Logo

Xalqaro moliya institutlari O‘zbekistondagi yo‘llarni ta’mirlashni boshlaydi

Bugun 12:053 daqiqa

So‘nggi o‘n yilda yo‘l sohasiga 80 trln so‘m ajratilib, 7 ming kilometr yo‘l qayta qurildi, 125 ming kilometr yo‘l ta’mirlandi. Yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish, sohaga 20 mlrd dollar mablag‘ olib kirish imkoniyati mavjudligi aytilmoqda. Hozirda umumiy qiymati 5,6 mlrd dollar bo‘lgan, jami 593 kilometrlik pulli yo‘llarni qurish bo‘yicha 5 ta loyihaga kirishilgan.

Xalqaro moliya institutlari O‘zbekistondagi yo‘llarni ta’mirlashni boshlaydi © wikipedia.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugungi kunda O‘zbekistonda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 6,5 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilayotganini aytdi. Bu haqda u Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ilmiy-amaliyot markazida transport-logistika sohasidagi investor va tadbirkorlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Yaqinda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan Urganch – Tuproqqal’a yo‘li bo‘yicha loyihaga start berildi. 2027 yilda Jahon banki bilan M-41 yo‘lining Surxondaryo viloyatidagi 97 kilometr qismini, Osiyo taraqqiyot banki bilan A-380 yo‘lining Qashqadaryodagi 100 kilometr qismini rekonstruksiya qilish boshlanadi. Shuningdek, Islom taraqqiyot banki bilan A-373 yo‘lining Sirdaryodagi 37 kilometr qismini, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan esa M-37 yo‘lining Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi 69 kilometr qismini rekonstruksiya qilishga kirishiladi.

So‘nggi yillarda mamlakatda yo‘l qurilishi bo‘yicha malakali mutaxassislar, yirik mahalliy pudratchi va muhandislik-konsalting kompaniyalari shakllangani, zamonaviy texnika bilan ta’minlash borasida ham katta imkoniyatlar yaratilgani ta’kidlandi.

Xalqaro moliya institutlariga mahalliy mutaxassislarni dunyo miqyosidagi yirik loyihalarga muhandis-maslahatchi sifatida jalb qilish, yo‘l qurilishida tajriba orttirgan kompaniyalarimizni xorijiy tenderlarda ishtirok etishga tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dastur ishlab chiqish taklif etildi.

Davlat rahbari iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur’atlariga mos ravishda transport tizimini ham rivojlantirish, sohaga katta hajmda investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, aniq natijalarga erishish zarurligini ta’kidladi.

So‘nggi o‘n yilda yo‘l sohasiga 80 trillion so‘m ajratilib, 7 ming kilometr yo‘l qayta qurildi, 125 ming kilometr yo‘l ta’mirlandi. Yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish, sohaga 20 milliard dollar mablag‘ olib kirish imkoniyati mavjud.

Hozirda umumiy qiymati 5,6 milliard dollar bo‘lgan, jami 593 kilometrlik pulli yo‘llarni qurish bo‘yicha 5 ta loyihaga kirishilgan. Toshkent – Samarqand yo‘nalishida 2,2 milliard dollarlik yo‘l qurilishi boshlangan, Toshkent – Angren yo‘nalishidagi 1,6 milliard dollarlik loyiha bo‘yicha tender jarayonlari yakuniga yetmoqda.

Mutasaddilarga Toshkent – Chorvoq, Samarqand – Buxoro yo‘nalishlari va Taxtaqoracha dovonidagi yo‘llar bo‘yicha jami 1,8 milliard dollarlik loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini yakunlab, investorlarga taqdim etish topshirildi.

Yo‘l va ko‘priklar qurilishiga tadbirkorlarni keng jalb qilish bo‘yicha yangi imkoniyatlar yaratiladi. Hozirga qadar hududlarda umumiy qiymati 4 milliard dollarlik 131 ta loyiha taklifi tayyorlangan.
Hokimlarga bir oy muddatda har bir hududda 1–2 tadan yo‘l va ko‘prikni belgilab, ularni qurish, saqlash va boshqarish sharti bilan investorlarga taklif etishni boshlash topshirildi.

Bunday loyihalar xususiy sektorga texnik-iqtisodiy asoslari bilan birga tayyor paket shaklida taqdim etiladi. Yo‘llar bo‘yida savdo va servis obyektlarini tashkil etish huquqi ham investorlarning o‘zlariga beriladi. Bu kabi loyihalar har bir tumanda bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand va Buxoro o‘rtasida pulli avtomobil yo‘li qurilishi haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid