
«Kripto-qish»: Bitkoinning «shov-shuvli» qulashi nega to‘xtamayapti?
O‘tgan yilning oktabr oyidan buyon kriptovalyuta atrofidagi shov-shuvlar tinchishi ortidan Bitkoin narxi tinimsiz pasayib bormoqda.

Dunyoning eng ommabop kriptovalyutasi hisoblangan Bitkoinning narxi so‘nggi bir yildan ortiq vaqt ichidagi eng past darajaga tushib ketishi joriy haftada kripto-bozorlarda jiddiy bosimni yuzaga keltirdi. 5-fevral kuni tushdan keyin Bitkoin narxi 66 000 dollardan pastga tushdi, 6-fevral ertalab esa 62 900 dollar atrofida qayd etildi.
Raqamli aktiv qiymatining pasayishi yanvar oyining so‘nggi dam olish kunlaridan boshlanib, narxlar 80 000 dollardan pastga tushib ketgan edi. Vaholanki, o‘tgan yilning oktabr oyida Bitkoin o‘zining tarixiy eng yuqori nuqtasiga — 127 000 dollardan yuqori ko‘rsatkichga yetgan, dekabrga kelib esa taxminan 90 000 dollargacha pasaygan edi. So‘nggi qulashdan keyin Bitkoin joriy yil boshidan buyon o‘z qiymatining yana 30 foizga yaqinini yo‘qotdi.
Kriptovalyuta olamidagi ushbu jarayonlar bir qancha sabablar bilan izohlanmoqda.
Nega Bitkoin narxi tushyapti?
Buning asosiy omillaridan biri boshqa bozorlardagi beqarorlikdir. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, geosiyosiy noaniqliklar fonida jahon fond bozorlarida aksiyalarning ommaviy sotilishi hamda oltin va kumush narxidagi so‘nggi tebranishlar Bitkoin qiymatining keskin pasayishiga sabab bo‘lgan.
«Institutsional talab sezilarli darajada pasaydi», — deyiladi kriptovalyuta investorlari uchun jahon bozorlari tahlilini taqdim etuvchi CryptoQuant tashkilotining hisobotida.
Hisobotda qayd etilishicha, o‘tgan yili Bitkoinni faol sotib olgan AQSH birja investitsiya fondlari (ETF) bu yil uni sotishga o‘tgan. Deutsche Bank tahlilchilari mijozlariga yo‘llagan eslatmasida, ushbu ETFlar 2025 yil oktabridagi pasayishdan beri har oy milliardlab dollar mablag‘ yo‘qotayotganini, ya’ni investorlar o‘z ulushlarini naqd pulga aylantirib chiqib ketayotganini ta’kidlashdi.
Bundan tashqari, joriy yilning yanvar oyida AQSHning ixtisoslashgan Bitkoin-ETFlaridan 3 milliard dollardan ortiq mablag‘ chiqib ketgan. Taqqoslash uchun, 2025 yilning noyabr va dekabr oylarida ushbu ko‘rsatkich mos ravishda 7 milliard va 2 milliard dollarni tashkil etgan edi.
«Bu muntazam sotuvlar an’anaviy investorlarning qiziqishi so‘nayotganidan va kriptovalyutaga nisbatan umumiy pessimistik kayfiyat kuchayib borayotganidan dalolat beradi», — deydi tahlilchilar.
Kripto-bozor ma’lumotlari va tahlillarini taqdim etuvchi Kaiko tashkiloti mutaxassisi Adam Morgan Makkarti Al Jazeera nashriga bergan intervyusida shunday deydi: «Bitkoin narxining tushishi asosan bozorga bo‘lgan qiziqishning kamayishi va savdo hajmining pasayishi bilan bog‘liq. Bu likvidlikning pasayishiga olib keladi, natijada har qanday yuqoriga yoki pastga siljish yanada keskinroq namoyon bo‘ladi».
Uning tushuntirishicha, kripto-bozor ko‘p jihatdan «shov-shuvga asoslangan» davrlarga tayanadi, bunda odamlar imkoniyatni boy berib qo‘yish qo‘rquvi (FOMO) ostida aktivlarni sotib olishadi.
«Aynan mana shu shov-shuv savdo hajmining asosi bo‘lib, biz likvidlik deganda shuni tushunamiz. Oddiy qilib aytganda, savdo hajmi qancha yuqori bo‘lsa, likvidlik shuncha ko‘p bo‘ladi va bu Bitkoinni tezda sotib olish yoki sotishni osonlashtiradi. Hozirda esa bu asos yemirilmoqda. Bu odatda «ayiqlar bozori» yoki «kripto-qish» davrida sodir bo‘ladi. Natijada aktivlar bilan savdo qilish qiyinlashadi va ular yanada jozibasini yo‘qotadi. Bu esa narxlarning yanada pasayishiga olib keladigan o‘ziga xos ayanchli halqadir», — deya qo‘shimcha qildi u.
«Kripto-qish» — bu narxlarning uzoq muddatli pasayishi yoki bir joyda depsinib qolishi davri bo‘lib, unga yomonlashayotgan makroiqtisodiy sharoitlar yoki bozor qoidalarining qat’iylashishi kabi omillar sabab bo‘lishi mumkin.
