add

Maktab ta’limi vazirligini sudga bergan o‘qituvchilar yutqazdi

30.09.2025 | 21:45115613

Ona tili va adabiyot o‘qituvchilari attestatsiya imtihonlari adolatsiz o‘tkazilganini aytdi. Ular savollar noto‘g‘ri tuzilgani va apellyatsiya shikoyatlari ko‘rib chiqilmaganini ta’kidlab, vazirlikka qarshi sudga murojaat qilgandi. Biroq sud ularning talablarini rad etdi.

Maktab ta’limi vazirligini sudga bergan o‘qituvchilar yutqazdi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi to‘rt nafar ona tili va adabiyot o‘qituvchisining Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ustidan kiritgan shikoyatini qanoatlantirmaslik bo‘yicha qaror chiqardi. Bu haqda Gazeta.uz sud qarori bilan tanishib, xabar berdi. 2025 yilning aprel-may oylarida O‘zbekistonning turli maktablarida ona tili va adabiyot fanlaridan dars beruvchi to‘rt o‘qituvchi vazirlik huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan pedagoglarning malaka toifa uchun o‘tkazilgan attestatsiya natijalarini g‘ayriqonuniy deb hisoblab, markaz ustidan sudga murojaat kiritgandi. Joriy yilning 8 sentyabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi binosida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida hal qiluv qarori qabul qilindi. Mazkur ish sudya Guli Shukrullayeva raisligida ko‘rib chiqilgan. Sud qaroriga ko‘ra, sudga 4 nafar da’vogar pedagoglar: N.M., D.E., Sh. R. va Abror Kamolovning ishonchli vakili (advokati) Nazirjon Hotamjonov javobgar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga nisbatan attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish majburiyatini yuklash, har bir da’vogar foydasiga 10 million so‘mdan ma’naviy zarar, shuningdek, har bir da’vogarning foydasiga 5 million so‘mdan jami 20 million so‘m miqdorda vakil xarajatlarini undirish haqidagi da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Sud majlisida da’vogarlardan biri, ya’ni N.M.ning ishonchli vakili tomonidan ariza taqdim qilinib, uning da’vo arizasini ko‘rmasdan qoldirish so‘ralgan. Sud Fuqarolik protsessual kodeksining 122-moddasi (arizani ko‘rmasdan qoldirish asoslari) 9-bandiga asosan, da’vogar N.M.ning da’vo arizasini ko‘rmasdan qoldirish haqida xulosaga kelgan. Sudda da’vogarlarning advokati Nazirjon Hotamjonov da’vo arizani qo‘llab-quvvatlab, attestatsiya test savollari testologiya qoidalariga rioya qilmagan holda tuzilganligi, ular o‘qituvchining bilim darajasini aniqlashga qaratilmaganligi, attestatsiya jarayoni uchun sinov materiallari testologiyaning xalqaro talablari asosida, xolislik va maxfiylikni ta’minlagan holda shakllantirilishi lozimligi, xalqaro testologiya standartlari har qanday baholashning validlik va ishonchlilik talablariga javob berishi shart qilib belgilanganligini ta’kidlagan. Shuningdek, u testologiya nazariyasi va amaliyotiga binoan sinov materiallarining validligini tasdiqlash uchun ular oldindan ekspertizadan o‘tkazilishi, natijalari esa ilmiy va statistik usullar yordamida tahlil qilinishi shartligini, faqat shundan so‘ng test materiallari validlik va ishonchlilik talablariga javob berishiga ishonch hosil qilinganda amaliyot joriy etilishini qayd etgan. Advokat test sinovlaridan o‘tgan shaxslarga yetarli sharoitlar yaratilmaganligi, «X variant» test savollari ertalab sinovdan o‘tib chiqqandan keyin internetda tarqalib ketilganligi, bu holat kunning ikkinchi yarmida sinovga kirgan talabgorlarga qulayliklar yaratib berganligi, yozilgan apellyatsiya