Logo

O‘zbekistonda mikromoliya tashkilotlarining xizmatlari hajmi 2,3 baravar oshdi

Bugun 15:053 daqiqa

2026-yilning yanvar–sentabr oylarida mikromoliya tashkilotlari 44,4 trln so‘mlik xizmat ko‘rsatdi. Shu davrda tijorat banklarining mikromoliya xizmatlari hajmi 24 foizga kamaydi.

O‘zbekistonda mikromoliya tashkilotlarining xizmatlari hajmi 2,3 baravar oshdi © Shutterstock

O‘zbekistonda joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida mikromoliya xizmatlari bozori hajmi 109,9 trln so‘mga yetdi. Bu haqda Markaziy bank «Mikromoliya xizmatlari bozori sharhi»da e’lon qildi. Sharhga ko‘ra, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6 trln so‘mga yoki 6 foizga ko‘p.

Mikromoliya xizmatlarining jami ajratilgan kreditlardagi ulushi 2,8 foiz punktga pasayib, 31,4 foizni tashkil etdi.

Jami 109,9 trln so‘mlik mikromoliya xizmatlarining 108,8 trln so‘mi milliy valutaga to‘g‘ri keldi. Xorijiy valutadagi xizmatlar hajmi bir yil avvalgiga nisbatan 2,1 baravar oshib, 1,1 trln so‘mga yetdi.

Xorijiy valutadagi mikrokreditlarning 74 foizini beshta bank ajratgan. Ular orasida «Davrbank» yetakchi bo‘lib, uning xorijiy valutada ajratgan mikrokreditlari hajmi 282 mlrd so‘mga teng.Keyingi o‘rinda 155 mlrd so‘m ekvivalentida mikroqarz bergan «Xalq banki» turibdi. «Kapitalbank»da bu ko‘rsatkich 135 mlrd so‘mni, «Biznesni rivojlantirish banki»da 114 mlrd so‘mni, «Hamkorbank»da esa 101 mlrd so‘mni tashkil etgan. 

Mikromoliya bozorida banklar ulushi — 56,8 foiz

To‘qqiz oyda tijorat banklari 62,4 trln so‘mlik mikromoliya xizmatlari ko‘rsatdi. Bu bozorning 56,8 foiziga teng. Bozorning 40,4 foizi mikromoliya tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Lombardlar esa 3,1 trln so‘mlik mikroqarz ajratib, bozorning 2,8 foizini egalladi.

Bir yil ichida banklardagi mikromoliya xizmatlari hajmi 20,2 trln so‘mga kamayib, pasayish asosan xususiy banklarda kuzatilgan. Ularda xizmatlar hajmi 19,2 trln so‘mga yoki 34 foizga qisqargan. Davlat ulushi bor banklarda esa pasayish 1 trln so‘mni yoki 4 foizni tashkil etgan.

Shu davrda mikromoliya tashkilotlari xizmatlari hajmi 25,2 trln so‘mga, lombardlarniki esa 1 trln so‘mga o‘sdi. O‘sishning asosiy qismini mikromoliya tashkilotlari ta’minladi.

Qisqa muddatli xizmatlar 43,8 trln so‘mga yetdi

Mikromoliya xizmatlarining 40 foizini qisqa muddatli xizmatlar egalladi. Yanvar–sentabrda bunday xizmatlar hajmi bir yil avvalgiga nisbatan 91 foizga o‘sib, 43,8 trln so‘mga yetdi. Uning 40,2 trln so‘mini mikromoliya tashkilotlari va lombardlar ko‘rsatdi.

Uzoq muddatli xizmatlar hajmi esa 18 foizga qisqarib, 66,1 trln so‘mga tushdi. Bu xizmatlarning 59 trln so‘mini tijorat banklari ko‘rsatgan. Banklar taqdim etgan mikromoliya xizmatlarining 94 foizi aynan uzoq muddatli xizmatlardan iborat.

Hududlar kesimida

Toshkent shahrida mikromoliya xizmatlari hajmi 71,3 trln so‘mga yetdi. Bu boshqa barcha hududlardagi jami hajmdan qariyb ikki baravar, ikkinchi o‘rindagi Farg‘ona viloyatidan esa qariyb 11 baravar ko‘p. Farg‘onada esa 6,6 trln so‘mlik xizmat ko‘rsatilgan. Farg‘onadan keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati (3,8 trln so‘m), Andijon (3,6 trln so‘m) va Samarqand (3,5 trln so‘m) viloyatlari joylashgan.

O‘sish sur’ati bo‘yicha Andijon peshqadam bo‘ldi. Viloyatda xizmatlar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 691 mlrd so‘mga, ya’ni 24 foizga oshdi. Bu Samarqanddagi o‘sishdan qariyb ikki baravar ko‘p. U yerda hajm 321 mlrd so‘mga, ya’ni 10 foizga ko‘paygan.

Shuningdek, Sirdaryoda ham hajm 8 foizga, ya’ni 96 mlrd so‘mga oshdi. Biroq 1,2 trln so‘mlik ko‘rsatkich bilan viloyat xizmatlar hajmi bo‘yicha hududlar orasida oxirgi o‘rinda qoldi.

Olti viloyatda mikromoliya xizmatlari hajmi qisqardi. Eng katta pasayish Namanganda kuzatildi — hajm 10 foizga kamayib, 2,1 trln so‘mga tushdi. Xorazm va Navoiyda 7 foizdan, Qashqadaryoda 5 foizga, Surxondaryo va Buxoroda 2 foizdan kamaydi.

Eslatib o‘tamiz, Mo‘g‘uliston banki O‘zbekistonda onlayn mikroqarz berish imkoniyatini ko‘rib chiqyapti.

Teglar

Mavzuga oid