
Gurjistonda odamlar nimadan norozi?
06.10.2025 | 20:03105211
Gurjistonda mahalliy boshqaruv organlariga o‘tkazilgan saylovlar ommaviy norozilik namoyishlari, prezident qarorgohiga hujum va hukumatni iste’foga chaqirish bilan yakunlandi. Tbilisida sodir bo‘lgan voqealar va ularning oqibatlari haqida o‘qing.

Gurjistonda dam olish kunlari keskin vaziyatda o‘tdi. «Gurjiston orzusi» partiyasi munitsipal saylovlarda g‘alaba qozongani fonida muxolifat tarafdorlarini ko‘chalarga chiqishga da’vat etdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlarni tarqatish paytida olti nafar namoyishchi va 21 nafar politsiyachi jarohat olgan.
Eng ko‘zga tashlanuvchi voqea Mixail Kavelashvilining prezidentlik qarorgohiga hujum bo‘ldi. Bir necha namoyishchi metall to‘siqni yorib o‘tib, xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvga kirdi. Maxsus kuchlar suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazni qo‘llashga majbur bo‘ldi.
Bu hodisa mamlakat uchun jiddiy siyosiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Eng avvalo, u saylovlarning o‘zini ikkinchi darajaga tushirib qo‘ydi.
Saylov kampaniyasi muxolifatning bir qismi tomonidan boykot qilinishi sharoitida o‘tkazildi. Odamlar nafaqat joriy yilgi ovoz berish natijalari tufayli, balki muxolifat va xalqaro kuzatuvchilar fikricha soxtalashtirilgan o‘tgan yilgi parlament saylovlariga qarshi norozilik bildirish uchun ham ko‘chalarga chiqishdi.
Endi esa, prezident saroyini egallab olishga urinishdan so‘ng, Gurjiston rahbariyati qo‘lida birinchi marta o‘zlarining tayyorlanayotgan davlat to‘ntarishi haqidagi bayonotlarini tasdiqlovchi dalil paydo bo‘ldi.
Bu, o‘z navbatida, yangi shubhalar to‘lqinini keltirib chiqardi: provokatsiya hokimiyatning o‘zi tomonidan uyushtirilgan bo‘lishi mumkinmi? Gurjiston sobiq prezidenti Salome Zurabishvili prezident saroyini egallab olish harakatlari rasmiylar tomonidan gruzin xalqining 310 kunlik tinch noroziligini obro‘sizlantirish uchun uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.
Siyosatshunos Gela Vesadze ham TRT bilan suhbatda bu harakat o‘ylamay qilinganini ta’kidladi. Birinchidan, Gurjiston parlamentar respublika, demak, prezident davlatning birinchi shaxsi emas. Agar qarorgoh egallab olingan taqdirda ham, bu siyosiy ma’noga ega bo‘lmas edi.
«Saroy o‘sha paytda bo‘sh edi, ammo namoyishchilar metall to‘siqni sindirishga muvaffaq bo‘lishdi. Ko‘plab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu qanday qilib bunchalik tez sodir bo‘lganiga hayron bo‘lishdi - devor oldindan arralab qo‘yilmaganmidi? Bu savol hamon jumboqligicha qolmoqda», - deydi u.
Bu vaziyatda ham hokimiyat, ham muxolifat mag‘lubiyatga uchradi, deb ta’kidlaydi siyosatshunos Nika Chitadze TRT bilan suhbatda. Uning fikricha, hujum xato bo‘lib, faqat hudud infratuzilmasining vayron bo‘lishiga olib keldi. Biroq hokimiyat ham «halokatli g‘alaba» haqidagi bayonotlariga qaramay, haqiqiy muvaffaqiyatga erisha olmadi. Saylovda ishtirok etganlar soni atigi 40,93 foizni tashkil etdi, Tbilisida esa saylovchilarning 31 foizga yaqini ovoz berdi.