shikoyati chuqur o‘rganib chiqilmasdan barcha da’vogarlarga bir xil mazmundagi javob xati yuborilganligini bayon qilib, da’vo arizani to‘liq qanoatlantirishni so‘ragan. Sudda da’vogar Abror Kamolov da’vo arizani to‘liq qo‘llab-quvvatlab, ishonchli vakili tomonidan berilgan ko‘rsatmalarga qo‘shilishini, ularga qo‘yilgan test savollari testologiya talablariga javob bermasligi, bunday test savollarini tuzish maqsadi tushunarsiz ekanligi, ba’zi test savollarida to‘g‘ri javob yo‘qligi, shu sababli unga berilgan barcha test savol-javoblarini talab qilib olib, ekspertizadan o‘tkazish lozimligi, nizomda belgilangan tartibga rioya qilinmaganligini aytgan hamda da’vo arizani to‘liq qanoatlantirishni so‘ragan. Sud majlisida javobgar (vazirlik)ning ishonchli vakili J.Alijonov da’vo arizani tan olmagan. U o‘z nutqida da’vogarlar oldiga qo‘yilgan test sinovlari majburiy o‘tish lozim bo‘lgan test imtihoni emasligi, balki ularning natijasi bo‘yicha katta imtiyozlar berilishi lozim bo‘lgan sinov hisoblanishi, test savollarining barchasi bo‘yicha ekspertiza o‘tkazilib, belgilangan tartibga rioya qilingan holda test savollar bazasiga kiritilganligi, har bir da’vogarning yozgan apellyatsiya shikoyati bo‘yicha komissiya tashkil qilinib, e’tirozlari o‘rganilib, ularga rad javobi berilganligi bayon qilgan. Shuningdek, u test sinovlari o‘tkazish jarayonida barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, butun jarayon video tasvirga olinganligi, nosozliklar ro‘y bermaganligi yuzasidan tegishli idoraning javobi taqdim qilinganligi, ya’ni nizomda belgilangan tartibda test sinovlari o‘tkazilib, natijalari olinganligini ta’kidlab, da’vo arizani rad qilishni so‘ragan. Sud majlisida javobgarning boshqa vakillari: S.Xamrayev, N.Matnazarova va I.Timoshevlar ham J.Alijonov tomonidan berilgan ko‘rsatmalarga qo‘shilib, da’vo arizani rad qilishni so‘ragan. Aniqlangan holatlarga ko‘ra, 2025 yil 23 aprel kuni 3 nafar da’vogar ona tili va adabiyot fanidan o‘tkazilgan attestatsiya test sinovlarida ishtirok etgan. Ular quyidagicha ball yig‘gan: Da’vogar Abror Kamolov pedagogik mahorat uchun tuzilgan 10 ta savoldan 4 tasiga, mutaxassislik fanidan tuzilgan 40 ta savoldan 27 tasiga to‘g‘ri javobni belgilab, 62 ball to‘plagan; Da’vogar Sh. R. pedagogik mahorat uchun tuzilgan 10 ta savoldan 8 tasiga, mutaxassislik fanidan tuzilgan 40 ta savoldan 33 tasiga to‘g‘ri javob berib, 82 ball yig‘gan; Da’vogar D.E. pedagogik mahorat uchun tuzilgan 10 ta savoldan 5 tasiga, mutaxassislik fanidan tuzilgan 40 ta savoldan 25 tasiga to‘g‘ri javob berib, 60 ball yig‘gan. Pedagoglar mazkur natijalari yuzasidan apellyatsiya shikoyatlari kiritgan, ammo bu rad etilgan. Shundan so‘ng sudga murojaat qilishgan. Sud da’vogarlarning javobgar (vazirlik)ga nisbatan attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish majburiyatini yuklash, vakil xarajatlarini undirish va yetkazilgan ma’naviy ziyonni qoplash haqidagi talablarini rad etish bo‘yicha qaror chiqargan. Da’vogarlar advokati Nazirjon Hotamjonovning Gazeta muxbiri bilan suhbatda ta’kidlashicha, u sud qarorining har bir bandidan norozi. «Birinchi instansiya sudi chiqargan qarordan to‘liq noroziman. 30 sentyabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga appelyatsiya shikoyati kiritdik. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudlov hay’ati appelyatsiya instansiyasi ko‘rib chiqqach, o‘z xulosasini bildiradi», — degan advokat.

Teglar

Mavzuga oid