
Inflyatsiya rasman kamaydi, ichki bozordagi qimmatchilik esa davom etmoqda — MB
Inflyatsiya rasman 8 foizgacha pasaygan bo‘lsa-da, bozorda narxlar balandligicha qolmoqda. Ayniqsa, limon, haydovchilik kurslari va nikoh uzuklari narxi keskin qimmatlab, aholi xarajatlari sezilarli darajada oshgan.

Markaziy bank 2025 yil sentyabr oyiga oid inflyatsiya ko‘rsatkichlarini e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda umumiy inflyatsiya darajasi 8 foizgacha pasayib, o‘tgan oyga nisbatan 0,8 foizga kamaygan.

Infografika: Markaziy bank
Inflyatsiyasi 10 foizdan yuqori bo‘lgan tovar va xizmatlar ulushi ham keskin qisqargan — 2022 yilda bu ko‘rsatkich 52 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil sentyabrida 14 foizga tushgan.
Yil davomida ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxi arzonlashgan: ovqat yog‘i 59,2 foizga, sabzi 57,5 foizga, pomidor 31,5 foizga, kartoshka esa 8,1 foizga arzonlashgan. Biroq ayrim mahsulotlarda narxlar keskin oshgan — qovoq 11 foizga, limon 52,6 foizga, baqlajon esa 22,3 foizga qimmatlashgan. Aholi inflyatsion kutilmalarida ham oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshib borishiga oid xavotirlar yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Infografika: Markaziy bank
Noooziq-ovqat mahsulotlari orasida propan (+7 foiz), tabiiy gaz (+11 foiz) va dezodorant (+10,5 foiz) qimmatlashgan. Shu bilan birga, A4 qog‘oz 3,7 foizga, metan esa 19,3 foizga arzonlashgan. Qizig‘i shundaki, global bozorda oltin narxining ketma-ket o‘sishi zardo‘zlik buyumlariga ham ta’sir ko‘rsatgan — nikoh uzuklari 33,4 foizga qimmatlashgan.
Xizmatlar sohasida sug‘urta xizmatlari 3,1 foizga, mikromoliyaviy xizmatlar 2,6 foizga arzonlashgan. Biroq haydovchilik kurslari narxi 73,3 foizga, transport xizmatlari esa 57,8 foizga oshgan. Avgust oyida ham eng qimmatlashgan xizmatlar ro‘yxatida haydovchilik kurslari yetakchi bo‘lgan edi. Vaqt.uz bu bo‘yicha surishtiruv o‘tkazib, «prava» olish narxining keskin oshishi sabablarini tahlil qilgan edi.
Umumiy inflyatsiya darajasi pasaygan bo‘lsa-da, bozordagi narx-navolar yuqoriligicha qolmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlarining 68 foizi qimmatlashgan, 32 foizi arzonlashgan. Nooziq-ovqat tovarlarining 86 foizi qimmatlashgan, 14 foizi arzonlashgan. Xizmatlar sohasida esa 90 foiz narxlar oshgan, faqat 10 foizida pasayish kuzatilgan.
Markaziy bankning 2025 yil sentyabr oyi tahliliy infografikasida qayd etilishicha, bazaviy inflyatsiya may oyidan buyon pasayishda davom etmoqda. Bu ko‘rsatkich ma’muriy yoki mavsumiy omillar ta’sirisiz hisoblanib, ichki bozordagi haqiqiy narx bosimini aks ettiradi. Hozirda u yillik 7 foiz atrofida shakllangan.

Infografika: Markaziy bank
Shu bilan birga, energiya narxlari ta’sirisiz inflyatsiya ham oxirgi ikki oyda pasayish tendensiyasiga ega bo‘lgan. Bu elektr energiyasi, tabiiy gaz va suyultirilgan yoqilg‘i narxlarining barqarorlashayotganini ko‘rsatadi.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, hozirgi barqarorlikni uzoq muddatli tendensiya sifatida baholashga hali erta. Uning fikricha, kuz va qish mavsumi qanday kechishi, geosiyosiy beqarorlik, urushning davom etishi yoki vaqtincha to‘xtashi kabi tashqi omillar inflyatsiya bosimiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bakirovning ta’kidlashicha, may oyida keskin oshgan energiya narxlarining ta’siri hozircha to‘liq namoyon bo‘lmagan. Ayniqsa, shimoliy hududlarda isitish mavsumi boshlanishi bilan tabiiy gaz va elektr energiyasi iste’moli ortishi kutilmoqda. Oktyabr oyining iliq kelishi bu jarayonni qisqa muddatga kechiktirgan bo‘lsa-da, noyabrda bu ta’sir kuchayishi ehtimoldan xoli emas.
Shuningdek, 80 markali benzindan voz kechib, 92 va undan yuqori oktanli yoqilg‘iga o‘tish hamda metan ta’minotidagi uzilishlar bozorda hali to‘liq aks etmagan. So‘mning qisman mustahkamlanishi va neft narxining tushishi yoqilg‘i narxlarining o‘sishini to‘xtatishga yetarli bo‘lmagan.
Iqtisodchining fikricha, qo‘shni Qozog‘istonda ham qat’iy choralarga qaramay inflyatsiyaning yangi to‘lqini kuzatilmoqda. Urush ta’siridagi mintaqalarda esa narxlar yana o‘smoqda.
Shunday sharoitda, Markaziy bank yaqin kunlarda asosiy stavkani qayta ko‘rib chiqishi kutilmoqda. Bakirovning fikricha, stavkani pasaytirish ehtimoli bor, ammo bahorgacha pul-kredit siyosati qattiqligicha saqlansa, bu qaror iqtisodiy barqarorlik nuqtai nazaridan ma’qul bo‘ladi.
Teglar






