add

Iqtisodchilar bahsi: Markaziy bank siyosati yuzasidan savollar avj oldi

29.09.2025 | 18:0342311

Iqtisodchi Abdulla Abduqodirovning Markaziy bank siyosati yuzasidan qo‘ygan savollari iqtisodchilar o‘rtasida keskin bahslarni keltirib chiqardi. Turli ekspertlar qarama-qarshi fikrlar bildirib, masalaga o‘z nuqtai nazarini taqdim etdi.

Iqtisodchilar bahsi: Markaziy bank siyosati yuzasidan savollar avj oldi
Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari, iqtisodchi Abdulla Abduqodirov Markaziy bankning xorijiy davlat obligatsiyalariga sarmoya kiritish amaliyoti haqida savollar qo‘yib, uning samaradorligini shubha ostiga oldi. Uning fikricha, ortiqcha mablag‘lar mavjud ekan, ular banklarda pulning narxini pasaytirish va milliy iqtisodiyot rivojiga yo‘naltirilishi kerak. Shu bilan birga, «nega boshqa davlatlar hukumatlari kreditlanmoqda, qachonki o‘z hukumatimiz ochiq bozorlarda qimmat resurs sotib olayotgan paytda?» degan savolni qo‘ydi. Abdulla Abduqodirov Markaziy bankning monetar siyosatini umumiy iqtisodiy siyosatdan uzoq holda yuritishini tanqid qildi. Uning fikricha, iqtisodiy o‘sish, bandlik va milliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash barcha iqtisodiy boshqaruv agentliklarining umumiy vazifasi bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, u yillik 23–25 foizli kredit stavkalari bilan iqtisodiy rivojlanish mumkin emasligini ta’kidladi. Bu fikrlar iqtisodchilar orasida katta tanqidlarga sabab bo‘ldi. Iqtisodchi Botir Qobilov esa bu savollarni «populistik» deb baholab, o‘z munosabatini bildirdi. Unga ko‘ra, keng jamoat oldida bunday savollar noto‘g‘ri tushunchalarni tarqatishi mumkin. Shu bois u aniq javoblarini taqdim qildi. Qobilovning ta’kidlashicha, Markaziy bankda «ortiqcha pul» degan tushuncha yo‘q. Zaxira mablag‘lari valyuta barqarorligi, tashqi to‘lovlar va likvidlik uchun kafolat hisoblanadi. Ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy rivojlanishga yoki arzon kreditlarga yo‘naltirish inflyatsiyaning kuchayishiga olib kelishi mumkin. Chet el obligatsiyalariga sarmoya yo‘naltirish esa boshqa davlatlarga yordam berish emas, balki zaxiralarni boshqarishning amaliyotidir. Ilgari zaxiralar asosan oltin va valyutada saqlanar edi. So‘nggi yillarda esa diversifikatsiya maqsadida kam miqdorda (taxminan 100 mln dollar) rivojlangan davlatlar obligatsiyalariga ham kiritilmoqda. Ularning afzalligi — xavfsiz va yuqori likvid bo‘lishi. Qobilovning fikricha, Markaziy bankning asosiy vazifasi pul-kredit siyosatini yuritish va narxlar barqarorligini ta’minlashdir. Bandlikni oshirish yoki iqtisodiy o‘sishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatish uning mandatiga kirmaydi. «Orkestrda yakkaxon xonanda» kabi ayblovlar asossiz, chunki har bir tuzilma o‘z vazifasini bajarishi kerak. Agar Markaziy bank o‘z vazifasidan chetga chiqib, o‘sishga e’tibor qaratsa, inflyatsiya nazoratdan chiqishi mumkin. Shuningdek, Qobilov kredit stavkalarining yuqoriligini tan oldi, ammo ularni arzonlashtirish masalasi Markaziy bankning vazifasi emasligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, qonunchilik va institutsional mantiq shu tarzda qurilgan. Behzod