add

Epshteynning sharpasi Amerikani ta’qib qilmoqda

Kecha 08:185 daqiqa

Uzoq kutilgan Epshteyn fayllar dunyoni larzaga soldi. Bill Geytsning «rus qizlari» bilan bog‘liq sirlari, Ilon Maskning Epshteyn oroliga bo‘lgan intilishlari va shahzoda Endryuning Bukingem saroyiga taklifi oshkor bo‘ldi. Bu hujjatlar mashhurlar va siyosatchilarni fosh qildi, lekin hali ham jamoatchilikning «chanqog‘i» bosilmagan.

Epshteynning sharpasi Amerikani ta’qib qilmoqda

Uch million sahifa. Minglab ismlar. Yuzlab fotosuratlar. Ammo asosiy savolga hamon javob yo‘q: Jeffri Epshteynning jinoiy imperiyasi ortida aslida kim turgan?

30-yanvar kuni AQSH Adliya vazirligi odam savdosida ayblangan jinoyatchi ishi bo‘yicha navbatdagi — rasmiylarning ta’kidlashicha, oxirgi — hujjatlar to‘plamini e’lon qildi. Ushbu hujjatlar barcha savollarga nuqta qo‘yishi kerak edi. Biroq aksincha, bu hujjatlar jamoatchilikni junbishga keltirib, ehtiroslarni yanada alangalatib yubordi.

Mashhur va’da

2024 yilgi saylovoldi kampaniyasi davomida Donald Tramp Epshteyn va uning sherigi Gislen Maksvellga tegishli barcha materiallarni oshkor qilishga va’da bergan edi. Konservativ saylovchilarning katta qismi uchun bu muhim masala bo‘lgan: ko‘pchilik ushbu hujjatlar mashhurlar va siyosatchilarning global fitnasini fosh etishiga ishonardi.

Biroq, hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng, Tramp fayllarning faqat kichik bir qismini e’lon qildi, ushbu ishga bo‘lgan qiziqishni esa «demokratlarning provokatsiyasi» deb atadi. Natijada Kongress qolgan hujjatlarni oshkor qilishni majburiy etib belgilovchi ikki partiyaviy qonunni qabul qilishga majbur bo‘ldi. Trampni uni ikki oydan ko‘proq vaqt oldin imzoladi, biroq siyosiy zarar yetib bo‘lgan edi.

CNN telekanali tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi so‘rovnomaga ko‘ra, amerikaliklarning uchdan ikki qismi — va respublikachilarning 42 foizi — federal hukumat ma’lumotlarni qasddan yashirayotganiga ishonchi komil.

«Bu uning eng katta xatosi bo‘ldi. Epshteyn fayllari, unda nima bo‘lishidan qat’i nazar, darhol e’lon qilinishi kerak edi», — dedi konservativ radioboshlovchi Jon Frederiks.

Savollarni ko‘paytirayotgan tahrirlar

E’lon qilingan hujjatlar nafaqat o‘z mazmuni, balki qayta ishlangan shakli tufayli ham keskin tanqidlar to‘lqinini keltirib chiqardi. NPR jurnalistlari jinsiy zo‘ravonlik qurbonlarining ismlari ochiq qoldirilgan, biroq suratlardagi erkaklarning yuzlari sinchkovlik bilan xiralashtirilgan ko‘plab holatlarni aniqladi.

Trampning sobiq maslahatchisi Stiv Bennon va Epshteyn o‘rtasidagi yozishmalardan birida, hatto gazeta parchasidagi Trampning yuzi ham qora kvadrat bilan to‘sib qo‘yilgan. Buning ustiga, arxivda aynan bitta hujjat turli darajadagi tahrirlar bilan olti martagacha takrorlangan.

Epshteynga qarshi sudda ko‘rsatma bergan jabrlanuvchilardan biri Enni Farmer ushbu «xatolarni» qasddan qilingan deb atadi: «Bunchalik sifatsiz ishni oqlaydigan hech qanday vaj yo‘q».

Kongress a’zosi Aleksandriya Okasio-Kortes ham vaziyatga keskin munosabat bildirdi: «Bu fayllarning faqat kichik bir qismi, xolos. Ular barcha hujjatlarni e’lon qilishni talab qiluvchi qonunni buzgan holda, faqat o‘zlari rozi bo‘lgan qisminigina ko‘rsatishdi. Pem Bondi rahbarligidagi Adliya vazirligi hamon hujjatlarning asosiy qismini yashirib kelmoqda».

Ismlar qalqib chiqmoqda, hujjatlar esa — g‘oyib bo‘lyapti

E’lon qilingan fayllar orasida FQB tomonidan bevosita Tramp va Epshteynga tegishli o‘ndan ortiq ma’lumotlar jamlangan hisobot ham bor. Ayblovlar o‘zining og‘irligi bilan kishini hayratga soladi: Nyu-Jersida 13 yoshli qizning zo‘rlanishi, Mar-a-Lagodagi bazmlarda voyaga yetmaganlar ishtirokidagi «auksionlar», Kaliforniyadagi golf-kurortda tashkil etilgan odam savdosi tarmog‘i.

FQB ushbu da’volarning aksariyatini tasdiqlay olmadi — ularning bir qismi asossiz deb topilgan bo‘lsa, qolganlarini ariza beruvchilar bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmagani sababli tekshirishning iloji bo‘lmagan. Adliya vazirligi ushbu ayblovlarni 2020 yilgi saylovlar arafasida kelib tushganini ta’kidlab, ularni «asossiz va yolg‘on» deb atadi. Idoraning rasmiy bayonotida, «agar bu gaplarda zarracha haqiqat bo‘lganida, allaqachon prezidentga qarshi ishlatilgan bo‘lardi», — deyiladi.

Biroq aynan keyingi sodir bo‘lgan voqealar olovga moy sepdi: e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, Trampga qarshi ayblovlar aks etgan hujjatlar Adliya vazirligi saytidan olib tashlandi. Hozirda ushbu sahifalar «topilmadi» degan xatolikni ko‘rsatmoqda, vaholanki ularning nusxalari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ulgurgan.

Ma’muriyat tanqidchilari uchun bu voqealar tanlovli yondashuvning yana bir isboti bo‘ldi: qurbonlarning ismlari ochiq qolayotgan bir paytda, nufuzli erkaklarning yuzlari berkitilmoqda, prezidentning o‘ziga nisbatan ayblovlar esa rasmiy manbalardan butunlay g‘oyib bo‘lgan.

Hujjatlar, shuningdek, Epshteynning butun bir nufuzli shaxslar guruhi bilan aloqalariga oydinlik kiritadi. Ularning aksariyati moliyachi bilan munosabatlarni u 2008 yilda sudlanganidan keyin ham davom ettirgan.

Ilon Mask Epshteyn bilan bir necha yil davomida xat almashib turgan. 2012 yilda u «orolingdagi eng daxshatli bazm qaysi kuni bo‘ladi?», deb so‘ragan. Mask mazkur orolga borganini inkor etsa-da, yozishmalar u yerga tashrif buyurish bo‘yicha bir necha bor urinishlar bo‘lganidan dalolat beradi.

Microsoft asoschisi Bill Geyts Epshteyn bilan yozishmalarida pandemiya simulyatsiyasini muhokama qilgan. Ba’zi xatlarda Geyts «rus qizlaridan» jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasallik yuqtirib olgani va buni yashirishga uringani aytiladi.

Epshteyn bilan aloqalarni 2005 yildayoq uzganini iddao qilgan Savdo vaziri Govard Lyutnik esa, hujjatlarga ko‘ra, 2012 yilda uning oroliga borishni rejalashtirgan.

Britaniyalik milliarder Richard Brenson 2013 yilda Epshteynga shunday deb yozgan: «Kecha seni ko‘rganimdan juda xursand bo‘ldim. Istalgan vaqtda kelaver — faqat haramingni ham birga olib kelishni unutma!».

Shahzoda Endryu esa Epshteynni 2010 yilda — u jinsiy jinoyatlar uchun jazo muddatini o‘tab bo‘lganidan keyin ham — Bukingem saroyiga taklif qilgan.

Chok-chokidan so‘kilayotgan partiya

Epshteyn fayllar bilan bog‘liq janjallar fonida Trampning reytingi pasayishda davom etmoqda. Pew Research Center ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda uni qo‘llab-quvvatlovchilar qariyb 37 foizni tashkil etyapti — bu kuzgi ko‘rsatkichdan uch foizga past. Respublikachilarning orasida ham uning g‘oyalarini ma’qullash darajasi 67 foizdan 56 foizga tushib ketgan.

Biroq Oq uy uchun eng xavotirli belgi senator Ted Kruzning donorlar bilan o‘tkazgan yopiq uchrashuvlari yozib olingan audiofayllarning sizib chiqishi bo‘ldi. 2028 yilgi prezidentlik poygasiga ko‘z tikayotgan texaslik respublikachi ushbu hujjatlarda ham Trampni, ham vitse-prezident Vensni keskin tanqid qilgan.

«Agar 2026 yilning noyabrigacha odamlarning pensiya jamg‘armalari 30 foizga kamaysa, supermarketlardagi narxlar esa 10–20 foizga ko‘tarilsa, bizni saylovlarda haqiqiy qirg‘inbarot kutmoqda», — deya ogohlantirgan Kruz Tramp bilan telefon suhbatida. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu suhbat «juda yomon kechgan».

Trampning javobi esa o‘ta qisqa bo‘lgan: «Yo‘qol, Ted».

Chekinishni istamayotgan soya

Epshteyn ishi allaqachon shunchaki jinoiy tergov doirasidan chiqib ketgan. Millionlab amerikaliklar uchun bu nufuzli shaxslar mutlaqo boshqa qoidalar asosida yashaydigan, adolat esa tanlab amalga oshiriladigan tizimning timsoliga aylandi.

E’lon qilingan uch million sahifalik hujjatlar javoblardan ko‘ra ko‘proq savollarni keltirib chiqarmoqda. Tahrirlash ishlari o‘ta shubhali: ba’zilarning yuzi yashirilgan, boshqalarning ismlari esa ochiq qoldirilgan. Oq uy tergov yakunlanganini ta’kidlayotgan bo‘lsa-da, jamoatchilik uni davom ettirishni talab qilmoqda. Bu qarama-qarshilik davom etar ekan, Epshteynning sharpasi ham Trampni, ham butun Respublikachilar partiyasini ta’qib qilaveradi.

Kongressga oraliq saylovlar o‘tkazilishiga bir yildan kamroq vaqt qoldi. Respublikachilarning o‘zlari ham tan olayotganidek, imkoniyatlar eshigi shiddat bilan yopilib bormoqda.

 

Teglar

Mavzuga oid