
G‘olib — Tramp. Yutqazgan kim bo‘ldi?
25.06.2025 | 10:0035219
AQSHning ayni paytdagi prezidenti hayratlantirishni ham, tinchlikparvar sifatida g‘alabani o‘z nomiga yozishni ham yaxshi biladi. Garchi AQSH bombardimonchilari Isroil havo kuchlari tomonidan tashkil etilgan «yashil koridor»dan o‘tib, Eronga bir marta zarba berdi.

Mojaroga aralashgan Tramp esa o‘z ijtimoiy tarmog‘ida «Xudo Isroilni asrasin, Xudo Eronni asrasin, Xudo Yaqin Sharqni asrasin, Xudo AQSHni va Xudo butun dunyoni asrasin», deb yozdi.
Endi Eron va Isroil oldida bir muammo ko‘ndalang — go‘yo barchasi rejadagedek amalga oshgani, go‘yoki yahudiy davlati g‘alaba qozongani, biroq Tehron ham yutqazmaganiga ichki va tashqi auditoriyani shu narsaga ishontirish kerak.
Hozir aynan shu narsa ustida ish olib borilmoqda. Hammasi klassik tarzda: ikki taraf bahslashsa, uchinchi tomon foyda ko‘radi. Agar uch taraf o‘rtasida tortishuv bo‘lsa, unda ham shunday yechim topiladiki, u uchovlariga birdek manfaatli bo‘ladi. Tramp esa o‘ziga xos dag‘dag‘a bilan aynan ana shu «uchinchi»ga aylanib ulgurdi, hozir esa u anavi ikkisi o‘rtasidagi tortishuvdan maksimal darajada foyda ko‘rmoqda.
Bunga u tamomila haqsiz deb ham aytolmaymiz — chunki «12 kunlik urush» atrofida mislsiz darajadagi axborot shovqinini yaratishda aynan Trampning jamoasiga katta rol mansub. Bu vaqt ichida AQSH rasmiy shaxslari va ommaviy axborot vositalari orqali voqealarning keyingi rivojiga doir turli-tuman, hattoki bir-biriga tubdan zid bo‘lgan versiyalar ommaga yetkazildi.
«Tramp Isroilni zarba berishdan qaytarmoqda — Tramp qarshi emas». «Amerika prezidenti Isroil hujumiga qo‘shilish haqida qaror qabul qildi — u bu qarorni ikki haftaga kechiktirdi». Va tort ustidagi gilos — «Agar Eron AQSH harbiy bazalariga zarba bersa, javobi qattiq bo‘ladi», degan tahdid edi. Lekin natijada komediya yuz berdi: «Biz bu zarbani hatto payqamadik ham, eronliklar esa bu haqda oldindan ogohlantirishdi».
Boshqacha aytganda, avvalambor Tramp ma’muriyati sa’y-harakatlari tufayli axborot sohasida mutlaq bir xaos manzarasi yaratildi. Bu vaziyatda ishonchli prognozlar qilishning iloji qolmadi, voqelik doim «50/50» chegarasida saqlandi. Oxirida esa haq bo‘lib chiqqanlar — «Uchinchi jahon urushi boshlanib ketadiyov», deganlar emas, balki «zarbalar almashinuvi halokatli oqibatlarga olib kelmaydi», deb taxmin qilganlar bo‘ldi. Lekin ularga deyarli hech kim quloq solmadi, o‘z-o‘zidan ravshan narsani isbotlash esa befoyda ish.
Xulosa qilib aytganda, jurnalistlar va tahlilchilar barchani — hatto o‘zlarini ham adashtirishdi. Ammo ular 12 kunlik urushning asosiy mag‘lublari emas. Ha, Trampning g‘alaba qozongani aniq, lekin yutqazgan kim bo‘ldi?
Eng avvalo — Eron muxolifati. Ular «shturm holati»ni egallab, amerikaliklar va isroilliklar hujumlarining asl maqsadi Erondagi rejimni almashtirish ekaniga qattiq ishonishdi. Endilikda esa bu ishonchlari uchun yaqin kunlarda ularga nisbatan yangi qatag‘onlar to‘lqini ko‘rinishida javob beriladi.
Eng yomon ahvolga tushganlardan biri — Shahzoda Pahleviy. U Eron xalqini «qonxo‘r oyatullohlar rejimi»ga qarshi qo‘zg‘olonga chaqirib, Tehron aeroportida o‘zini qizil gilam ustida, qutqaruvchi va yangi yetakchi sifatida tantanali kutib olinadi, deb o‘yladi. Lekin u shundoq ham Eronda, hatto muxolifat doiralarida ham katta nufuzga ega emas edi. Ushbu kunlarda esa u o‘z qo‘li bilan o‘zini siyosiy chiqindilar qutisiga uloqtirdi. Tadqiqotchilar ham uni har doim biroz hajviy shaxs sifatida qabul qilishgan va shu bois unga hech kim jiddiy qaramagan.
Aslida, ancha muhim va dolzarb bo‘lgan boshqa savollar bor. Ular Eron va butun mintaqaning kelajagi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Masalan: Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) hokimiyatdan chetlashtiriladimi? Uning vakolatlari qisqartiriladimi yoki boshqa Eron tuzilmalari va mexanizmlari o‘rtasida qayta taqsimlanadimi? Agar shunday bo‘lsa, qay darajada? AQSH va Eron o‘rtasida qanday formatda yadroviy kelishuv imzolanadi va Eronga nisbatan qo‘llanilgan Amerika sanksiyalarining qaysi qismi bekor qilinadi? Nihoyat, hozirgi oliy rahbardan uning vorisiga hokimiyat topshirilishi yuz beradimi? Va, albatta, voris kim bo‘ladi? — degan savollar.
Aaynan shu masalalar haqiqiy ahamiyatga ega, dolzarb va javobi qiziq bo‘lgan murakkab savollardir. O‘t ochish almashinuvlariyu hujumlar esa — shunchaki shovqin-suron, bu mintaqadagi asl siyosiy jarayonlar atrofida qo‘yilgan sahna bezaklaridir. Bu borada hamma biri-birini aldashga urinayotgani aniq.