Soo‘nggi ikki hafta ichida oltin va kumush narxidagi o‘zgaruvchanlik ham bozor kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, kriptovalyutalar narxiga ta’sir qildi. Tahlilchilarning fikricha, geosiyosiy beqarorlik va AQSH dollarining mustahkamlanishi investorlarni qimmatbaho metallarni sotishga majbur qilgan, bu esa kutilmagan pasayishga olib kelgan.
O‘tgan haftada narxlar keskin ko‘tarilib, oltinning bir unsiyasi deyarli 5 595 dollarlik rekord darajaga yetgan, kumush esa tarixiy maksimal — qariyb 122 dollarni tashkil etgan edi. Biroq bu yuqori ko‘rsatkichlar uzoq saqlanmadi va joriy haftada ushbu qimmatbaho xomashyolar narxi yana pasaydi: 5-fevral kuni oltin unsiyasi 4 872,83 dollargacha, kumush esa 77,36 dollargacha tushdi.
Boshqa kriptovalyutalar, jumladan, bozor hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi Efir (Ether) ham arzonlashdi. Efir narxi joriy haftada 19 foizga tushib, 5-fevral kuni kechqurun 1 854 dollar darajasida yopildi.
Bu AQSHdagi «kriptoga moyillik» siyosati kutilgan natijani bermayaptimi?
O‘tgan yili Donald Trampning Oq uyga qaytishi ortidan Bitkoin narxi keskin ko‘tarilib ketdi. Tahlilchilar u prezidentlik davrida kriptovalyutalar uchun qulay tartibga solish tizimini joriy etishini kutishgan edi.
2024 yil iyul oyida o‘tkazilgan Bitkoin konferensiyasida, o‘zining saylovoldi kampaniyasi doirasida Tramp AQSHni «sayyoraning kripto-poytaxti» deb atagan va agar prezident etib saylansa, Bitkoinning «strategik zaxirasi»ni yaratishga va’da bergan edi.
2025 yil mart oyida lavozimga kirishgach, Tramp hukumat tarkibiga beshta kriptovalyuta — Bitkoin va Efirdan tashqari, XRP, Cardano va Solana kabi kichikroq valutalar ham kiradigan milliy strategik kripto-zaxira yaratishini e’lon qildi.
O‘tgan yilning iyul oyida Tramp, shuningdek, «GENIUS Act» deb nomlangan yangi qonun loyihasini taqdim etdi. Ushbu hujjat qiymati qat’iy valuta yoki tovarga bog‘langan «steyblkoin» (stablecoin)lar uchun tartibga solish me’yorlari va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini o‘rnatishi ko‘zda tutilgan edi.
O‘tgan oyda esa AQSHda kriptovalyutalar uchun me’yoriy-huquqiy bazani yaratuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Agar ushbu hujjat imzolansa, u moliyaviy regulyatorlarning kriptovalyuta sektori ustidan yurisdiksiyasini aniqlashtirib beradi.
AQSH prezidentining o‘zi ham bu sohaga shaxsan qiziqadi, chunki uning oilasi «World Liberty Financial» (WLFI) kriptofirmasiga egalik qiladi. O‘tgan yilning mart oyida WLFI o‘zining «USD1» deb nomlangan, AQSH g‘aznachilik obligatsiyalari bilan ta’minlangan va dollarga bog‘langan shaxsiy steyblkoinini muomalaga chiqardi.
Biroq prezidentning kriptovalyutalarga bo‘lgan shaxsiy qiziqishi va uni qo‘llab-quvvatlovchi siyosati ham raqamli aktivlarni tashqi bozor omillari ta’siridan himoya qila olmadi.
Avval ham «kripto-qishlar» kuzatilganmi?
Ha.
Ilk «kripto-qish» 2017 yil dekabrida Bitkoin narxi eng yuqori nuqtaga chiqqanidan so‘ng yuzaga kelgan edi. Shundan so‘ng, 2018 yil dekabrida AQSH, Kanada va boshqa mamlakatlardagi keskin tartibga solish choralari hamda boshqa omillar sababli narxlar keskin qulagan.
Navbatdagi pasayish 2021 yil oktabridagi cho‘qqidan so‘ng, 2022 yil noyabr oyida — FTX birjasidagi mojaro ortidan kuzatildi. O‘sha yilning noyabrida FTX kriptobirjasi likvidlik inqirozi va butun dunyo regulyatorlarining aralashuvi tufayli AQSHda bankrotlik jarayonini boshlagan edi.
Kaiko tahlilchilari bayonotlarida narxlarning pasayish tendensiyasi Tramp tomonidan Kevin Vorsh Federal zaxira tizimining (FZT) yangi raisi sifatida ko‘rsatilgandan so‘ng «haqiqatan ham tezlashganini» qayd etishdi. Vorsh foiz stavkalarini tushirmagani uchun Tramp tomonidan bir necha bor tanqid qilingan Jerom Pauellning o‘rnini egallaydi.
«Pauellning 28-yanvardagi foiz stavkalari o‘zgarishsiz qolishi haqidagi so‘nggi bayonoti hamda yangi rais tayinlovi tub burilish nuqtasi bo‘lib xizmat qildi va narxlarning keskin pasayishiga turtki berdi. Makroiqtisodiy o‘zgarishlarga o‘ta sezgir bo‘lgan va shundoq ham zaiflashgan kripto-bozor bu yangilikka nihoyatda keskin munosabat bildirdi», - deyiladi Kaiko hisobotida.





