
Donbassni na olib bo‘ladi, na voz kechib: Ukrainadagi urushni hal qiluvchi 4 ssenariy
Muzokaralar stoli tayyor, ammo undagi asosiy mavzu — Donbass hali ham ikki o‘t orasida. Abu-Dabidagi uchrashuvda xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha siljish bo‘lgan bo‘lsa-da, hududiy masala «o‘tib bo‘lmas ko‘prik»ka aylangan. Ikki million insonning yostig‘ini quritgan bu nizo qachon va qanday tugaydi?
© Фото: trtrussian.com Ukrainada tinchlik o‘rnatish muzokaralari davom etmoqda, ammo u hali-hanuz oldinga siljigani yo‘q. Rossiya va Ukraina AQSH vositachiligida Abu-Dabida uchrashib, o‘z pozitsiyalarini bildirdi-yu, har bir tomon o‘z fikrida qolgan holda tarqalishdi. Davlat kotibi Marko Rubio Senatdagi eshituvlarda aytishicha, xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuvga erishilgan, ammo hududiy masala — bu hali «o‘tilishi lozim bo‘lgan ko‘prikdir». Ushbu ko‘prik esa — Donbass.
Nima uchun aynan shu yer nizolarning asosiy nuqtasiga aylandi? Gap faqat ko‘mir, titan va nodir metallarda emas. Donetsk viloyatining Kiyev nazoratida bo‘lgan qismi — bular Slavyansk va Kramatorsk bo‘lib, ular o‘n yil davomida mustahkamlangan haqiqiy qal’a-shaharlardir. Ulardan g‘arb tomon esa to Dnepr daryosigacha keng tekisliklar cho‘zilgan. Ukraina uchun bu marralarni berish — mamlakat ichkarisiga yo‘l ochish demakdir. Rossiya uchun esa bu — Ukraina rahbariyati xavotir olganidek, yanada ichkariroq harakatlanish imkonini beruvchi strategik tayanch nuqtasiga aylanishi mumkin.
Har ikki tomon bu yer uchun o‘ta og‘ir badal to‘ladi, shuning uchun ham undan osonlikcha voz kechib bo‘lmaydi. «Go‘sht qiymalagich»ga qiyoslangan Baxmut — bu qonli muhorabalarning ramzlaridan biri, xolos. AQSHning Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlarning umumiy yo‘qotishlari ikki million kishiga yaqinlashib qolgan. Shuncha qurbon berilgandan keyin har qanday murosaga kelish xiyonatdek qabul qilinmoqda.
Shunday bo‘lsa-da, tarix bunday boshi berk ko‘chalardan chiqish yo‘llarini biladi. Asosiy masala — tomonlarda bunga nisbatan samimiy xohish, o‘tkir zehn va siyosiy iroda topilarmikan?
Birinchi variant: Demilitarizatsiya qilingan zona
Amerikaning 28 banddan iborat dastlabki rejasida aynan shu taklif ilgari surilgan edi. Rejaning 21-bandi g‘arbiy Donbass hududida «neytral demilitarizatsiya qilingan bufer zona» tashkil etishni nazarda tutardi. Unga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlari ushbu hududdan chiqib ketishi, Rossiya kuchlari esa u yerga kirmasligi kerak edi. Natijada bu yer «hech kimniki» — yoki aniqrog‘i, umumiy hududga aylanishi lozim edi.
Biroq asosiy muammo tafsilotlarda. Ushbu zonani kim boshqaradi? Aholi xavfsizligini kim ta’minlaydi? Rossiya u yerga armiya o‘rniga o‘z Milliy gvardiyasi va politsiyasini joylashtirishni taklif qildi. Kiyev uchun esa bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmas holat: Rossiya formasidagi politsiya — baribir o‘sha bosqinchi, faqat boshqa nom ostida, xolos.
Ikkinchi variant: Kosovo modeli
Amerikalik tahlilchi Edvard Jozef 1999 yilda Kosovo maqomi masalasini «muzlatib qo‘ygan» BMT Xavfsizlik Kengashining 1244-sonli rezolyutsiyasini namuna sifatida olishni taklif qildi. O‘shanda hudud rasman Serbiyaning bir qismi bo‘lib qolgan, ammo boshqaruv BMT va xalqaro kuchlar qo‘liga o‘tgan edi. Suverenitet masalasi esa keyinga qoldirilgan va hamon ortga surib kelinmoqda.
