarning bo‘sh turgan yerlarida har qanday qurilishlar taqiqlansa yaxshi ekanini yozdi. Shuningdek, «Avval iqtisod…» dasturida iqtisodchi Otabek Bakirov bu tashabbusni keskin tanqid qildi. Uning aytishicha, bu jarayonning ildizlari 2017 yillarga borib taqaladi.
O‘sha davrda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash shiori ostida ko‘plab maktab stadionlari va bo‘sh yer maydonlari sotilgan. Hududlarda yuzlab, respublika bo‘yicha minglab maktab yerlarining xususiylashtirilgani haqida ma’lumotlar berilgan.
Prokuraturaga tekshiruv topshirilganidan keyin bu jarayon ma’lum muddat to‘xtagandek bo‘ldi. Biroq 2022 yil yozidan boshlab davlat maktabi yoki bog‘chasi hududida xususiy ta’lim muassasasi qurish tashabbuslari yana paydo bo‘ldi. Bakirovga ko‘ra, maktab va bog‘chalar keng yer maydoni bilan qurilganining sababi bor. Ular aholi o‘sishi, bolalar soni ortishi hisobga olinib, kelajakda quvvatni oshirish imkoniyati bilan loyihalashtirilgan.
«Masalan, 420 o‘rinli maktab yoniga qo‘shimcha bino qurib quvvatni kengaytirish mumkin. 120 o‘rinli bog‘cha hududida ham yangi korpus qurish imkoni bor. Bu yerlarni auksionga chiqarish o‘rniga davlatning o‘zi investitsiya kiritishi kerak», dedi u.
Uning ta’kidlashicha, yirik shaharlarda, jumladan Toshkentda ham sotilmagan yer deyarli qolmagan. Endi navbat ta’lim muassasalarining hududlariga kelmoqda.
Qonunchilik va partiya pozitsiyasi: va’da bajarildimi?
Ayni paytda O‘zbekistonda maktab, bog‘cha va davlat shifoxonalari yer maydonlarini turli vositalar bilan egallab olishga qarshi aniq va qat’iy qonunchilik normalari mavjud emasligi ta’kidlanmoqda.
Xususan, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi saylovoldi dasturida davlat ta’lim va tibbiyot muassasalari yerlarini xususiylashtirishni taqiqlash bo‘yicha aniq va’da bergan edi. Partiya o‘tgan yilgi saylov kampaniyasi vaqtida istirohat bog‘lari, bolalar oromgohlari, sayilgohlar, ta’lim va tibbiyotga oid davlat obyektlari hamda ularning hududlarini sotish, xususiylashtirish yoki begonalashtirishni qonun bilan taqiqlash, bunday harakatlar uchun javobgarlik belgilash tashabbusini ilgari surgan. Bu taklif partiyaning 2024 yilgi dasturiga ham kiritilgan edi.
Vaqt.uz mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi vakilidan izoh oldi. Partiya matbuot kotibi Murodilla Mahmudovga ko‘ra, saylovoldi dasturida ko‘tarilgan tashabbus asosida «Yer uchastkalaridan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan va parlament muhokamasiga kiritilgan.
Ma’lum qilinishicha, mazkur hujjat 2025 yil 7-yanvarda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan, 20-fevralda Senat ma’qullagan va 5-may kuni O‘RQ-1061-son Qonun sifatida kuchga kirgan. Unga ko‘ra, aholining madaniy-maishiy ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan davlat yerlarini xususiylashtirish yoki boshqa shaklda begonalashtirish taqiqlangan. Shuningdek, bunday hududlarda qurilish qilish, mavjud binolar maydonini kengaytirish yoki yer hududini qisqartirish cheklangan, qonun buzilganda jinoiy javobgarlik kuchaytirilgan.
Biroq asosiy savol hanuz ochiq qolmoqda: ushbu normalar maktab va davlat shifoxonalari yerlariga to‘liq va aniq tatbiq etiladimi?
«Saylovoldi dasturimizda ijtimoiy obyektlarni himoya qilish masalasi ko‘tarilgan. Maktab va kasalxonalar ham amalda ijtimoiy obyektlar sirasiga kiradi. Yangi chaqiriqda birinchi bo‘lib shu masala yuzasidan qonun loyihasini taqdim etdik. Uch bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan edi. Istirohat bog‘lari va parklarni saqlab qolish bo‘yicha qonun qabul qilinishiga erishildi. Ta’lim va sog‘liqni saqlash obyektlari bo‘yicha esa loyiha tayyorlash ishlari davom etmoqda», — dedi partiya vakili.
