
Germaniyada eng yuqori maoshni hindistonlik mutaxassislar olyapti
Germaniyada hindistonlik mutaxassislar eng yuqori o‘rtacha maosh olyapti: ular nemislar va boshqa muhojir guruhlarini texnik sohalar hisobidan ortda qoldirdi.

Germaniyada eng yuqori daromadga ega ishchilar guruhi — hindistonliklar. Bu haqda ish beruvchilarga yaqinligi bilan tanilgan Germaniya iqtisodiyot instituti (IW) tayyorlagan yangi tahlilda so‘z yuritiladi, deb yozmoqda DW. Hisobotga ko‘ra, 2024 yilda hindistonlik ishchilarning o‘rtacha oylik yalpi maoshi 5 393 yevroni tashkil etgan.
Ushbu ko‘rsatkich Avstriya fuqarolari (5 322 yevro), AQSH fuqarolari (5 307 yevro) va irlandiyaliklardan (5 233 yevro) ham yuqori. Shu bilan birga, Germaniya fuqarolarining o‘rtacha yalpi oylik daromadi 4 177 yevro bo‘lgan. Mamlakatdagi barcha xorijiy ishchilar bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich esa 3 204 yevroni tashkil etgan.
IW mutaxassislari hindistonliklarning yuqori daromadini, avvalo, ularning mehnat bozoridagi tarkibiy o‘rni bilan izohlaydi. Hindistonlik ishchilarning katta qismi MINT sohalari — matematika, informatika, tabiiy fanlar va texnologiya yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. 2012–2024 yillar oralig‘ida Germaniyada MINT sohalarida ishlayotgan hindistonliklar soni qariyb 9 barobarga oshib, 32 800 nafardan oshgan.
25–44 yosh oralig‘idagi to‘liq ish vaqtida ishlaydigan hindistonliklarning taxminan uchdan biri aynan shu sohalarda band. Bu esa maosh darajasi yuqori bo‘lgan texnik va innovatsion lavozimlarda ularning ulushi katta ekanini ko‘rsatadi.
Hisobotda ta’kidlanishicha, bunday o‘sish Germaniyada tahsil olayotgan hindistonlik talabalar sonining keskin ortishi bilan ham bog‘liq. Ko‘plab talabalar o‘qishni muvaffaqiyatli yakunlab, Germaniyada qolib ishlashni davom etmoqda va ilmiy tadqiqotlar hamda innovatsiyalarga salmoqli hissa qo‘shmoqda. IW ma’lumotlariga ko‘ra, 2000–2022 yillar oralig‘ida hindistonlik ixtirochilarning yillik patent arizalari soni 12 barobarga oshgan.
IW eksperti Aksel Plyunneke hindistonlik mutaxassislar oqimini «alohida muvaffaqiyat hikoyasi» deb baholab, малакали migratsiya bo‘lmaganida Germaniya iqtisodiyotida o‘sish deyarli imkonsiz bo‘lishini ta’kidlaydi.
Tadqiqot Germaniyada 5 ming nafardan ortiq to‘liq ish vaqtida ishlaydigan fuqarolarga ega davlatlar kesimida olib borilgan bo‘lib, Federal mehnat agentligi statistik ma’lumotlariga tayanilgan.
Eng past maosh oluvchilar esa Bolgariya (2 681 yevro), Suriya (2 750 yevro) va Ruminiya (2 762 yevro) fuqarolari bo‘lib chiqqan. Bu holat mazkur guruhlarning katta qismi malakani talab qilmaydigan yordamchi ishlarda band ekani bilan izohlangan.





