add

Hujjatsiz uy-joylarga so‘nggi “aksiya” — kadastr xodimi bilan suhbat

Bugun 17:437 daqiqa

O‘zbekistonda hujjatsiz yer uchastkalarini qonuniylashtirish bo‘yicha xatlov va huquqlarni e’tirof etish ishlari davom etyapti. Mazkur tadbirlar o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga amnistiya e’lon qilingan qonun doirasida amalga oshirilyapti. Ortiqcha yeri borlar, xatlovda hujjatlarini topa olmaganlar nima qiladi, chegaralarga qanday aniqlik kiritiladi? Shu va boshqa savollarga Kadastr agentligi mas’ul xodimi Bahodir Madyarov javob berdi.

Hududlarda 1998-yil 1-iyulgacha qadar yer uchastkalari chegaralari egallab olingani aniqlansa, 24 sotixgacha, 2018-yil 1-maygacha yer uchastkalari chegaralari egallab olingani aniqlansa, Toshkent, Nukus va viloyat markazlarida 12 sotixgacha, tumanlarda esa 6 sotixgacha yerlarga huquqlarini e’tirof etish ko‘zda tutilgan. Ortiqcha yeri borlar nima qiladi?

—O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bilan bog‘liq 737 sonli qonun ijrosi yuzasidan bugungi kunda xatlov ishlari amalga oshirilmoqda. Hududlarda ortiqcha egallangan yerlar bo‘yicha fuqarolarimizdan amaliyotda ham savollar juda ko‘p uchrayapti. Bundan oldin Vazirlar Mahkamasining 461-sonli qarori bilan umumdavlat aksiyasi e’lon qilingan edi. Bu “aksiya” davri mobaynida, bu bir yillik amal qilgan bo‘lib, fuqarolarning murojaatiga asosan ko‘rib chiqish belgilangan edi.

2018 yilda amalga oshirilgan bu bir martalik “aksiya” edi. Aynan mana shu qonunni o‘sha “aksiya”ning uzviy davomi deb qarasak ham bo‘ladi. Sababi, bu qonunda ham belgilab qo‘yilgan muddatlar 2018 yil 1-maygacha qadar deb belgilangan. Aynan mana shu 2018 yil davr mobaynidan, undan avval qurilgan davrdagi fuqarolarimiz tomonidan yashab kelayotgan uy-joyiga kadastr hujjatlari mavjud bo‘lmagan yoki hujjatlari to‘liq bo‘lmagan uy-joylariga ko‘chmas mulkiga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish masalasi ko‘riladi. Yurtdoshlarimizning xavotirga tushishiga o‘rin yo‘q. Ortiqcha egallangan hududini, o‘sha yer maydonini qonunning o‘zida belgilab o‘tgan asosiy va qo‘shimcha shartlari bor. Aynan o‘sha ortiqcha egallangan hudud asosiy egallab turgan yer uchastkasiga tutash hududda joylashgan bo‘lsa, aynan o‘sha yer uchastkasi muqaddam elektron onlayn auksion savdoga chiqarilmagan bo‘lishi va aynan o‘sha yer uchastkasi uchun yer solig‘i, unda qurilgan bino-inshootlari bo‘lsa, mol-mulk solig‘idan qarzdorligi mavjud bo‘lmasligi asosiy shartlardan deb belgilangan. Mana shu xatlov jarayonida aniqlanadi va qonunning 16 moddasiga asosan muhokamaga kiritiladi. Qonunning 16 moddasida 18 dan ortiq vazirlik, idoralarning tizim tashkilotlari ishtiroki ta’minlanadi. Ya’ni aynan har bitta vazirlik, idorasi o‘zining vakolatidan kelib chiqib, ko‘rib chiqadi mana shuni. Muhokamada mana shu narsani ijobiy deb topilganda, e’tirof etish masalasi ko‘riladi. Bunda endi o‘sha yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlar ham muddatlari belgilangan.

Deylik, bir kishining 20 sotix yeri bor. 12 sotixgacha ruxsat etilyapti. 12 sotixdan ortib qolgan 8 sotixini nima qiladi? Ya’ni, unga qanaqa javob beriladi, o‘sha 8 sotixni qonuniylashtirishi mumkinmi, qay tarzda qonuniylashtiriladi?

—Bu holat xatlov jarayonida aniqlanadi. Xatlov jarayonida o‘sha, aytaylik, qaysidir yurtdoshimizning amaldagi egallab turgan yer uchastkasi xatlovdan o‘tkaziladi. Ya’ni bunda amalda foydalanib turgan barcha yer maydoni xatlovdan o‘tkaziladi va umumiy maydoni tizimga kiritiladi va muhokama jarayonida ko‘rib chiqiladi va bunda qonunda belgilab o‘tilgan hajmlarda 99 yillik huquqi bilan, ijara huquqi bilan va ortiqcha bo‘lgan hududi 49 yillik ijara huquqi bilan fuqaroning o‘ziga tomorqa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun fuqaroning o‘ziga biriktirib berishi qonunda belgilab o‘tilgan.

