
Eron Oliy rahbari 25 kundan beri ko‘rinmayapti – jamoatchilikda xavotir kuchaymoqda
Bu holat uning sog‘lig‘i, qayerdaligi va umuman mamlakatning barqarorligi borasida turli taxmin va shubhalarga sabab bo‘ldi.

Eronning Oliy rahbari Ali Xomanaiy 25 kundan buyon omma oldida ko‘rinmayapti. Bu holat uning sog‘lig‘i, qayerdaligi va umuman mamlakatning barqarorligi borasida turli taxmin va shubhalarga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Iranwire xabar berdi.
Xomanaiyning uzoq vaqt jamoatchilikdan chetda bo‘lishi, ayniqsa, u doimiy ishtirok etib kelgan Muharram oyidagi marosimlarda qatnashmagani bilan jiddiy e’tiborni tortdi. Eron ichida ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham odamlar: «U qayerda?», «Og‘ir kasalmi?», «Yashirinib olganmi?» yoki hatto «Vafot etganmi?» kabi savollarni bermoqda.
Bu g‘oyiblik Eron uchun og‘ir siyosiy bosim va xalqaro keskinliklar kuchaygan davrga to‘g‘ri keldi. Ayni vaqtda mamlakat Isroil bilan ziddiyatli vaziyatda turibdi, ichki siyosatda ham tanglik ortmoqda. Bu holat ko‘pchilikka Eron-Iroq urushi (1980–1988) davridan keyingi eng xavotirli paytni eslatmoqda.
Xomanaiy har yili odatdagidek Tehrondagi Imom Xumayniy Husayniyasida bo‘ladigan marosimlarga boshchilik qilardi. Ammo bu yil u hech qanday tadbirda ishtirok etmadi — bu esa odamlar orasidagi xavotirni yanada kuchaytirdi.
To‘g‘ri, Oliy rahbar ilgari ham ba’zida omma oldida ko‘rinmay qolgan. Lekin bu safargi vaziyat boshqacha — bu gal u butunlay g‘oyib bo‘ldi, hatto eng muhim marosimlarda ham qatnashmadi.
Shu orada Eron rasmiylari — masalan, sud tizimi rahbari G‘ulomhusayn Muhsini-Ejaiy va prezidentlikka saylangan Mas’ud Pizishkiyon kabi arboblar omma oldida faol ko‘rinmoqda. Ularning chiqishlari, go‘yoki, xalqni tinchlantirish va rahbar yo‘qligiga qaramay, davlat boshqaruvi barqarorligini ko‘rsatishga qaratilgandek tuyulmoqda.
Taxminlar
Ayrim tahlilchilar bu Xomanaiyning siyosiy bosimdan qochish uchun ataylab tanlagan strategiyasi bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Boshqalarning fikricha esa, u Tehrondagi Lavizon hududida joylashgan maxfiy bunkerga ko‘chirilgan bo‘lishi mumkin.
Xomanaiy 13 iyun kuni Isroil tomonidan Eron hududiga uyushtirilgan harbiy hujumdan so‘ng omma qarshisida ko‘rinmay qo‘ydi. Bu vaqt ichida uning ishtirokini ko‘rsatadigan uchta video e’lon qilindi. Ammo bu videolar uning ayni paytdagi holati yoki qayerda ekani haqida aniq dalillar bermaydi. Hatto oxirgi video ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilikni ishonchga emas, aksincha, xavotirga solib qo‘ydi. Ba’zilar uni sog‘ayib ketishi uchun duo qilishga chaqirdi.
E’tiborga molik chiqishlardan biri — Xomanaiyning asarlarini nashr etish bilan shug‘ullanuvchi idora vakili Mehdi Fazoiliyning so‘zlari bo‘ldi. U televideniye orqali bergan intervyusida rahbar sog‘ligi haqida so‘ralganda: «U yaxshi», deb javob berdi va shunday deya qo‘shimcha qildi: «Ibodat qilaylik. Inshaalloh, xalq bu g‘alabani Oliy rahbar bilan birga nishonlaydi».
Shuningdek, Xomanaiyning X ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntlari ham shubhalarga sabab bo‘ldi. Fors tilidagi sahifasi faolligini davom ettirayotgan bo‘lsa-da, ingliz tilidagi rasmiy akkaunt 26 iyundan buyon yangilanmagan. Uning oxirgi tvitida: «Sionistik rejim Eron Islom Respublikasiga hujum qilsa, bu ular uchun katta yo‘qotishlarga olib keladi», degan ogohlantirish yozilgan edi.
Ba’zi iddaolarga ko‘ra, Xomanaiy mamlakatni tark etgan. Masalan, jurnalist Osiyo Amini Xomanaiy Isroil samolyotlari havo nazoratini qo‘lga kiritishidan oldin Rossiyaga yuborilganini aytmoqda. U bu taxminni Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiyning Rossiyaga safari bilan bog‘laydi.
Boshqalar esa bu fikrga qarshi chiqmoqda. Ularning ta’kidlashicha, Isroil va AQSHning havo razvedkalari Eron hududida Xomanaiy uchun xavfsiz joy qolmagani haqida signal bergan.
Shunga qaramay, ayrim mutaxassislar Xomanaiyning Eronni yashirin tark etishi amalda deyarli imkonsiz deb hisoblaydi.
Munozaralar davom etmoqda. X tarmog‘idagi foydalanuvchilardan biri shunday yozgan: «Xomanaiy ikki sababga ko‘ra Eronni tark etmagan: birinchisi, u hokimiyatni boy berishdan qo‘rqadi. Ikkinchisi, u Rossiyaga ham to‘liq ishonmaydi».
Xomanaiyning uzoq davom etayotgan yo‘qligi, ayniqsa, uning har yili ishtirok etadigan Muharram marosimlarida bu safar ko‘rinmaganligi fonida, ijtimoiy tarmoqlarda hazil, norozilik va istehzo to‘lqinini yuzaga keltirdi.
«#WhereIsKhamenei» heshtegi tez orada keng tarqaldi. Ko‘plar uning g‘oyib bo‘lishini tizimdagi zaiflik, siyosiy beqarorlik va qo‘rquv belgisi sifatida talqin qilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda soxta «yo‘qolgan shaxs» e’lonlari, kulgili memlar va hajviy tvitlar paydo bo‘ldi. Bu holat odamlarning xavotirini istehzo orqali ifodalashga urinishini aks ettiradi.
Ba’zi tanqidchilar esa masalaga diniy yoki teologik yondashuv bilan qaramoqda.
Ba’zi siyosiy kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, Xomanaiy siyosat maydonidan butunlay chetlatilgan va ommaviy axborot vositalarining jim bo‘lishi jamoatchilikni uning oxir-oqibat yo‘q bo‘lishiga tayyorlash usulidir.
Mehrinoza Farmonova tayyorladi





