Logo

Buxoro markaziy dehqon bozori faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

Bugun 14:352 daqiqa

Tekshiruvda bozorda yong‘in xavfsizligi talablari qo‘pol buzilgani aniqlandi. Bozor faoliyati barcha kamchiliklar bartaraf etilgandan so‘ng qayta tiklanadi.

Buxoro markaziy dehqon bozori faoliyati vaqtincha to‘xtatildi © yandexmaps

Buxoro markaziy dehqon bozori faoliyati yong‘in xavfsizligi talablari qo‘pol buzilgani va favqulodda vaziyatlar xavfi yuqoriligi sababli vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘rganishlar davomida qoidabuzarliklar asosan bozorning kiyim-kechak qismi va unga tutash hududda aniqlangan. Xususan, tadbirkorlar o‘t o‘chirish mashinalari harakatlanishi uchun mo‘ljallangan yo‘llarni to‘sib olgan va savdoni belgilangan 1 metrlik me’yordan chiqarib yuborgan.

Shuningdek, do‘kon peshtoqlari matolar va tez yonuvchan plastik qoplamalar bilan to‘silgani, ayrim do‘konlarning tomida esa tez yonuvchan alyukobond ishlatilgani ma’lum bo‘lgan. Elektr simlari me’yorlarga mos emas va tartibsiz o‘tkazilgan.

Bundan tashqari, do‘konlar yong‘in haqida avtomatik xabar beruvchi qurilmalar bilan to‘liq jihozlanmagan. Yer osti suv olgichlari nosoz holatda ekani, o‘t o‘chirish burchaklarida ham kamchiliklar mavjudligi qayd etilgan.

Kamchiliklarni bartaraf etish topshirildi

Bozor faoliyati viloyat iqtisodiy sudi qarori bilan to‘xtatilgan. Bunga qadar hududni viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, soliq boshqarmasi va ishchi guruh o‘rganib chiqqan. Do‘kon egalari va bozor ma’muriyatiga kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish topshirildi. Ular to‘liq tuzatilgach, bozor faoliyati qayta tiklanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvlroq Davlat aktivlarini boshqarish agentligi dehqon bozorlarini boshqarishga xususiy sektorni jalb qilish va modernizatsiyalash jarayonlari yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli taxmin hamda savollarga izoh bergandi.

Teglar

Mavzuga oid