2026-yilda bank mijozlarga jami 38,5 trln so‘m kredit ajratishni rejalashtirgan. Shundan 28,2 trln so‘m yuridik shaxslarga, 10,3 trln so‘m esa jismoniy shaxslarga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
«Milliy bank» aksiyadorlik jamiyati 2027-yilda mijozlarga ajratiladigan kreditlar hajmini 43 trln so‘mga yetkazadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevga bank tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan berilgan axborotda ma’lum qilindi.
Kelgusi yilda iqtisodiyotning real sektoriga 18 trln so‘m, infratuzilma loyihalariga esa 5 trln so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda. 2026-yilda bank tomonidan mijozlarga jami 38,5 trln so‘m, jumladan, yuridik shaxslarga 28,2 trln so‘m, jismoniy shaxslarga 10,3 trln so‘m kredit ajratish rejalashtirilgan.
O‘tgan davrda iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini, jumladan, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha 2 mingta loyihaga 15 trln so‘m kredit yo‘naltirilgan. Shuningdek, qurilish sohasidagi 235 ta loyihani moliyalashtirish uchun 1,7 trln so‘m ajratilgan.
Yoshlar bandligi, mahallalardagi loyihalar va topshiriqlar
2026-yilda bank tomonidan moliyalashtirilgan loyihalar orqali 306 ming nafar bitiruvchining bandligi ta’minlangani qayd etildi. Yoshlar va bitiruvchilarning biznes loyihalariga ajratiladigan kreditlar hajmini 618 mlrd so‘mga yetkazish, bu orqali qariyb 10 ming nafar yoshning bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Bankka biriktirilgan 1 ming 188 ta mahallada aholini tadbirkorlikka jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan 13 mingta mikroloyiha shakllantirilgan. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun 2,8 trln so‘m kredit yo‘naltirish hamda 178 ming nafar aholining bandligini ta’minlash rejalashtirilgan.
Davlat rahbari bank resurslarini, avvalo, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratuvchi loyihalarni moliyalashtirish, iqtisodiyotning eksport salohiyatini oshirish, aholining tadbirkorlik faolligini rag‘batlantirish va barqaror ish o‘rinlarini yaratishga yo‘naltirish muhimligini ta’kidladi.
Bank rahbariyatiga kredit mablag‘larining iqtisodiy samaradorligini oshirish, istiqbolli loyihalarni shakllantirish va amalga oshirishda tadbirkorlarga ko‘maklashish, mahallalarda aholi daromadlarini ko‘paytirish bo‘yicha moliyaviy ko‘mak ishlarini yanada jadallashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank qaysi banklar tizimli ahamiyatga ega ekanini aytgandi.