Yurtdoshlarimizning xavotirga tushishiga o‘rin yo‘q. Ortiqcha egallangan hududlar, xuddi yuqorida ham ta’kidlab o‘tilganday, qonunning asosiy va qo‘shimcha shartlariga rioya etilgan bo‘lsa, o‘zlariga biriktirib berish masalasi ko‘riladi.

1998-yilgacha, 2018-yilgacha haqida gapirilyapti, mazkur muddatlar yer uchastkasi egallangani yoki uy qurilganiga qaraydimi? Nimaga bog‘liq?

—Bu qonunning aynan birinchi moddasida aytib o‘tilganiday, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari yoki O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqaroligi bo‘lmagan, lekin doimiy yashab turgan shaxslarga aynan o‘sha fuqarolarimiz tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga, unda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish, aynan bu o‘sha fuqaroning o‘sha yer uchastkani o‘zlashtirilganligi, uy-joy qurilganligi fakti bo‘lishi kerak bo‘ladi. Bunda e’tirof etilayotganda aynan uy-joy qurilganligi holatidan kelib chiqib, xatlov ishlari amalga oshiriladi. Qonunda xatlov ishlari aynan qaysi uchastkalarga, yer uchastkalariga xatlov ishlari amalga oshirilishi bu toifalangan. Sakkizta holatdagi yer uchastkalari tanlab olingan, uchta holatdagi obyektlarga xatlov ishlari amalga oshirilmaydi. Ya’ni bunda davlat mulki bo‘lgan obyektlarga, ko‘p qavatli turarjoylarga, uchinchi holatimiz, bo‘sh turgan yer uchastkalarida xatlov ishlari amalga oshirilmaydi. Ya’ni bundan ko‘rinib turibdiki, aynan o‘sha siz egallagan yer uchastkada uy-joy qurilganlik fakti bo‘lishi kerak bo‘ladi. 2018-yilgacha o‘sha yer uchastkasida uy qurilgan bo‘lishi kerak.

Xatlov ishlarida biror hujjat topa olmaganlar nima qiladi? Ya’ni hududga 2018-yilgacha uy qurgan, lekin o‘sha ilgari hokim qarori yoki sobiq ittifoq davrida chiqqan qarorlar bor, lekin hozir topa olmayapti. Ular nima qiladi?

—Bunday holatda qonunning 13 moddasida belgilab o‘tilgan, har yilgi reja-jadval tasdiqlanishi va bu reja-jadval mahalliy hokimliklarning taklifiga ko‘ra, Kadastr agentligi tomonidan tasdiqlanishi belgilangan. Xatlov ishlari aynan mana shu avvalgi aksiyada bejizga aytilmadi, avvalgi aksiyada fuqaro murojaati talab etilardi. Qaysi hududdan murojaat kelib tushsa, murojaat asosida borilgandi. Bu qonunda asosiy jihatidan biri ham shundaki, bu yalpi xatlov. Hozir siz aytgan holat va boshqa holatlar ham qonunda sakkizta holatni tanlab olish uchun ham yalpi xatlov bo‘ladi. Har bitta yer uchastkasiga kadastr agentligining mana bugungi kunda kechagi kunduzda xatlov ishlari amalga oshirilyapti bizning xodimlarimizdan. Mana shu qonun ijrosi yuzasidan xatlovga 4 500 dan ortiq xodimlarimiz jalb qilingan. Har bitta yer uchastkasiga xatlov ishlari amalga oshirilgan jarayonda siz yuqorida ta’kidlangan holat ham, kadastr hujjati mavjud obyektlar ham xatlovdan o‘tkaziladi. Sababi, bunda kadastr hujjati mavjud bo‘lib, ortiqcha egallangan hudud bo‘lishi mumkin yoki bo‘lmasam, bugungi kungacha qadar hech qanday bizning Kadastr agentligi ma’lumotlar bazasida ham mavjud bo‘lmagan obyektlar bo‘lishi mumkin. Yangi aniqlangan holatlar. Mana shu holatlarni barchasini aniqlash uchun yalpi xatlov bo‘ladi.

Odamlar e’tirof tizimiga kirib, 2026-yilga kiritilgan xatlov qilinadigan mahallalar ro‘yxatidan o‘z mahallasini topa olmadi. Ularning o‘zlari kadastrga yozma murojaat qilib, yer uchastkasini xatlov qildira oladimi? Qo‘shimcha to‘lovi bo‘lsa ham

—Bugungi kunda amaliyotda ikkita holatimiz bor-da bunday. Agar yurtdoshimizning umuman kadastr hujjati yo‘q va ma’lumotlar bazamizda mavjud emas obyekt bo‘ladigan bo‘lsa, yo‘q, bunda faqat reja-grafik o‘sha tasdiqlangan bo‘ladi. Aynan o‘sha mahallasi qachon reja-jadvalga tasdiqlangan bo‘lsa, aynan o‘sha oylarda xatlov ishlari amalga oshirishini kutishga to‘g‘ri keladi. Yo‘q, agar buni fuqaromiz, yurtdoshimiz boshqa holatdagi kadastr hujjati bor bo‘lib, boshqa xizmatlarni amalga oshirmoqchi bo‘lsa, yo‘q, bunda Davlat xizmatlari markaziga yoki my.gov.uz portali orqali murojaat qilish vakolatiga ega.

