add

Migrantlarga to‘siqdan ko‘proq yutqazadigan tomon aynan Rossiya — iqtisodchi

07.09.2025 | 13:0031856

Rossiya jamoatchiligi, OAV va ayrim siyosatchilar orasida migrantlarga, xususan o‘zbekistonliklarga nisbatan noto‘g‘ri tasavvur keng tarqalgan, deb yozadi Iqtisodchi Behzod Hoshimov.

Migrantlarga to‘siqdan ko‘proq yutqazadigan tomon aynan Rossiya — iqtisodchi
Rossiyada yuz bergan holatga TIVning tezkor reaksiyasi yaxshi bo‘ldi. Biroq umumiy fon shuni ko‘rsatadiki, Rossiya jamoatchiligi, OAV va ayrim siyosatchilar orasida migrantlarga, xususan o‘zbekistonliklarga nisbatan noto‘g‘ri tasavvur keng tarqalgan. Go‘yoki ko‘pchilik vatandoshlarimiz Rossiyada ishlab, yurtiga pul yuborgani sababli «biz Rossiyaga qarammiz», hatto «ular bizni boqayapti» degan iddao paydo bo‘ladi. Rossiya televideniyasi va ijtimoiy tarmoqlarida ham shunga o‘xshash bayonotlar eshitilib turadi. Aslida, masala boshqacha. O‘zbekistonliklar Rossiyadan milliardlab dollar jo‘natishadi — to‘g‘ri. Lekin bu — rossiyaliklarning sadaqasi yoki xayriyasi emas; bu vatandoshlarimizning mashaqqatli mehnati evaziga olingan halol ish haqi. Ish haqi odatda xodim yaratgan qiymatdan past bo‘ladi; aks holda, u ishga olinmagan bo‘lardi. Demak, agar o‘zbekistonliklar Rossiyada 1 milliard dollar ish haqi olgan bo‘lsa, ular bundan ham katta iqtisodiy qiymat yaratishgan. Qolaversa, barcha pul uyga yuborilmaydi: Rossiyaning o‘zida iste’mol: tovarlar va xizmatlar ko‘rinishida sarflanadi, buni ustiga, jamg‘arma va investitsiyalar hisobiga Rossiya iqtisodiyotida qoladi. Bularning barchasi iqtisodiyotda ijobiy multiplikativ ta’sir beradi. Shu bois vatandoshlarimizning Rossiya iqtisodiyotiga va aholi farovonligiga qo‘shgan hissasi juda yuqori. Menimcha, ko‘pchilik tasavvuridan ancha katta multiplikativ ta’sirga ega. Buni Rossiyada tushunadigan mutaxassislar mavjud. Iqtisodiyot bilan, yoki makroiqtisodiyotga zarracha aloqasi bor odam bundan xabardor. Demografik masala Rossiyaning kelajagi uchun hal qiluvchi: aholi qarimoqda, yoshlar ulushi kichraymoqda, tug‘ilishlar kam. Shu sharoitda o‘zbekistonliklar (umuman markaziy osiyolik migrantlar) qishloq xo‘jaligi, transport-logistika, xizmatlar, oziq-ovqat va sanoat kabi tarmoqlarda yuzaga kelgan «demografik bo‘shliq»ni to‘ldirib turadigan tayanch ustun bo‘lib turishibdi. Ularning ishlashi, soliq to‘lashi va qiymat yaratishi Rossiya uchun katta foyda keltiradi. Qandaydir ma’noda inqirozda qutqarib ham turibdi. Muzokaralarda va ayniqsa ijtimoiy mulohazamizda ham ana shu faktlarni bilishimiz lozim. Ular ham bilib qolishadi. Qisqasi, ko‘p o‘zbeklar muhojir bo‘lgani uchun, biz Rossiyaga qaram emasmiz; aksincha, Rossiya iqtisodiyoti bizni mehnat kuchiga sezilarli darajada tayanishga majbur. Bu ikki taraflama foydali almashuv, lekin ularda bizdan ko‘ra yo‘qotadigan narsasi kattaroq. Muqobillik ularda kamroq. Biz kabi, til biladigan, moslashuvchan, kontekstni tushunadigan va madaniy jihatdan yaqin mehnat qo‘llarini, ular o‘rta muddatda boshqa manbadan topa olishmaydi va tezda almashtira olishmaydi. Shuning uchun muhojirlarga to‘siq qo‘yishdan ko‘proq zarar ko‘radigan tomon — aynan Rossiya. Ularni hukumatning ayrim amnistiya va yumshatish choralarini ham o‘zbeklarga «g‘amxo‘rlik»dan ko‘ra, real iqtisodiy ehtiyoj — ishchi kuchiga kuchli bog‘liqligidan kelib chiqmoqda. Buni unutmasligimiz kerak. Urush ham, bu masalada ham demografik ravishda, ham iqtisodiy ravishda, muzokaralarda bizni nisbiy kuchimizni ko‘paytirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid