Logo

O‘zbekistonda tansoqchilik, dron orqali kuzatuv va virtual «SOS» xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi

Kecha 20:454 daqiqa

Endi milliy gvardiya investor, tadbirkor va sayyohlarga tansoqchilik xizmati ko‘rsatishi mumkin.

O‘zbekistonda tansoqchilik, dron orqali kuzatuv va virtual «SOS» xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi © foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘riqlash xizmatlari sifati va qamrovi darajasini oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

So‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda ijtimoiy va savdo obyektlari soni 150 mingdan 500 mingtaga, uy-joylar soni esa 1,5 milliondan 8 milliontaga ko‘paydi. Tunu kun faoliyat yuritadigan savdo va xizmat ko‘rsatish ko‘chalari soni 255 taga yetdi.

«Xavfsiz shahar», «Xavfsiz poytaxt», «Obod va xavfsiz mahalla» hamda «Xavfsiz xonadon» dasturlari doirasida jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, qo‘riqlash obyektlarining soni 194 mingtadan 337 mingtaga, tezkor harakatlanuvchi guruhlar soni esa 533 tadan 630 taga yetkazildi, 6,5 mingta mahallada patrullik xizmati yo‘lga qo‘yilib, 58 ming nafar qorovulning malakasi oshirildi.

Qolaversa, qo‘riqlash xizmatlarining bugungi qamrovi va turlari aholi hamda tadbirkorlarning ortib borayotgan ehtiyojlarini to‘liq qondirmayapti.

Xizmatlar asosan davlat obyektlarini qo‘riqlash bilan cheklanib qolayotgani, sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish zarurligi qayd etildi.

Shu bois, taqdimotda qo‘riqlash faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish, aholi, tadbirkorlar, investorlar va sayyohlarning xavfsizligini, mol-mulkining ishonchli himoyasini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.

Avvalo, sohani to‘liq raqamlashtirish, mavjud beshta axborot tizimini birlashtirgan holda “Raqamli qo‘riqlash” yagona axborot tizimini joriy etish taklif qilindi.

Mazkur tizim orqali qo‘riqlash xizmatlari bo‘yicha shartnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirish, to‘lovlarga oid ma’lumotlarni onlayn olish, tezkor guruhlarning harakatini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida ehtimoliy xavf-xatarlarni oldindan aniqlash va ularning oldini olish, qo‘riqlash bo‘linmalari faoliyatini samarali boshqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Bugungi kunda mavjud oltita xizmat turiga qo‘shimcha ravishda sakkizta zamonaviy xizmat turini joriy etish taklifi bildirildi.

«Aqlli va xavfsiz uy» konsepsiyasi asosida xonadonlarga zamonaviy nazorat qurilmalarini o‘rnatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, mobil qurilmalar orqali tezkor yordam chaqirish imkoniyatini beruvchi virtual «SOS» tizimidan foydalanish ko‘zda tutilmoqda.

Investorlar, sayyohlar va tadbirkorlarga tansoqchilik xizmatlarini ko‘rsatish, oilaviy va boshqa tadbirlarda jamoat tartibini saqlash, uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida kuzatuvni amalga oshirish, mavsumiy faoliyat yurituvchi obyektlarni qo‘riqlash kabi xizmatlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Yangi qurilayotgan obyektlarni qo‘riqlashning muhandislik-texnik vositalari bilan jihozlash bo‘yicha yagona talablarni belgilash, shaharsozlik normalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish taklif etildi.

Fuqarolarning mol-mulklarini himoya qilish maqsadida ko‘p kvartirali uylarda texnik qo‘riqlash (domofon va tashvish tugmalarini o‘rnatish) xizmatidan foydalanish amaliyotini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Qo‘riqlash sohasida xususiy sektor imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun zarur huquqiy va tashkiliy sharoitlarni yaratish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Jumladan, xususiy tashkilotlar tomonidan qo‘riqlashning texnik vositalarini o‘rnatish, sozlash va ularga xizmat ko‘rsatishning yagona tartibi va talablarini belgilash ko‘zda tutilgan.

Qo‘riqlashning zamonaviy texnik vositalarini mahalliylashtirish, milliy dasturiy ta’minot va qurilmalar ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha rejalar taqdim etildi.

Qayd etilganidek, mahalliylashtirish darajasini 30 foizdan 60 foizga, qurilmalar ishlab chiqarish quvvatini oyiga 10 mingtadan 30 mingtaga yetkazish hisobiga ularning tannarxini 1,7 barobar arzonlashtirish imkoniyati mavjud.

Sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida Milliy gvardiyaning qo‘riqlash faoliyatiga oid vakolatlarini kengaytirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Xususan, Milliy gvardiya tomonidan qo‘riqlanishi mumkin bo‘lgan obyektlar turlarini 13 tadan 24 taga yetkazish, jismoniy va texnik qo‘riqlash, tansoqchilik hamda turli tadbirlarda jamoat tartibini saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish taklif qilindi.

Shu bilan birga, majburiy tartibda qo‘riqlanishi lozim bo‘lgan obyektlar toifalarini qonunchilikda belgilash, idoraviy qo‘riqlash bo‘linmalarining huquq-tartibot organlari bilan o‘zaro hamkorligi tartibini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.

Taklif etilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2027 yilda qo‘riqlashga olingan obyektlar sonini 600 mingtaga, tezkor harakatlanuvchi guruhlar sonini 800 taga yetkazish, qo‘shimcha 1,5 mingta mahallada patrullik xizmatini tashkil etish maqsadida qo‘riqlash xizmati xodimlari sonini 8 mingtaga oshirish maqsad qilingan.

Davlatimiz rahbari qo‘riqlash tizimini takomillashtirishda, avvalo, inson manfaatlari, aholining osoyishtaligi va mol-mulki daxlsizligini ta’minlash ustuvor vazifa bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

Mutasaddilarga aholi uchun sifatli va hamyonbop xizmatlarni yo‘lga qo‘yish hamda mas’ul idoralarning xalq va davlat manfaatlaridan kelib chiqib, hamjihatlikda ishlashini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Teglar

Mavzuga oid