Logo

Turizm loyihalari uchun 100 mlrd so‘mlik jamg‘arma tashkil etiladi

Bugun 14:052 daqiqa

Mablag‘lar yangi sayyohlik maskanlari, imtiyozli kreditlar va ko‘ngilochar xizmatlarga yo‘naltiriladi.

Turizm loyihalari uchun 100 mlrd so‘mlik jamg‘arma tashkil etiladi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekistonda Turizm loyihalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish va unga 2027-yilda 100 mlrd so‘m ajratish taklif qilindi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev tanishgan Buxoroda turizmni rivojlantirish, madaniy meros obektlarini asrash va tarixiy shaharning jozibadorligini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimotida ma’lum qilindi.

Jamg‘arma mablag‘lari yangi sayyohlik maskanlarini barpo etish, tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar berish, kredit foizlarining bir qismini qoplash va zamonaviy ko‘ngilochar xizmatlarni yo‘lga qo‘yishni subsidiyalashga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, yangi loyihalar uchun 5 ming gektar yer maydonini auksionga chiqarish, 2030-yilgacha turizm infratuzilmasini rivojlantirishga 3,1 trln so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

Master-rejalar, yangi maskanlar va xorijda targ‘ibot

Taqdimotda hududlarning turizm salohiyatini master-rejalar asosida rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. 2026–2027-yillarda jami 34 ta master-reja ishlab chiqish belgilangan bo‘lib, hozirgacha ularning 13 tasi tayyorlangan.

Jumladan, Nurota tumanidagi qadimiy Koriz suv inshooti negizida ochiq osmon ostidagi muzey va dam olish maskanini barpo etish, Namanganda gulchilik turizmini rivojlantirish hamda sanatoriy-kurort hududlarini obodonlashtirish loyihalari taqdim etildi.

Bundan tashqari, To‘dako‘l turizm-rekreatsiya zonasini rivojlantirish konsepsiyasi ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, hududning tabiiy landshaftiga mos mehmonxonalar, dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlari, ekoturizm obektlari hamda suv bo‘yida zamonaviy turistik infratuzilma qurilishi rejalashtirilmoqda.

Taqdimotda O‘zbekistonning turizm salohiyatini xorijda keng targ‘ib qilish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Ustuvor tashqi bozorlarda marketing kampaniyalarini o‘tkazish, yetakchi xorijiy turoperatorlar va raqamli platformalar bilan hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Bunda xalqaro aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish, hududlar o‘rtasidagi transport aloqalarini yaxshilash, mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish va ekskursiya xizmatlari sifatini xalqaro standartlar asosida oshirish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, yirik xalqaro anjuman va forumlarni o‘tkazish muddatlarini belgilashda turizm mavsumlarini hisobga olish zarurligi ta’kidlandi. Turizm qo‘mitasiga vazirlik va idoralar bilan birgalikda bunday tadbirlarni sayyohlar oqimi nisbatan kam bo‘lgan davrlarga ko‘chirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston turizm eksportida 6 mlrd dollarlik marrani muddatidan 4 yil avval zabt etgani xabar qilingandi.

Teglar

Mavzuga oid