Aholi va korxonalarning banklardagi omonatlari bir yilda 36 foizga, banklar tomonidan ajratilgan kreditlar miqdori 13 foizga ko‘paydi. Banklar bergan kreditlarning 61 foizi so‘mda ajratilgan.
O‘zbekiston banklarining asosiy moliyaviy ko‘rsatkichlarida o‘sish kuzatildi. 2026-yil 1-noyabr holatiga banklarning jami aktivlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22 foizga oshib, 1 trillion 71 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Shu davrda banklar tomonidan ajratilgan kreditlar miqdori 13 foizga oshib, 672 trillion so‘mga yetdi. Banklarning jami kapitali esa 17 foizga ko‘payib, 155 trillion so‘mni tashkil qildi.
Banklardagi depozitlar ko‘paydi
Bir yilda banklardagi jami depozitlar 36 foizga oshib, 514 trillion so‘mga yetdi. Depozitlar kreditlarga qaraganda tezroq ko‘paydi. Shu sababli banklardagi depozitlar va berilgan kreditlar o‘rtasidagi farq qisqardi.
Xususan, o‘tgan yili banklardagi har 100 so‘m depozitga 157 so‘m kredit to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 131 so‘mni tashkil etdi. Ya’ni kreditlar hajmi depozitlardan hali ham ko‘p, ammo ular o‘rtasidagi farq avvalgi yilga nisbatan qisqargan.
Milliy valutadagi mablag‘lar ulushi oshdi
Bank aktivlari va depozitlari tarkibida so‘mdagi mablag‘lar ulushi ham ko‘paydi.
Xususan, bank aktivlari tarkibida milliy valutadagi mablag‘lar ulushi 63 foizdan 66 foizga, depozitlarda esa 79 foizdan 81 foizga yetdi.
Banklar bergan kreditlarning 61 foizi so‘mda ajratilgan. Bu ko‘rsatkich bir yilda o‘zgarmagan.
Shuningdek, 2026-yil 1-noyabr holatiga tijorat banklarining ustav kapitali 101 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 foiz ko‘p.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi qaysi banklarda mikroqarz va avtokredit past foizda berilayotgani ma’lum qilingandi.