«Hokimiyat 70 foiz ovoz haqida gapirganda, shuni esda tutish lozim: bu raqam fuqarolarning umumiy soniga emas, balki saylovga kelganlar soniga nisbatan foizdir. Aholining aksariyati amaldagi hokimiyatga ishonmasligi ko‘rinib turibdi», - deya xulosa qildi u.
Muxolifat saylovni boykot qilmoqda
Munitsipal saylovlarga boykot e’lon qilgan partiyalar orasida «Yagona milliy harakat» ham bor. YAMH a’zolari ommaviy norozilik namoyishlarining asosiy tashkilotchilariga aylandi. Politsiya aksiyalarda ishtirok etgan bir necha deputatni davlat to‘ntarishiga urinishda aybladi. Ularga to‘qqiz yilgacha qamoq jazosi tahdid solmoqda.
Endi boykot g‘oyasining o‘zi bahslarni keltirib chiqarmoqda. Saylovlarda ishtirok etishdan bosh tortib, muxolifat o‘zining siyosiy mavqeini yo‘qotadi va maydoni «Gurjiston orzusi»ga bo‘shatib beradi. Natijada, jamiyatda hokimiyatga muqobil yo‘qligi hissi kuchayishi mumkin.
TRT bilan suhbatlashgan mutaxassislar bu masalani bir ma’noli emas deb hisoblashadi. Ularning fikricha, hatto saylovchilar saylov uchastkalariga kelgan taqdirda ham ularning ovozlari o‘g‘irlanmasligiga hech qanday kafolat yo‘q. Buning ustiga, yuqori qatnashuvchilik soni, aksincha, hukmron partiyaning qonuniy obro‘sini mustahkamlashi mumkin edi.
«Saylovlarda faqat bir nechta mo‘’tadil muxolifat partiyalari ishtirok etdi - masalan, «Lelo» va «Gaxariya — Gurjiston uchun». Ularning natijalari qo‘llab-quvvatlashning pasayganini ko‘rsatdi: Gaxariya partiyasi bir yil oldingi parlament saylovlariga qaraganda 70 foizga, «Lelo» esa taxminan 50 foizga kam ovoz oldi. Bu muxolifat elektoratining katta qismi ham saylovlarni boykot qilganidan dalolat beradi», - deya qayd etadi Nika Chitadze.
Shu bilan birga, ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, «Gurjiston orzusi» asosiy davlat tuzilmalari - kuch tuzilmalari, sudlar, prokuratura, MSK va Markaziy bank ustidan nazoratni saqlab qoladi. Biroq hammasi silliq ketmayapti: odamlar Rustaveli ko‘chasiga namoyishga chiqishda davom etmoqda, norozilik harakati jonliligicha qolmoqda.
«Partiya, ayniqsa, Tbilisida kuchayib borayotgan norozilikka duch keldi. U yerda Kaxa Kaladzeni aholining atigi 20 foizga yaqini qo‘llab-quvvatlamoqda. Agar hokimiyat o‘z ta’sirini saqlab qolishni istasa, ma’muriy bosimdan haqiqiy ijtimoiy loyihalarga o‘tishi lozim. Aks holda «Gurjiston orzusi»ning reytingi pasayib ketadi», - deya ogohlantirmoqda Chitadze.
Shu bilan birga, hokimiyat muxoliflari betaraf saylovchilar bilan ishlashlari, o‘zgarishlar nima uchun zarurligini va ular mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qanday hissa qo‘shishi mumkinligini tushuntirishlari kerak.
«Muxolifatga yangi strategiya zarur», — deydi Chitadze. «Tezkor muvaffaqiyatga umid bog‘lash xato edi: «soat to‘rtda boshlaymiz, sakkizda hokimiyatni qo‘lga olamiz»kabi shiorlar faqat ishonchni yo‘qotadi. Ammo to‘g‘ri strategiya va izchil ish bilan muvaffaqiyatga erishish mumkin: jamoatchilik noroziligi kuchli va Gruziyada hamon o‘zgarishlar uchun imkoniyat mavjud».