Shu bilan birga, qonun ishlab chiqish murakkab jarayon ekani, hujjatni puxta ishlab chiqish uchun vaqt va ekspertlik xulosalari zarurligi qayd etildi.
Ammo jarayon davom etayotgan bir paytda hududlarda maktab va bog‘chalar yerlaridan DXSH asosida foydalanish tashabbuslari paydo bo‘layotgani qo‘shimcha savollar tug‘dirmoqda. Qonun loyihasi yakuniga yetguncha bunday yerlar taqdiri qanday hal etiladi — bu esa hozircha aniq javobga ega emas.
Xususan, Vaqt.uz avvalroq Toshkent shahrining Yunusobod tumanida maktab ichida maktab qurilayotganidan norozi aholining fikrini o‘rgangan edi.
Ijtimoiy tabaqalanish xavfi
Iqtisodchi Otabek Bakirov aytganidek, agar bunday takliflar ketma-ket tasdiqlansa, jamiyatda allaqachon kuchayib borayotgan ijtimoiy tengsizlik yanada ildiz otadi. Bir hududda kam ta’minlangan oilalar farzandlari davlat bog‘chasiga qatnashsa, yonida aynan shu yer maydonida qurilgan xususiy bog‘chaga moliyaviy imkoniyati yuqori oilalar bolalari boradi.
Natijada, bolalar bog‘chadan boshlab ijtimoiy holatiga qarab ajraladi. Bir tomonda basseyn va zamonaviy sharoitlar, boshqa tomonda esa infratuzilmasi yetarli bo‘lmagan davlat muassasasi paydo bo‘lishi mumkin. Bu esa ochiq ijtimoiy tafovutni shakllantiradi.
Shu kabi yondashuv davlat maktablari va shifoxonalariga ham tatbiq etilsa, davlat maktabi yerida xususiy maktab, davlat shifoxonasi hududida xususiy klinika qad rostlashi jamiyatda tabaqalanishni kuchaytiradi.
Muqobil yo‘l qanday?
Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, davlat muassasalarining bo‘sh yer maydonlari xususiy loyihalar uchun emas, aynan o‘sha muassasaning o‘zini kengaytirish uchun xizmat qilishi kerak.
«Davlat bog‘chasining bo‘sh maydoni bo‘lsa, u yerda faqat davlat bog‘chasi qurilishi kerak. Davlat maktabining qo‘shimcha yer zaxirasi bo‘lsa, yangi davlat binosi qurilishi maqsadga muvofiq. Davlat shifoxonasi yonida yer bo‘lsa, u yerda ham davlat tibbiyot muassasasi kengaytirilishi lozim», — dedi u.
Bakirov ta’lim davlatning birinchi ijtimoiy ne’mati bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, aynan shu sohalarda yer va infratuzilmani xususiylashtirish qat’iy huquqiy cheklovlar bilan tartibga solinishi zarurligini qayd etdi.
«Ta’lim davlatning birinchi ijtimoiy ne’mati bo‘lishi kerak. Maktab va bog‘chalar yerlarini xususiylashtirishni qonun bilan taqiqlash lozim», — deydi iqtisodchi.
Xulosa shuki, davlat maktab va bog‘chalari yerlarini davlat-xususiy sheriklik asosida berish masalasi oddiy qurilish yoki ijara masalasi emas. Bu qaror jamiyatda allaqachon kuchayib borayotgan ijtimoiy tengsizlikni yanada chuqurlashtirishi, shuningdek davlat maktab va bog‘chalarining kelajakda kengayish imkoniyatini cheklab qo‘yishi mumkin.
Masalani tartibga solishning yagona to‘g‘ri yo‘li — uni aniq va puxta qonunchilik asosida hal qilish. Ayniqsa, davlatning eng muhim ijtimoiy obyektlari hisoblangan maktab va bog‘chalar bo‘yicha hech qanday bo‘shliq qoldirmaydigan, turlicha talqinga o‘rin bermaydigan qat’iy qonun hujjati qabul qilinishi zarur.
Teglar