Qonunning o‘zida ham belgilab o‘tilgan. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishda xalq deputatlarining kengashining qarorlari bilan tegishli qarorlar qabul qilinishi belgilangan. Aynan mana shu qarorda, qabul qilinishida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar mulk huquqi bilan, yerga bo‘lgan huquqlar ijara huquqi bilan e’tirof etilishi belgilangan. Ijara huquqi endi yurtdoshlarimizda savol tug‘ilishi mumkin, qanaqa muddatlarda, ijara bu endi xuddiki birovnikiman, o‘z uyimda ijarachi bo‘lib qoldimmi, degan tushuncha bo‘lishi mumkin. Yo‘q, bunda yakka tartibdagi uy-joylar uchun 99 yillik ijara huquqi e’tirof etiladi. Ortiqcha egallangan hudud yoki boshqa toifadagi yer uchastkalari uchun 49 yillik ijara huquqlari e’tirof etilishi qonun bilan belgilab qo‘yilgan. Bunda endi faqat ijara bilan qolib ketishi mumkinmi deb o‘ylab qolishi mumkin fuqarolarimiz. Yo‘q, bunda Vazirlar Mahkamasining 71-sonli qaroriga asosan o‘sha yer uchastkalarini xususiylashtirish imkoni ham mavjud.

Ikkita yonma-yon qurilgan uy bor, chegara qilinmagan. Ular qanday chegaralab beriladi? Chegaralar bo‘yicha qo‘shnilar nizoga borishining oldi qanday olinadi?

—Yer kodeksining 30-31 moddasiga asosan yer uchastkasining o‘zlashtirilganligi fakti bo‘lishi kerak, deb o‘tilgan bo‘lsa, aynan bu sim to‘siqlar bilanmi, qanaqadir panjaralar bilanmi yoki devor bilanmi chegara o‘rnatilgan bo‘lishi kerak. Aytaylik, endi o‘rnatilmagan bo‘lsa, ayrim hududlarda shunaqa holat uchrasa, xatlov jarayonida bizning mutaxassisimiz joyiga borganda ikki qo‘shnining o‘rtasida qo‘shnilar dalolatnomasi, ya’ni bu xatlov ishlarini amalga oshirganda qo‘shnilarning guvohligida, ishtirokida o‘lchanadi va amalga oshiriladi. Bir-biriga chegaradosh qo‘shni sifatida chegara kelishuvi dalolatnomasiga imzo chekib beradi va uni mahalla tasdiqlab beradi. Nizolarni oldini olish masalasi mana shunday ko‘riladi.

Hozirgacha qancha obyekt xatlovdan o‘tkazildi, qancha mahalla chegaralariga aniqlik kiritilgan, nechta obyekt “E’tirof” tizimiga kiritilgan?

—Respublikamizda 9 000 dan ortiq mahalla mavjud bo‘lib, qonunning ijrosi yuzasidan 5 000 ga yaqin bo‘lgan mahallalarning chegaralari tasdiqlandi va aniqlik kiritildi. 1 milliondan ortiq bo‘lgan yer uchastkalari xatlovdan o‘tkazildi va qonunning 16-moddasiga asosan “E’tirof” tizimiga 430 mingdan ortiq bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlari muhokama jarayoniga o‘tkazildi. Ya’ni bunda 400 mingdan ortiq bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlarini vazirlik-idoralarning tizim tashkilotlari tomonidan muhokama jarayonida ko‘rib chiqilmoqda. Yakuniga keladigan bo‘lsak, bugungi kunda Respublikamizda qonunning ijrosi yuzasidan 36 mingdan ortiq yurtdoshlarimizga Xalq deputatlari viloyat kengashlarining qarorlari bilan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarini e’tirof etish to‘g‘risidagi qarorlari qabul qilindi. Bundan fuqarolarning murojaatiga asosan 6 000 ga yaqin ko‘chmas mulklar, o‘sha aynan qonun ijrosi bo‘yicha e’tirof etilgan yurtdoshlarimizga 6000 dan ortiq ko‘chmas mulk obyektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi ta’minlandi.

Intervyuni Youtube orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Jurnalist Baxtiyor To‘xtayev suhbatlashdi

Tasvirchi va montaj ustasi Mirvohid Mirrahimov


 

Teglar:

Teglar

Baxtiyor To‘xtayev

Baxtiyor To‘xtayevMaqolalar soni: 9

Barchasi

Mavzuga oid