Hoshimov esa Abduqodirovni bozor islohotlariga ko‘p hollarda qarshi chiqqan iqtisodchi sifatida tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, Abduqodirov dollarning erkin konvertatsiyasi va soliq yukini kamaytirishga qarshi chiqqan. Ko‘p masalalarda u noto‘g‘ri deb baholanadigan fikrlarni qo‘llab kelgan. Hoshimov uni «o‘zbekcha Glazev» deb atadi. Uning fikricha, Abduqodirov ko‘p jihatlarda status tarafdori, davlatning iqtisodiyotdagi ulushini yuqori saqlash, ayrim tarmoqlarga subsidiya berish va kapital harakatini cheklash kabi g‘oyalarda hukumat pozitsiyasiga yaqin turadi. Shukrki, ko‘p hollarda hukumat uning tavsiyalariga amal qilmagan. Izohlar qismidan Suhrob Rasulov ham savollarni «populistik» deb atadi. Uning fikricha, ortiqcha pul — bu oltin-valyuta zaxiralari. Ularning bir qismini AQSH va boshqa rivojlangan davlat obligatsiyalariga yo‘naltirish mantiqiy, chunki ular xavfsiz va yuqori likvid. Shuningdek, u Markaziy bankning asosiy vazifasi inflyatsiyani jilovlash ekanini, kredit stavkalarini pasaytirish esa uning majburiyati emasligini ta’kidladi. Qimmat kreditlar ko‘p jihatdan hukumat siyosatidan kelib chiqadi. Iqtisodchi-jurnalist Bahodir Abdullayev bahsga boshqa nuqtai nazardan qaradi. Uning fikricha, dunyoda iqtisodchilar ko‘p masalalarda turlicha fikr bildirishi tabiiy. Biroq ular deyarli yakdil bo‘lgan masalalardan biri — Markaziy bankning mustaqil bo‘lishi shartligidir. Jamiyatda «Markaziy bank mustaqil bo‘lishi zarur» degan fikr mustahkam o‘rnashishi kerak, aks holda bu g‘oya shubha ostiga olinishi xavfli. Iqtisodchi Otabek Бакиров esa rasmiylar pozitsiyasi va ularning ochiq chiqishlari ahamiyatiga to‘xtaldi. Uningcha, Yangi O‘zbekistonning eng katta farqi — prezidentdan tashqari boshqa rasmiylarning ham o‘z fikrlarini ochiq bildirishiga imkon yaratilganidir. Ammo keyingi paytlarda chiqishlar kamayib borayotgani xavotirli. Bakirovning fikricha, rasmiylar chiqishlari tanqidga uchrashi yoki ma’qullanishi tabiiy holat bo‘lishi kerak. Jamoatchilik muhokamasi yo‘qligi ko‘p xatolarga olib kelmoqda. Keng muhokamalardan so‘ng, Abdulla Abduqodirovning o‘zi ham oxirgi munosabatini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, u oddiy savollar shuncha katta to‘lqin uyg‘otishini kutmagan edi. U fikricha, ehtiroslarga berilmay, fikr egasiga nisbatan turli tazyiq o‘tkazmasdan, sohani chuqur anglaydigan ekspertlar jamoasi tuzilishi lozim. Ushbu jamoa maxfiylikni ta’minlagan holda iqtisodiyotning holati, fiskal va monetar siyosat samarasi, amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy va salbiy jihatlarini tizimli ravishda muhokama qilishi zarur. Yagona fikr bo‘lmagan hollarda esa alternativ qarashlar dalil va hisobotlar asosida rahbariyatga yetkazilishi kerak. Abduqodirovning ta’kidlashicha, bu mamlakat uchun katta foyda keltiradi. U shuningdek, Telegram kanallaridagi iqtisodchilarning fikriga nisbatan argumentsiz bahslarga javob bermaslikni ma’qul ko‘rganini aytdi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abdulla Abduqodirov dollar kursi pasayishi tufayli O‘zbekistonning bir qator sohalari raqobatbardoshligini yo‘qotganini aytgan edi.

Teglar

Mavzuga oid