
Komilov O‘zbekiston nega Tinchlik kengashiga qo‘shilganini izohlab berdi
Prezident maslahatchisi, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovga ko‘ra, xavfsizlik, tashqi siyosat manfaatlari va Yaqin Sharqdagi barqarorlik O‘zbekiston qarorining asosiy omillari sifatida qayd etilgan.

Qarorning asosida nima yotibdi?
O‘zbekistonning Tinchlik kengashiga qo‘shilishi, avvalo, milliy xavfsizlik masalalari bilan bog‘liq. Prezident maslahatchisi, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning ta’kidlashicha, bu qadam tashqi siyosatdagi uzoq muddatli manfaatlardan kelib chiqib qabul qilingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kengash oldiga qo‘yilgan vazifalar O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillariga to‘liq mos keladi.
Komilov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida iqtisodiy forumlar doirasida siyosiy masalalar tobora ko‘proq muhokama etilayotganini ta’kidladi. Jumladan, G‘azo mintaqasidagi harbiy-iqtisodiy inqiroz va uni hal etish yo‘llarini topish xalqaro kun tartibining muhim qismiga aylangan.
«Shavkat Mirziyoyev Trampning taklifini qabul qilib, rozilik berdilar. Savol tug‘iladi: biz nima uchun bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladik? Birinchidan, xavfsizlik nuqtai nazaridan, albatta, bizning manfaatlarimiz bor. Ikkinchidan, kengashni oldida turgan vazifalar, maqsadlar bizning tashqi siyosatimizning asosiy tamoyillariga to‘liq javob beradi va mos keladi. Uchinchidan, haqiqatdan ham bu mintaqada biz juda jiddiy hayotiy manfaatlarimiz bor», — dedi Komilov.
G‘azo inqirozi va Tinchlik kengashi tashabbusi
Prezident maslahatchisining aytishicha, Tinchlik kengashini tashkil etish tashabbusi aynan shu inqirozga yechim topish maqsadida ilgari surilgan. Ushbu kengash oldidagi asosiy vazifa — G‘azodagi murakkab vaziyatni barqarorlashtirish va tinchlikka erishish uchun samarali mexanizmlar ishlab chiqishdan iborat.
O‘zbekiston ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlar ekan, xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘z manfaatlarini hisobga olgan. Shu bilan birga, kengash maqsadlari mamlakatning tinchlikparvar tashqi siyosati bilan uyg‘un ekani ham muhim omil sifatida qayd etildi.
Nega Yaqin Sharq O‘zbekiston uchun muhim?
Abdulaziz Komilov Yaqin Sharq O‘zbekiston uchun faqat geosiyosiy jihatdan emas, balki amaliy xavfsizlik nuqtai nazaridan ham muhim ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim O‘zbekiston fuqarolari ilgari ushbu mintaqadagi ekstremist guruhlarga qo‘shilgan holatlar bo‘lgan. Keyinchalik esa ular mamlakatga qaytib, jamiyat xavfsizligiga tahdid solishga urinishlari mumkin edi.
Shu sababli davlat tomonidan ularni qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashtirish va yangi hayot boshlashi uchun shart-sharoit yaratish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rildi. Bu tajriba xalqaro miqyosda, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbariyati tomonidan yuqori baholangan.
Afg‘oniston omili va mintaqaviy xavflar
Prezident maslahatchisi Afg‘oniston misolida Yaqin Sharqdagi beqarorlikning Markaziy Osiyoga qanday ta’sir ko‘rsatishini ham izohladi. Uning ta’kidlashicha, Afg‘onistonda urush boshlanishidan oldin ekstremist tashkilotlar deyarli bo‘lmagan. Ammo harbiy harakatlar davomida turli guruhlar aynan Yaqin Sharqdan kirib kelgan.
«XX asrda Yaqin Sharqning boshi urushdan chiqmagan. Shuning uchun bu masalani hal qilish uchun butun xalqaro hamjamiyat birlashib, nafaqat AQSH, arab davlatlari, musulmon davlatlari, balki mana shu Markaziy Osiyo davlatlari birgalikda harakat qilish kerak. Har bitta qadamni o‘ylab qo‘yib, tinchlik o‘rnatilsa, barqarorlik o‘rnatilsa, bu juda muhim qadam bo‘ladi», — dedi u.
O‘zbekistonning xalqaro nufuzi
Abdulaziz Komilov O‘zbekistonning Tinchlik kengashi doirasidagi sammitda ishtirok etishini mamlakatga bo‘lgan ishonch va hurmatning ifodasi sifatida baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu O‘zbekistonning xalqaro maydonda jiddiy va mas’uliyatli ishtirokchi sifatida tan olinayotganini anglatadi.
«Bu juda muhim siyosiy tadbir, ikkinchidan, O‘zbekistonga bildirilgan ishonch, hurmat, izzat va O‘zbekistonning xalqaro maydonda jiddiy ishtirokchiligini tan olish bo‘ladi», — deydi Prezident maslahatchisi.
Eslatib o‘tamiz, 22-yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida Butunjahon iqtisodiy forumi doirasida Shavkat Mirziyoyev Tinchlik kengashi nizomini imzolagan edi.





