Kreativ iqtisodiyotning O‘zbekiston YAIMdagi ulushi 5 foizga yetkaziladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi tashkil etilayotgan Kreativ industriya parki ayni shu maqsadlarga xizmat qilishini bildirdi.

Bugungi kunda madaniyat va san’at sohasini ma’naviy tarbiya vositasi va kreativ iqtisodiyotning muhim tarmog‘i sifatida rivojlantirish, ijodiy industriyani qo‘llab-quvvatlash, madaniy xizmatlar bozorini taraqqiy ettirish, san’at mahsulotlari eksportini kengaytirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston madaniyat va san’at xodimlariga tabrigida so‘z boradi.
«Yangi tashkil etilayotgan Kreativ industriya parki ayni shu maqsadlarga xizmat qiladi. Biz bu borada katta marra olib, 2030 yilgacha kreativ iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 5 foizga yetkazamiz. Albatta, bu ulkan reja va tashabbuslarni amalga oshirishda siz, jonkuyar va fidoyi insonlarning o‘rni beqiyosdir», – deyiladi prezident tabrigida.
Qilinayotgan ishlar
So‘nngi yillarda O‘zbekistonda 2 ta teatr, 19 ta madaniyat markazi, 16 ta muzey, 20 ta musiqa va san’at maktabi hamda ushbu yo‘nalishda 5 ta oliygoh tashkil etildi, ko‘plab muassasalar zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi, 125 ta tarixiy-madaniy meros obyektida ularni asrash va tiklash bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirildi.
O‘tgan yili tasviriy va amaliy san’at sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qildik. Toshkent shahrida O‘zbekiston Milliy muzeyi binosi qurilishi boshlandi.
Joriy yilda esa Markaziy ko‘rgazmalar zali, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi fondining binosi, Pavel Benkov nomidagi rassomlik maktabida qurilish va ta’mirlash ishlari olib boriladi, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.
O‘tgan yilning o‘zida sohada uzoq yillardan buyon mehnat qilib kelayotgan 35 nafar xodim uy-joy bilan ta’minlandi. Madaniyat muassasalari xodimlari ish haqi o‘rtacha 35 foizga oshirildi. Dramaturglar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy, yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yo‘ldoshev, yosh xonandalar uchun Botir Zokirov nomidagi mukofotlar hamda mahalliy va xorijiy ijodkorlar uchun “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti taqdim etib kelinmoqda.
Kreativ iqtisodiyot nima?
Kreativ iqtisodiyot bu insonlarning ijodiy salohiyati, intellektual qobiliyati, innovatsiyalar va texnologiyalarga asoslangan, iqtisodiy qimmatga ega tovar hamda xizmatlarni yaratishga qaratilgan iqtisodiyot tarmog‘idir. Bu yo‘nalishda asosiy resurs xomashyo emas, balki g‘oya va kreativlik hisoblanib, u bandlikni oshirish va boylik yaratish orqali iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shadi.





