Logo

Nazarboyevning jiyani bilan bog‘liq kompaniyadan 6,5 mln dollarlik ekologik jarima majburiy undirilmoqda

Bugun 18:033 daqiqa

Kompaniyaga jarima 2024-yilda tayinlangan. Biroq tashkilot ushbu qaror ustidan sudga shikoyat qilgan. Sud kompaniyaning shikoyatlarini rad etgan va jarima haqidagi qaror qonuniy kuchga kirgan. Shundan so‘ng jarimani majburiy undirish boshlangan. Hozirda to‘lanmay qolgan 5,4 mln dollarning undirilishi prokuratura nazoratida.

Nazarboyevning jiyani bilan bog‘liq kompaniyadan 6,5 mln dollarlik ekologik jarima majburiy undirilmoqda © Forbes

Qozog‘istonning «JAN i KS» neft kompaniyasidan 3 mlrd tengedan ortiq (6,5 mln dollar) ekologik jarima undirilmoqda. Sud ijrochilari hozirgacha ushbu mablag‘ning 490 mln tengedan ortig‘ini (1 mln dollardan ziyod) Atirau viloyati budjetiga o‘tkazgan. Bu haqda «Ulysmedia.kz» xabar berdi.

Qoidabuzarlikni Atirau viloyati tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi aniqlagan. Ma’lum bo‘lishicha, kompaniya quduq qazish ishlari davomida hosil bo‘lgan burg‘ilash chiqindilari va ishlatilgan maxsus suyuqliklarni belgilangan tartibga rioya qilmasdan to‘plab kelgan.

Burg‘ilash chiqindilari — neft va gaz quduqlarini qazish jarayonida yer osti jinslaridan hosil bo‘ladigan mayda tosh va tuproq qoldiqlari. Quduq qazishda ishlatiladigan maxsus suyuqliklar bilan aralashgan bu chiqindilar tarkibida neft mahsulotlari va kimyoviy moddalar bo‘lishi mumkin. Shu sababli ularni oddiy chiqindi sifatida tashlab yuborish mumkin emas, maxsus usulda zararsizlantirish talab etiladi.
Kompaniya atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan me’yorlarni buzgani uchun Qozog‘iston Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksining 328-moddasi 6-qismi asosida javobgarlikka tortilgan.

Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, kompaniyaga jarima 2024-yilda tayinlangan. Biroq «JAN i KS» ushbu qaror ustidan sudga shikoyat qilgan. Sud kompaniyaning shikoyatlarini rad etgan va jarima haqidagi qaror qonuniy kuchga kirgan. Shundan so‘ng jarimani majburiy undirish boshlangan. Hozirda to‘lanmay qolgan qariyb 2,5 mlrd tenge (5,4 mln dollar) mablag‘ning undirilishi prokuratura nazoratida.

«JAN i KS» Atirau viloyatidagi «Pribrejnoye» konida neft va gaz qazib olish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya yo‘l qurilishi, gidrotexnik inshootlar barpo etish, qurilish materiallari va foydali qazilmalar qazib olish sohalarida ishlaydigan «Aytei Group» xoldingi tarkibiga kiradi. Ushbu xolding Seitjan Yesimovga tegishli. U Nursulton Nazarboyevning jiyani Axmetjan Yesimovning ukasi hisoblanadi. Seitjan Yesimovning o‘zi Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani ekani aytilgan. Axmetjan Yesimov avval Olmaota shahri hokimi, EXPO-2017 ko‘rgazmasi rahbari va «Samruq-Qazina» milliy farovonlik jamg‘armasi boshqaruvi raisi lavozimlarida ishlagan.

Qozog‘istonda neft kompaniyalari ekologik qoidabuzarliklar uchun muntazam jarimaga tortiladi. Masalan, 2025-yilning yanvar oyida «Mangistaumunaygaz» kompaniyasiga jami 32,2 mlrd tenge (taxminan 61 mln dollar) jarima solingan. Bunga oqova suvlarni yer ostiga oqizish, burg‘ilash chiqindilarini belgilangan me’yordan ortiq to‘plash va havoga ruxsat etilgan miqdordan ko‘p zararli moddalar chiqarish sabab bo‘lgan.

O‘sha yili sud Kashagan konida faoliyat yurituvchi «North Caspian Operating Company» kompaniyasidan ham gazni zarur ruxsatnomasiz mash’alada yoqqani uchun 3,55 mlrd tenge (6,7 mln dollar) undirishga qaror qilgan. 2026-yilda esa «Karachaganak Petroleum Opereyting» kompaniyasiga havoga me’yordan ortiq zararli moddalar chiqargani va oqova suvlarni belgilangan talablarga zid ravishda chiqargani uchun 2,07 mlrd tenge (4,5 mln dollar) jarima solingan.

Bundan tashqari, «Embamunaygaz» kompaniyasi Atirau viloyatidagi konlarda yo‘ldosh gazni noqonuniy yoqqani uchun 6,6 mlrd tenge (o‘sha vaqtda 17,8 mln dollar) to‘lagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning ukasi Bo‘lat Nazarboyevga aloqador bo‘lgan sobiq spirtli ichimliklar zavodi sotuvga qo‘yilgandi.

Teglar

Mavzuga oid