Yevropadagi maoshlar: ish beruvchilarga qanday qat’iy taqiq qo‘yildi?

Bugun 15:022 daqiqa

Yevropa Ittifoqi ishchilarning maoshlarini yashirishni rasman taqiqlovchi yangi qonun qabul qildi. Boz ustiga, ish beruvchilarga endi nomzodlardan bitta muhim narsani so‘rashi qat’iyan man etiladi.

Yevropadagi maoshlar: ish beruvchilarga qanday qat’iy taqiq qo‘yildi? © ausnews.de

Yevropa Ittifoqi erkaklar va ayollar o‘rtasidagi maoshlar tafovutini yo‘q qilishga qaratilgan yangi qoidalarni qabul qildi. «Ausnews.de» nashri xabariga ko‘ra, mazkur qaror mehnat bozorini tubdan o‘zgartirib, ishchilarga ulkan huquqlar beradi.

Statistikaga ko‘ra, Yevropada ayollar erkaklarga nisbatan o‘rtacha 11 foizga kamroq maosh oladi. Yangi qoidalar aynan shunga barham berishni ko‘zlaydi. Endilikda barcha korxonalar, xoh korporatsiya, xoh kichik biznes bo‘lsin, ishchilar maoshini yashirish huquqidan mahrum etiladi.

Ish beruvchilarga bo‘sh ish o‘rinlarini e’lon qilishda dastlabki maosh miqdorini ochiq ko‘rsatish majburiyati yuklanadi. Suhbat jarayonida nomzoddan avvalgi ish joyidagi maoshini so‘rash qat’iyan taqiqlanadi.

Eng muhimi, rahbariyat endi xodimlarga maoshlarni hamkasblari bilan muhokama qilishni taqiqlay olmaydi. Har bir ishchi o‘zi bilan bir xil lavozimdagi xodimlar qancha maosh olayotganini bilish huquqiga ega bo‘ladi.

Ish beruvchilarga yangi talablar

Qoidalarga ko‘ra, agar xodim maosh to‘lashda kamsitilishga duch kelsa, u nafaqat maoshdagi farqni, balki olinmay qolgan bonuslar uchun ham tovon puli talab qilishi mumkin.

Kompaniyalar davlat organlariga erkaklar va ayollar maoshidagi farq haqida muntazam hisobot berib borishi shart. Agar ushbu tafovut 5 foizdan oshsa va bunga asosli sabab bo‘lmasa, rahbariyat xodimlar vakillari bilan birgalikda muammoni hal qilish choralarini ko‘rishi talab etiladi.

Ushbu talablarni mensimaganalarga yirik jarimalar va qat’iy sanksiyalar qo‘llanilishi belgilangan.

Davlatlar qarorga tayyormi?

Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha davlatlar 2026-yilning 7-iyuniga qadar ushbu direktiva talablarini o‘z milliy qonunchiligiga kiritishi shart. Daniya, Fransiya va Niderlandiya kabi davlatlar bunga allaqachon jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Fransiyada hozirning o‘zidayoq yirik korxonalar uchun bunday talablar qisman amal qilmoqda. Germaniya va Ispaniya esa belgilangan muddatga ulgurmasligi taxmin qilinmoqda.

Ammo Shvetsiya bu direktivaga keskin qarshi chiqqan. Ular maosh masalalari davlat emas, balki kasaba uyushmalari orqali hal qilinishini ta’kidlab, qoidalarni yumshatishni talab qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid