Logo

Yevroosiyo taraqqiyot banki 2027-yilda O‘zbekistonga 500 mln dollar investitsiya kiritmoqchi

Bugun 12:313 daqiqa

Hozirda bank mamlakatda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan 10 ta loyihani o‘rganmoqda. Ularga kiritilishi mumkin bo‘lgan investitsiyalarning umumiy qiymati 1 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda. May oyida bank iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlariga yiliga kamida 500 mln dollar miqdorida investitsiya kiritishni rejalashtirayotgani, buning uchun qiymati 2-3 mlrd dollar bo‘lgan loyiha portfeli qo‘llab-quvvatlanishini aytgandi.

Yevroosiyo taraqqiyot banki 2027-yilda O‘zbekistonga 500 mln dollar investitsiya kiritmoqchi © EDB

Yevroosiyo taraqqiyot banki 2027-yilda O‘zbekistondagi loyihalarga kamida 500 million dollar investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. 2031-yilga borib esa bankning mamlakatga kiritgan jami investitsiyalari 3 milliard dollarga yetishi mumkin. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ma’lum qildi.

Ushbu rejalar bank boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov va O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi. Tomonlar investitsiyaviy hamkorlik istiqbollari va bankning 2027–2031-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston bo‘yicha strategiyasini ham ko‘rib chiqdi.

Nikolay Podguzovning aytishicha, hozirda bank O‘zbekistonda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan 10 ta loyihani o‘rganmoqda. Ularga kiritilishi mumkin bo‘lgan investitsiyalarning umumiy qiymati 1 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.

«O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot banki uchun investitsiya kiritishdagi asosiy yo‘nalishlardan biridir. 2027 yilda mamlakatdagi loyihalarga kamida 500 million dollar investitsiya kiritishni rejalashtirganmiz. Hozirda umumiy qiymati 1 milliard dollardan oshishi mumkin bo‘lgan 10 ta istiqbolli loyihani ko‘rib chiqmoqdamiz. Davlat qarzini bevosita oshirmasdan xususiy va xalqaro kapitalni jalb qilish uchun davlat kafolatisiz moliyalashtirish vositalaridan foydalanish mumkin», — dedi bank boshqaruvi raisi.

Uchrashuvda kelgusidagi hamkorlikning beshta asosiy yo‘nalishi belgilab olindi. Ular qatoriga transport-logistika infratuzilmasi, suv va energetika xavfsizligini ta’minlash, sanoat hamda ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlik kiradi.

Shuningdek, raqamlashtirish va moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish ham ustuvor vazifalar sifatida belgilandi. Moliyaviy hamkorlik yo‘nalishi kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, eksportni moliyalashtirish, ekologik toza loyihalar hamda islomiy moliyani rivojlantirishni nazarda tutadi. Tomonlar davlat korxonalari va xususiy investorlar bilan hamkorlik masalalarini ham muhokama qildi.

Xususan, loyihalarni alohida moliyalashtirish va bir nechta bank birgalikda kredit ajratadigan sindikatlashgan kreditlash usulidan foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston 2025-yilda Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lgan. A’zolik natijasida mamlakat bank aksiyadorlari orasida kapitaldagi 10 foizlik ulushi bilan uchinchi o‘rinni egalladi. 2026-yilning may oyida bank Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochdi va O‘zbekistonda faoliyatini boshladi. O‘shanda bank rahbari mamlakat iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlariga yiliga kamida 500 million dollar miqdorida investitsiya kiritishni rejalashtirayotgani, buning uchun qiymati 2-3 milliard dollar bo‘lgan loyiha portfeli qo‘llab-quvvatlanishini aytgandi.

Yevroosiyo taraqqiyot banki Yevrosiyo hududida faoliyat yurituvchi xalqaro taraqqiyot banki hisoblanadi. U 20 yildan buyon a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va ularning rivojlanishiga ko‘maklashib kelmoqda. 2026-yilning iyun oyi oxiridagi ma’lumotlarga ko‘ra, bankning umumiy loyihalar portfeli 348 ta loyihani qamrab olgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 22,1 milliard dollarni tashkil etgan.

Investitsiyalarning asosiy qismi transport infratuzilmasi, raqamli tizimlar, yashil energetika, qishloq xo‘jaligi, sanoat va mashinasozlik kabi sohalarda bir nechta mamlakat uchun foyda keltiradigan loyihalarga yo‘naltirilgan. Bank o‘z faoliyatida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari va ESG tamoyillariga amal qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Yevroosiyo taraqqiyot banki Markaziy Osiyo uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondini tashkil etmoqchi.

Jahon banki Samarqandda tibbiyotni rivojlantirish uchun 100 mln dollar ajratgandi. Qolaversa, Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda turli sohalarni rivojlantirish uchun bir qator kreditlar ajratishi haqida xabar berilgandi. Jumladan, bank yarimo‘tkazgich sanoatini rivojlantirish uchun 50 ming dollar, elektr taqsimlash tizimini modernizatsiya qilish uchun esa 200 mln dollar kredit ajratadi. Elektr tarmoqlarini yangilash dasturiga Jahon banki ham 100 mln dollar yo‘naltirishni rejalashtirgan.

Shuningdek, OTB O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirish uchun 60 mln dollar imtiyozli kredit ajratadi. Loyiha besh hududdagi qariyb 29 mingta fermer xo‘jaligini qamrab oladi. Unga qo‘shimcha ravishda 8 mln dollar grant ham jalb qilinadi.

Teglar

Mavzuga oid