Ukraina misolida bu quyidagicha ko‘rinish olishi mumkin: g‘arbiy Donbassda xalqaro tinchlikparvar kuchlar Ukraina armiyasining o‘rnini egallaydi, Rossiya qo‘shinlari o‘z chiziqlarida qoladi, hududning kimga tegishli ekani esa qachonlardir — noaniq kelajakda o‘tkaziladigan referendumlar orqali hal etiladi.
Bunga mantiq oddiy: agar yer kimniki ekanini hozir hal qilib bo‘lmasa, qaror qabul qilishni keyinga surish kerak. Ammo tanqidchilar bir muhim farqni ta’kidlamoqda: Serbiya NATOga qarshi urushda mag‘lub bo‘lgani uchun 1244-sonli rezolyutsiyani qabul qilishga majbur bo‘lgan. Rossiya mag‘lubiyati esa e’lon qilinmagan va o‘z da’volaridan ixtiyoriy ravishda voz kechish niyatida emas.
Uchinchi variant: Erkin iqtisodiy zona
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Vashington Donbassning bir qismini demilitarizatsiya qilingan erkin iqtisodiy zonaga aylantirishni taklif qilganini aytgan edi. Bunda na Rossiya va na Ukraina qo‘shinlari bo‘ladi. Har ikki yo‘nalishda erkin savdo yo‘lga qo‘yiladi va hudud maxsus maqomga ega bo‘ladi.
Bu g‘oya katta davlat tarkibidagi o‘z qoidalariga ega bo‘lgan hududlar — Gonkong yoki Makaoni eslatadi. Ammo bu qoidalarning kafolati kim bo‘ladi? Qolaversa, bir necha yildan keyin Rossiyaning, xuddi Qrimda bo‘lgani kabi, hudud aholisi «uyga qaytishni xohlamoqda» deb e’lon qilishiga nima to‘sqinlik qiladi?
To‘rtinchi variant: Aralash boshqaruv
Ba’zi ekspertlar harbiy va fuqarolik nazoratini bir-biridan ajratishni taklif qilmoqda. Bunda Rossiya istehkomlardan o‘ziga qarshi foydalanilmasligi bo‘yicha kafolatlarga ega bo‘ladi. Ukraina esa fuqarolik boshqaruvidagi o‘z rolini saqlab qoladi: maktablar, shifoxonalar, hujjatlar va sudlar uning tasarrufida bo‘ladi. Aholi esa ikki tomonlama fuqarolikka ega bo‘lishi yoki ikki davlatdan birini tanlashi mumkin.
Bunday gibrid yechimlar Janubiy Tirol, Aland orollari va Shimoliy Irlandiyada o‘z samarasini bergan. Biroq u yerlarda to‘rt yillik urush va yuz minglab qurbonlar bo‘lmagan. Eng muhimi, u yerda tomonlar, pirovardida, tinchlikni xohlashgan edi. Moskva va Kiyev buni chin dildan xohlaydimi-yo‘qmi — bu hozircha ochiq savol bo‘lib qolmoqda.
Insoniy mezonlar
Chegaralar va bufer zonalar borasidagi munozaralar girdobida gap, avvalo, tirik insonlar taqdiri haqida borayotganini unutish hech gap emas. G‘arbiy Donbassda hali-hanuz 200 mingga yaqin aholi istiqomat qilmoqda. Xorijlik jurnalistlar talaffuz qilishga qiynaladigan shaharlar nomlari o‘zbekchaga «Tinchlik shahri» (Mirnograd), «Jannat qo‘rg‘oni» (Raygorodok), «Muqaddas tog‘» (Svyatogorsk) kabi ma’nolarni anglatadi. Urush boshlangunga qadar bu yerlarda konlar va zavodlar gurillab ishlagan, odamlar tomorqa qilib, qarag‘ayzorlardan qo‘ziqorin terishgan.
Bugun ushbu insonlar uchun ikki xil kelajak ko‘ndalang turibdi: yo ularning roziligisiz hududlari Rossiya nazoratiga o‘tkaziladi, yo ularning boshpanalari navbatdagi qonli jang maydoniga aylanadi. Bu variantlarning hech birini adolatli deb bo‘lmaydi.
Muzokaralarning navbatdagi bosqichi 1-fevralga belgilangan. Rossiya Federatsiyasi prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva hech qanday hujjatni ochiqchasiga muhokama qilmasligini va muzokaralar yopiq tartibda o‘tishi lozimligini ta’kidladi. Financial Times nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, Oq uy tomonidan belgilangan norasmiy muddat — 15-maydir. Shundan so‘ng AQSH ushbu jarayondan chiqishi mumkin.





